Avtomorf tuproq
Avtomorf tuproq (yunoncha soʻzdan olingan boʻlib, autos – oʻzi va morphe – koʻrinish, shakl degan maʼnoni anglatadi) – zot va yer usti suvlari taʼsirida ortiqcha namlanishga chalinmaydigan tuproq. Sugʻorma dehqonchilik mintaqalarida sizot suvlarining sathi yer yuzasidan 5 m va undan chuqurlikda joylashgan boʻlsa, bunday tuproqlar avtomorf tuproq hisoblanadi. Choʻl zonasidagi sur-qoʻngʻir tuproqlar, qumli va qumoq choʻl tuproqlar, taqirsimon va taqir tuproqlar; sugʻoriladigan zonalarda esa och tusli, tipik (oddiy) va toʻq tusli boʻz tuproqlar avtomorf tuproq boʻlishi mum-kin. Avtomorf tuproq tushunchasi tasnifiy ahamiyatga ega boʻlmasada, bunday tuproqlardan dehqonchilikda foydalanish tarzini aniqlash, agrogidromeliorativ tadbirlarni, ayniqsa, sugʻorish rejimini toʻgʻri tanlashda muhim ahamiyatga ega. Avtomorf tuproqning sugʻorish rejimi yarim gidromorf va gidromorf tuproqlardan farq qilib, odatda yuvilmaydigan tipda boʻladi va bunda sugʻorish tuproqning faqat yuqori 70 – 100 sm qatlaminigina (ildizlar eng koʻp tarqaladigan qatlam) namlashga moʻljallanadi. Biroq Avtomorf tuproqda yetishtiriladigan madaniy oʻsimliklarni tez-tez sugʻorishga toʻgʻri keladi. Avtomorf tuproqni irrigatsiya maqsadida oʻzlashtirishda kollektor-drenaj shoxobchalari qurishning hojati yoʻq. Avtomorf tuproqda gidromorf tuproqlarga qaraganda gumus miqdori kamroq, lekin oʻsimlik uchun foydali gumin kislotasi mavjud. Shu sababli avtomorf tuproq dehqonchilik nuqgai nazaridan gidromorf tuproqlardan ustun turadi.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |