Matluba Azimjonova

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Azimjonova Matlubadan yoʻnaltirildi)

Azimjonova Matluba Muhammadjonovna -Markaziy Osiyoda Neonatologiya asoschisi[1], pediatr, gematolog. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni Saqlash Vazirligi Pediatriya ilmiy — tekshirish Instituti „Neonatologiya“ boʻlimining tashkilotchisi, rahbari,Tibbiyot fanlari doktori, Professor.

Azimjonova Matluba Muhammadjonovna
Азимджанова Матлюба Мухаммеджановна
Tavalludi 5-iyun 1939-yil
Toshkent
Vafoti 16.12.2009
Istiqomat joylari Toshkent
Fuqaroligi O'zbekiston
Millati Oʻzbek
Sohasi neonatologiya, pediatriya, gematologiya
Ish joylari Respublika 7-birlashgan bolalar kasalxonasi
Toshkent shifokorlar malakasini oshirish instituti
Toshkent tibbiyot akademiyasi
Institutlar Toshkent tibbiyot akademiyasi
Ilmiy unvoni Tibbiyot fanlari doktori, Professor
Mukofotlari „Mehnat faxriysi“
"Sogʻliqni saqlash a’lochisi"

Hayoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

1939-yil 5-iyunda Toshkent shahrida xizmatchi oilasida tugʻildi. Oʻrta maktabni tamomlagandan soʻng Toshkent tibbiyot institutining pediatriya fakultetiga oʻqishga kirdi.1967—1970-yillarda esa Tibbiyot Fanlar Akademiyasi aspiranturasida oʻqiydi.[2]

Mehnat faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Institutni tamomlagach, 1963—1965-yillar davomida 7-birlashgan bolalar kasalxonasida uchastka pediatri boʻlib ishlaydi, soʻng Ittifoq Tibbiyot Fanlar Akademiyasining pediatriya institutida tadqiqotchi-stajyor sifatida ishlaydi. 1974-yildan boshlab Matluba Muhammadjonovnaning pedagogik faoliyati boshlanadi. U Toshkent shifokorlar malakasini oshirish institutida yangi tugʻilgan chaqaloqlar fiziologiyasi va patologiyasi tsikli boʻyicha stajirovka doirasiga rahbarlik qildi. 1989-yildan boshlab Toshkent pediatriya tibbiyot institutining 2-pediatriya kafedrasida faoliyat koʻrsata boshladi.1992-yilda shu kafedraning ikkinchi professori, 1998-yildan boshlab esa neonatologiya kafedrasining professoridir. Oʻzining mexnat faoliyati uchun professor Matluba Azimjonova „Mehnat faxriysi“, „Sogʻliqni saqlash a’lochisi“ nishoni va qator faxriy yorliqlar bilan mukofotlangan.[2]

Ilmiy faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

M.Azimjonova nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagandan soʻng respublikada birinchi boʻlib chala tugʻilgan bolalarni parvarish qilish boʻlimlarini tashkil qilish, ularning parvarish usullarini takomillashtirish, ovqatlantirish muammolari bilan shugʻullandi.

Uning ilmiy izlanishlari va klinik kuzatishlari natijalari chala tugʻilgan chaqaloqlarning ikkinchi bosqich parvarish boʻlimlarini tashkil qilish ishining printsiplari, ularni ovqatlantirish masalalari boʻyicha uslubiy tavsiyanomalar ishlab chiqish imkoniyatini berdi.[2]

Professor M.Azimjonova tomonidan ilk bora Oʻrta Osiyo mintaqalarida oy kuni yetmasdan tugʻilgan bolalarda sepsis kasalligining klinik kechish xususiyatlari, ayrim asoratlarining, xususan kamqonlikning rivojlanish mexanizmlari, bolaning immun holatining oʻzgarish jarayonlari ishlab chiqildi.

1992-yil davomida Matluba Muhammadjonovna Amerikaning "Crosslink International" korporatsiyasi olimlari bilan birgalikda Qoraqalpogʻiston Respublikasining Moʻynoq tumanida kamqonlik kasalligining tarqalish darajasini oʻrgandi. Shu korporatsiyaning taklifi bilan 1993-yildan u Amerikaning uchta shtatida boʻlib, ulardagi tugʻruqxonalar ishining tashkil qilish, chaqaloqlar va yangi tugʻilgan chaqaloqlar boʻlimlari, reanimatsiya va jadal davolash boʻlimlari faoliyati bilan tanishib qaytdi.

Professor M. M. Azimjonova Sogʻliqni saqlash vazirligi hay’at yigʻilishlarida bir necha marta erta neonatal davri va neonatal davri kasalliklari hamda oʻlim sabablari, ularni kamaytirish yoʻllari toʻgʻrisidagi masalalarni koʻtarib chiqdi. Bu takliflar vazirlikning tugʻish yoshidagi ayollar, tuqqan ayollar va ularning chaqaloqlarini sogʻlomlashgirish toʻgʻrisidagi maxsus buyrugʻiga asos boʻldi.[2]

M.Azimjonovaning ilmiy izlanishlari natijalari toʻrtta monografiya, 150 tadan ortiq ilmiy maqola, 25 tadan koʻp uslubiy tavsiyanomalarda oʻz aksini topgan. U bitta mualliflik va 6 ta ixtirochilik guvohnomasini olgan. Uning rahbarligida 3 ta doktorlik, 14 ta nomzodlik dissertatsiyalari himoya qilingan.[2]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. http://pediatriya.uz/neonatologiya/?lang=uz
  2. 2,0 2,1 2,2 2,3 2,4 „Azimjonova-Matluba-Muhammadjonovna haqida akademiklar.uz“.