Kontent qismiga oʻtish

Avtobachi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Avtobachi – Karmana-Navoiy va Buxoro vohalari oraligʻidagi plato. Zarafshon daryosining shimolida joylashgan. Avtobachi Zarafshonning qadimgi allyuviy yotqiziklaridan tashkil topgan. Allyuvial yotqiziqlarni Zarafshon daryosi kesib oʻtib, shimolida Avtobachi va janubida Qiziltepa platolarini hosil qiladi. Avtobachi yon-atrof tekisliklaridan 4–5 m koʻtarilgan. Echkili dashti deb atalgan gʻarbiy qismi bora-bora Qizilqumga tutashib ketgan. Avtobachining usti yassi tekislik, unda yotiq yon bagʻirli va yassi tubli pastqamliklar mavjud boʻlib, bir vaqtlar suv oqqan oʻzanlarning izlari saqlangan. Tubi taqirli botiqlar ham bor. Avtobachi neogen davrining qum-tosh, gil, mergel jinslari, Zarafshon daryo-sining qadimgi silliqlangan shagʻal toshlaridan iborat qisqa antiklinal ustida tarkib topgan. Shagal toshlar 20 m chuqurlikkacha, ya’ni konglomeratlargacha sementlashgan, qatlamlar orasida qumtoshning yupqa qatlamchalari uchraydi. Shagʻal toshlarning yuqori qismi (2 m chuqurlikkacha) gipslashgan. Ular ustida sergips qumoq va qumloqlar mavjud. Grunt suvlari konglomeratlarda 10 – 25 m chuqurlikda shoʻrlangan (1 l suvda 10–12 g tuz bor), daryo vodiysiga yaqinlashgan sari su-vining shoʻrligi kamayadi. Avtobachida shoʻrtob boʻz-qoʻngʻir tuproqlar tarqalgan, tarkibida gips miqdori koʻp (20–30% va undan ziyod). Biyurgʻun, boyalich, shuvoq va boshqa choʻl oʻsimliklari oʻsadi. Yaylov chorvachiligida foydalaniladi.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil