Aytishuv
Aytishuv (qirgʻizcha: „айтыс“, „айтыш“) – folklor janri. Turkiy xalqlar ogʻzaki ijodida aytishuv badihagoʻy xalq shoirlari, baxshi, jirov, oqin, xalfa va laparchilarning oʻziga xos musobaqasi, mushoira yoʻli va ular isteʼdodini belgilovchi oʻziga xos sinov hisoblanadi[1][2].
Bundan tashqari, biror epik mazmundagi folklor asarlari tarkibida ham uchraydi. Xususan, „Goʻroʻgʻli“ turkum dostonlari, „Oshiq Gʻarib va Shohsanam“, „Bozirgon va Goʻrugʻli“ singari dostonlar qahramonlari faoliyatini yana ham yorqin namoyon etishda, ularning sheʼriy isteʼdodi, quvvayi hofizasi qay darajadaligini koʻrsatishda aytishuvlardan foydalanilgan.
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Aytishuv janri XIX asrda keng tarqalgan boʻlib, xalq baxshilari, oqinlari, jirovlari xalq oldida badiha yoʻli bilan belgilangan mavzu doirasida oʻzaro ijodiy musobaqa qilishgan. Unda tanlangan mavzudan chiqib ketmaslik, anʼanaga rioya etishlik, badiiy mahorat darajasi, tinglovchilarga mos kuylashlik kabi mezonlar hisobga olingan. Aytishuv faqat xalq baxshilari, shoirlari, jirovlari, oqinlari oʻrtasidagi ijodiy musobaqa boʻlib qolmay, oʻz navbatida, xalq milliy marosim va anʼanalarida yigitlar bilan qizlarning yoki ikki guruhning oʻzaro sezgirlik, zukkolik va hozirjavoblik koʻrigi sifatida ham mashhurdir. Aytishuvning yozib olingan namunalari oʻzbek folklori arxivlarida ham mavjud[3].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ I. A. Akbarov. Музика луғати. Toshkent: Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti, 1987.
- ↑ I. A. Akbarov. Мусиқа луғати. Toshkent: Oʻqituvchi nashriyoti, 1997 — 384-bet. ISBN 5-645-02422-2.
- ↑ "Aytishuv" OʻzME. A-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |