Kontent qismiga oʻtish

Axborot jamiyati

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

„Axborot jamiyati“ — bu zamonaviy xalqlar jamiyatlarida, ayniqsa Ikkinchi jahon urushidan keyin axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining jadal rivojlanishi va keng qoʻllanishi bilan bogʻliq ijtimoiy, iqtisodiy, texnologik va madaniy oʻzgarishlarni tavsiflash uchun ishlatiladigan keng atama.[1] Axborot jamiyati — bu axborotni yaratish, tarqatish va manipulyatsiya qilish eng muhim iqtisodiy va madaniy faoliyatga aylangan jamiyat. Axborot jamiyati iqtisodiy asosi asosan sanoat yoki agrar jamiyatlarga qarama-qarshi boʻlishi mumkin. Axborot jamiyatining dastgohlari stanoklar yoki pulluklar emas, balki kompyuterlar va telekommunikatsiyalardir.[2]

Axborot jamiyati — ishchilarning koʻpchiligi axborotni, ayniqsa uning eng yuqori shakli — bilimni ishlab chiqarish, saqlash, qayta ishlash va sotish bilan shugʻullanadigan jamiyat.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiya sohasidagi taraqqiyot barchaning hayot tarzini oʻzgartirmoqda: qanday ishlash va biznes qilish, farzandlarga qanday taʼlim berish, oʻqib-oʻrganish va tadqiqot qilish, qanday zavq olish — bularning barchasi zamonaviy axborot texnologiyalari taʼsirida oʻzgarmoqda. Axborot jamiyati nafaqat odamlarning oʻzaro munosabatlariga taʼsir qilmoqda, balki anʼanaviy tashkiliy tuzilmalarni yanada moslashuvchan va markazlashtirilmagan boʻlishini talab qilmoqda.[3]

Axborot jamiyati tushunchasi asrimizning eng dolzarb fenomenlaridan biri boʻlib, koʻplab mutaxassislar oʻz ishlarida shu tushunchaga oʻz tavsiflarini berishgan. Quyida shulardan eng ommaboplarini koʻrib chiqamiz:

  1. Axborot jamiyati tushunchasi — axborot-kommunikatsiya texnologiyalari toʻliq qoʻllangan va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning omili sifatida kundalik hayotning bir qismi boʻlgan mamlakat yoki mintaqani nazarda tutadi.[4]
  2. Axborot jamiyati — bu axborotni yaratish, tarqatish, foydalanish, birlashtirish va manipulyatsiya qilish muhim iqtisodiy, siyosiy va madaniy faoliyat boʻlgan jamiyat.[5]
  3. Axborot jamiyati shunday jamiyatki, unda asosiy mahsulot yoki boshqa mahsulotlar uchun zaruriy shart axborot boʻladi. Aslida, axborot jamiyatida ishchilarning natijalari va tashkilotlarning muvaffaqiyati ularning axborotdan foydalanish qobiliyatiga bogʻliq.[6]
  4. Axborot jamiyati — bu axborot kommunikatsiya texnologiyalariga asoslangan ijtimoiy munosabatlar yigʻindisidir. Ushbu jamiyatning diqqat markazida axborot bilimga taʼsir qiluvchi element sifatida koʻriladi.[7]
  5. Axborot jamiyati — bu asosiy drayverlari raqamli axborot-kommunikatsiya texnologiyalari boʻlgan postindustrial jamiyat.[8]
  6. Axborot jamiyati — aksariyat fuqarolarning kundalik hayotida va ish joylarida yuqori darajadagi axborot intensivligi bilan ajralib turadigan jamiyat; bu jamiyatda shaxsiy, ijtimoiy, taʼlim va biznes faoliyatining keng doirasi uchun umumiy yoki mos keluvchi texnologiyalardan foydalanish hamda masofadan qatʼiy nazar joylar oʻrtasida raqamli maʼlumotlarni tezlik bilan uzatish, qabul qilish va almashish imkoniyati mavjud boʻladi.[9]

Axborot jamiyatlari sanoat jamiyatlaridan farq qiladi. Bunga bir qancha sabablar keltirsak boʻladi. Masalan:

  • ular axborotga, ayniqsa, ilmiy-texnikaviy axborotga tovar sifatida qaraydilar;
  • ular oʻz iqtisodlarida koʻp sonli „axborot xodimlari“ni ish bilan taʼminlaydilar;
  • axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va kanallari sermahsul va keng qoʻllanadi;
  • texnologiyalar va kanallardan foydalanish odamlarga „oʻzaro bogʻliqlik“ tuygʻusini beradi.[10]

„Axborot jamiyati“ atamasi garchi kompyuterlashtirish keng tarqalib, axborot va raqamli texnologiyalar faol rivojlana boshlagan paytda qoʻllanila boshlangan boʻlsada, 1940-yillarda kibernetikaning paydo boʻlishi bilan „axborot jamiyati“ tushunchasi paydo boʻlgan edi. Bu tushuncha amerikalik olimlar K. Shennon, N. Wiener, D. fon Neumann, ingliz mutafakkiri va kriptografi A. Tyuring, rus matematiki A. N. Kolmogorov kabi olimlarning nomlari bilan bogʻliq. „Axborot jamiyati“ atamasining yaponcha versiyasi 1961-yilda Kisho Kurokava va Tadao Umesao oʻrtasidagi suhbatda paydo boʻlgan.[11] Keyinchalik bu atama T.Umesao va F.Machlup asarlarida qoʻllangan boʻlib, ular deyarli bir vaqtda — Yaponiya va AQShda paydo boʻlgan.

1992-yildan boshlab bu atama Gʻarb davlatlari tomonidan qoʻllanila boshlandi, masalan, AQShda „Milliy global axborot infratuzilmasi“ tushunchasi Milliy fan fondining mashhur konferensiyasi va undagi Bill Klinton va Albert Gorning mashhur maʼruzalaridan soʻng kiritildi. Axborot jamiyati kontseptsiyasi Yevropada axborot jamiyati boʻyicha eng obroʻli ekspertlardan biri Martin Bangemann boshchiligidagi Yevropa Komissiyasining axborot jamiyati dasturlari boʻyicha ekspert guruhi faoliyatidan kelib chiqdi.[12]

Insoniyatning „axborot jamiyati“gacha bosib oʻtgan yoʻli

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Axborot hamisha jamiyat hayotida ham, alohida shaxs hayotida ham muhim oʻrin egallagan. Insoniyat tarixida  axborotlarni yigʻish, saqlash va uzatish vositalarining rivojlanish jarayoni bir tekis kechmagan  va bir necha bor axborot sohasida „Informatsion inqilob“ deb ataluvchi  global ahamiyat kasb etuvchi hodisalar yuz bergan.

Birinchi informatsion inqilob

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Birinchi informatsion inqilob yozuvning kashf etilishi bilan bogʻliq. Yozuv insoniyatga bilimlarni toʻplash va uni avlodlarga uzatish imkonini berdi.Oʻz yozuviga ega boʻlgan sivilizatsiyalar boshqalariga nisbatan yuqori iqtisodiq va madaniy darajaga erishganligi maʼlum. Bunga misol qilib, Qadimgi Misr, Mesopatamiya, Xitoy kabilarni keltirish mumkin.Bu borada piktografik va ieroglifik  yozuvdan alifboli yozuvga oʻtish  alohida ahamiyatga ega boʻldi.

Ikkinchi informatsion inqilob

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ikkinchi informatsion inqilob XVI asr oʻrtalarida kitob bosishning ixtiro qilinishi bilan bogʻliq. Bu hodisa axborotlarni saqlabgina qolmay, ularni ommaga yoyish imkoniyatini yaratdi. Savodxonlik alohida tabaqalar doirasidan chiqib, ommaviy tusga kirdi. Bular ilmiy texnika rivojlanish jarayonini tezlashtirdi. Kitoblar bilimlarning alohida mamlakat chegarasidan chiqib, umuminsoniy sivilizatsiya yaratilish jarayoniga turtki boʻldi.

Uchinchi informatsion inqilob

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Uchinchi informatsion iqilob XIX asr oxirida boʻlgan aloqa vositalarining taraqqiyoti bilan bogʻliq. Telegraf, telefon va radio maʼlumotlarni turli masofalarga operativ uzatish va qabul qilish imkonini berdi. Insoniyat taraqqiyotining aynan  shu bosqichi „globallashuv“ jarayonining debochasi boʻlib qoldi. Axborot uzatish vositalarining taraqqiyoti tezkor va ishonchli aloqa vositalariga muxtoj boʻlgan fan va texnikaning  gurkirab rivojlanishiga olib keldi.

Toʻrtinchi informatsion inqilob

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Toʻrtinchi informatsion inqilob  XX asrning 70-yillarida mikroprotsessorli texnika va xususan, shaxsiy kompyuterlarning paydo boʻlishi bilan bogʻliq. Shuni taʼkidlab oʻtish lozimki, axborot revolyutsiyasiga  XX asr oʻrtalarida kompyuterlarning paydo boʻlishi emas, mikroprotsessorli tizimlarning keng tarqalishi sabab boʻldi. Ushbu jarayon axborotlarni saqlash va izlash tizimlarini radikal oʻzgartirib, kompyuterli telekommunukatsiyalarning paydo boʻlishi va rivojlanishiga olib keldi. Aynan toʻrtinchi information inqilob „Axborot jamiyati“ rivogiga asos boʻldi.  Buning natijasida axborotning katta oqimlari vujudka keldi. XX asr oʻrtalarida ushbu holatni „Informatsion portlash“ deb ham atashdi. Mutaxassislar fikriga koʻra, 1900-yilgacha bilimlarning toʻplanishi va rivojlanishi juda sekinlik bilan borgan boʻlsa, 1900-yildan keyin har 50 yilda 2 baravarga, 1950-yildan keyin har 10 yilda 2 baravarga, 1970-yildan boshlab, har 5 yilda , XX asr oxiridan boshlab har yili 2 baravarga ortib bormoqda.[13]

Asosiy mazmuni

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bir qator siyosatshunoslar va siyosiy iqtisodchilar axborot jamiyati kontseptsiyasini postindustrializmdan ajratib turuvchi jihatlari mavjudligini taʼkidlaydi. Biroq, axborot jamiyati kontseptsiyasi postindustrial jamiyat nazariyasini almashtirishga qaratilgan boʻlsa-da, uning tarafdorlari texnokratiya va anʼanaviy futurologiyaning bir qator eng muhim qoidalarini takrorlaydi va yanada rivojlantiradi. Postindustrial jamiyat nazariyasini shakllantirgan D.Bell hozirda axborot jamiyati kontseptsiyasi tarafdorlari sifatida harakat qilmoqda. Bellning oʻzi uchun axborot jamiyati kontseptsiyasi postindustrial jamiyat nazariyasi rivojlanishining oʻziga xos yangi bosqichiga aylandi. Bell taʼkidlaganidek, „kompyuter markaziy rol oʻynaydigan axborot va bilimlarni tashkil etish va qayta ishlash sohasidagi inqilob men postindustrial jamiyat deb atagan kontekstda rivojlanmoqda“.[14]

Jeyms Martinning fikricha esa, axborot jamiyati deganda birinchi navbatda Gʻarbda vujudga kelgan „rivojlangan postindustrial jamiyat“ tushuniladi. Uning fikricha, axborot jamiyati birinchi navbatda 1960-1970-yillarda postindustrial jamiyat shakllangan mamlakatlarda — Yaponiya, AQSH va Gʻarbiy Yevropada tashkil etilgani bejiz emas.Jeyms Martin quyidagi mezonlar boʻyicha axborot jamiyatining asosiy xususiyatlarini aniqlash va shakllantirishga harakat qildi:

