Azizim (roman)
Azizim | |
---|---|
Bel-Ami | |
Asosiy maʼlumotlar | |
Janr | tarbiyaviy roman |
Muallif | Gi de Mopassan |
Orginal tili | fransuz |
Yozilgan sana | 1885 |
Avvalgi | Une vie |
Keyingi | Mont-Oriol |
Azizim (roman) |
„Azizim“ (fransuzcha: Bel-Ami) – fransuz yozuvchisi Gi de Mopassanning 1885-yilda nashr etilgan romani. Ushbu roman yuqori martabaga koʻtarilishni orzu qiluvchi qahramonning sarguzashtlari haqida hikoya qiladi. Asar bosh qahramoni hech qanday alohida isteʼdodga ega boʻlmasa-da, birgina kelishgan tashqi koʻrinishi orqali har qanday xonimning qalbini zabt eta oladi, uning vijdoni esa har qanday bemaʼnilikni kechira oladi.
Syujeti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Bosh qahramon Jorj Dyurua juda kelishgan yigit, ammo Parijda juda muhtojlikda hayot kechiradi. Bir kuni u Afrikada u bilan birga xizmat qilgan eski askar sherigi Charlz Foresteni uchratadi. Allaqachon muvaffaqiyatli jurnalistga aylangan doʻsti Charlz ayni damda kechki ovqat ziyofatini uyushtirishni rejalashtirayotgan boʻladi va bu ziyofatga Jorjni ham taklif qiladi. Shu bilan birga Foreste Dyuruaga oʻzini jurnalistikada sinab koʻrish taklifini beradi.
Kechki ovqat paytida Jorj Charlzning rafiqasi Madlena, uning doʻsti Klotilda de Marel, Forestening xoʻjayini va bir vaqtning oʻzida yirik biznesmen janob Valter, shuningdek, jurnalistning bir nechta hamkasblari bilan uchrashadi. Dyurua stoldagi barcha suhbatdoshlarni maftun etadi. Forestening xoʻjayini Valter uni yoqtirib qoladi va Dyurua undan „Afrika oʻqchisining xotiralari“ nomli maqola yozish vazifani oladi. Dyurua maqolani yozish uchun biror gʻoya oʻylab topishga qanchalik harakat qilsa ham urinishlari muvaffaqiyatsizlikka uchrayveradi. Shundan soʻng u Madlenaga yordam soʻrab murojaat qiladi va Madlena unga ajoyib maqola yozib beradi. Dyuraning ilk maqolasi Valter tomonidan qabul qilinadi va unga ushbu maqolaning davomini yozish vazifasi topshiriladi.
Maqolaning davomini yozish uchun Jorj Dyurua yana Madlenaga murojaat qilishga harakat qiladi, lekin Foreste uning bu qilmishidan gʻazablanadi va xotiniga Jorjga bu masalada yordam berishini taʼqiqlaydi. Jorj Dyurua maqolani bir necha marta qayta yozadi, lekin maqola qabul qilinmaydi. Keyin esa unga maqola uchun maʼlumot toʻplash vazifasi topshiriladi. Dyurua buni Sen-Poten ismli gazeta xodimidan oʻrganadi.
Tez orada Jorj muvaffaqiyatli muxbirga aylanadi, uning isteʼdodi rahbarlarining eʼtiboridan chetda qolmaydi. Jorj yaxshi pul topadi, lekin boy boʻlolmaydi. U yuqori martabali ayol Klotilda de Marel bilan tanishadi va uning sevgilisiga aylanadi. Klotilda de Marelning kichik qizi Lorina Dyuruani yaxshi koʻrib qoladi va unga azizim taxallusini beradi. Tez orada Jorj bilan muloqot qiladigan barcha xonimlar uni shu taxallus bilan chaqira boshlaydilar. Klotilda doim unga pul masalasida yordam beradi, ammo bir kuni Jorj bundan gʻazablanadi va qoʻliga pul tushishi bilanoq hammasini qaytarib berishga vaʼda beradi, ammo bu qarzini qaytarish uchun pul topa olmaydi.