  • Texnologik mezon: ishlab chiqarishda, muassasalarda, taʼlim tizimida va kundalik hayotda keng qoʻllanadigan axborot texnologiyalari asosiy omil hisoblanadi.
  • Ijtimoiy mezon: axborot hayot sifatini oʻzgartirish uchun muhim stimulyator vazifasini bajaradi, axborotdan keng foydalanish imkoniyati bilan "axborot ongini" shakllantiradi va tasdiqlaydi.
  • Iqtisodiy mezon: axborot resurs, xizmat, mahsulot, qoʻshilgan qiymat manbai va bandlik sifatida iqtisodiyotning asosiy omili hisoblanadi.
  • Siyosiy mezon: aholining turli tabaqalari va ijtimoiy qatlamlari oʻrtasida oʻsib borayotgan ishtirok va konsensus bilan tavsiflangan siyosiy jarayonga olib keladigan axborot erkinligi.
  • Madaniy mezon: shaxs va umuman jamiyat taraqqiyoti manfaatlari yoʻlida axborot qadriyatlarini oʻrnatishga koʻmaklashish orqali axborotning madaniy qiymatini tan olish.[15]

Shu bilan birga, Martin muloqot „axborot jamiyatining asosiy elementi“ degan gʻoyani taʼkidlaydi.

Yana bir britaniyalik sotsiolog Frenk Vebster ham axborot jamiyatini aniqlash uchun foydalanish mumkin boʻlgan beshta asosiy maʼlumot turini qayd etadi: texnologik, iqtisodiy, kasbiy, fazoviy va madaniy. Vebsterning soʻzlariga koʻra, maʼlumotlarning xarakteri bizning bugungi hayot tarzimizni oʻzgartirdi. Biz oʻzimizni qanday tutishimiz nazariy bilim va maʼlumotlarga asoslanadi.[16]

  1. „Description Of Information Society,“.
  2. „https://www.techtarget.com/whatis/definition/Information-Society“.
  3. Chair's conclusions from the G-7 Ministerial Conference on the Information Society, February 1995.. 
  4. Integration of Policies and Regulatory Frameworks for the Convergent ICT Industry in Nigeria, Wole Michael Olatokun (University of Ibadan, Nigeria). 
  5. The Implementation of Modern Information Technologies in Educational Fields, Anatoly A. Aleksandrov (Bauman Moscow State Technical University, Russia), Andrey V. Proletarsky (Bauman Moscow State Technical University, Russia), Konstantin A. Neusypin (Bauman Moscow State Technical University, Russia) and Kai Shen (Beijing Institute of Technology, China). 
  6. Application of Wireless Data Grids for Health Informatics, Omer Mahmood (Charles Darwin University, Australia). 
  7. Behind the Post-Truth World: A Philosophical Perspective on Information and Media Literacy. Daniel Martínez-Ávila (Universidad Carlos III de Madrid, Spain), Mariana Rodrigues Gomes de Mello (Sao Paulo State University, Brazil), Ellen Valotta Elias Borges (Sao Paulo State University, Brazil) and Selma Leticia Capinzaiki Ottonicar (Sao Paulo State University, Brazil). 
  8. Insights Into University-Business Cooperation in the Information Society: A Romanian Project for Higher Education. Lorena Clara Mihăeş (University of Bucharest, Romania) and Manuela Epure (Spiru Haret University, Romania). 
  9. "The Net Result - Report of the National Working Party for Social Inclusion." the IBM Community Development Foundation report, 1997. 
  10. „TechTarget Contributor Information Society.DEFINITION“.
  11. Information Society – what is it exactly? (The meaning, history and conceptual framework of an expression). László Z. Karvalics. Budapest, March-May 2007. page 5.. 
  12. „Что такое информационное общество? Информационное общество и государство“.
  13. „Boboho`jayeva N. Axborotlashgan jamiyat tushunchasi“.
  14. „Daniel Bell - The Information Age - 1973“.
  15. William J. Martin, The Global Information Society. 
  16. Theories of the Information Society Third edition. Frank Webster.