Bu orada janob Forestyening ahvoli yomonlashadi va u davolanish uchun Kannga joʻnaydi. U yerdan Dyuruaga Madlenadan telegramma keladi, Forestye oʻlim toʻshagida yotgani sababli Madlenna undan zudlik bilan yetib kelishini soʻraydi. Jorj kelishi bilan Charlz ham vafot etadi va Jorj Madlenaga unga turmushga chiqishini taklif qiladi. Madlena Jorjning zodagonlik unvoniga ega boʻlishi va uning odatdagi turmush tarziga, eski doʻstlari bilan uchrashuvlariga xalaqit bermasligi sharti bilan Madam Dyurua boʻlishga rozi boʻladi. Tez orada Jorj janob Dyu Rua de Kantelga (ism-familiyasiga tugʻilgan joyining nomi qoʻshib aytiladi) aylanadi va Madlenaga uylanadi. Biroq shu bilan birga Jorj Klotilda bilan sevgi munosabatlarini ham qayta yangilaydi.
Madlena Dyuruaga maqolalar yozishda yordam beradi, Jorjning maqolalari Forestyening eski maqolalariga oʻxshab ketayotgani uning atrofidagilarga sezilib boraveradi. Jorj gazetada Forestyening oʻrnini egallaydi va hamkasblari uni oʻlgan doʻstining ismini tasodifan aytib chaqirganday uni masxara qilishni boshlaydilar. Bundan gʻazablangan Jorj Madlenani oʻlgan doʻstidan rashk qilib, uni xiyonatda gumon qila boshlaydi.
Jorj ishlaydigan gazeta oʻrta darajadan yetakchi siyosiy nashrga aylanadi. Madlena turli siyosiy va dunyoviy qarashlarga ega kishilar bilan tanishadi va ulardan turli maʼlumotlar toʻplaydi. Madlena va Jorj birgalikda ishlagan holda eski hukumatni agʻdarish va vazirlik lavozimini Madlena va Valterning eski doʻsti Larosh-Matyega topshirilishiga yordam beradigan maqolalar yozadilar. Dyuruaning uyi yirik siyosiy makonga aylanadi, Jorj Larosh-Matyening buyurtmasiga koʻra maqolalar yoza boshlaydi.
Oradan koʻp vaqt oʻtmay, Dyurua Madlenadan qasos olishni istaydi. Xoʻjayinining xotini Valter xonimni yoʻldan ozdiradi, Valter xonim esa erining Marokash obligatsiyalari bilan bogʻliq katta moliyaviy firibgarlik sirini Jorjga ochib beradi.
Madlenaning eski doʻsti graf Vodrek vafot etadi (asarda Madlena uning sevgilisi ekanligiga ishora bor) va u Madlenaga meros sifatida million frank qoldiradi. Dyuruaning xotini graf Vodrekning sevgilisi ekanligiga ishonchi komil boʻladi va u xotinini unga pulning yarmini berishga majbur qiladi, aks holda turmush qurgan ayolning keksa grafdan meros olishi jamiyatda koʻplab mish-mishlarga sabab boʻlishini aytadi. Shunday qilib u, nihoyat, oʻzi istaganidek boy-badavlat insonga aylanadi. Ayni damda Valterning obligatsiyalari boʻyicha firibgarlik ishi sodir boʻladi va bu ham Dyuruaning mamlakatdagi eng boy odamlardan biriga aylanishiga sabab boʻladi. Jorj Valterga hasad qiladi va endilikda shu vaqtga qadar u bilan yaxshi munosabatda boʻlib kelgan Valterning qizi Syuzannaga uylana olmasligidan afsuslanadi.
Shundan soʻng Jorjning navbatdagi ishqiy munosabatlari uning sobiq sevgilisi Klotilda de Marel va Valterning rafiqasi bilan davom etadi. Valterning rafiqasi keksa, juda taqvodor, qatʼiy va oʻqimishli ayol boʻlib, dastlab uzoq vaqt davomida Dyuruaning unga boʻlgan munosabatlariga qarshilik koʻrsatadi, lekin keyinchalik xuddi girdob ichiga tushib qolgandek Dyurua bilan ishqiy munosabatlarga shoshiladi. Valter xonim tezda Jorjning joniga tegadi, Jorj undan har tomonlama qocha boshlaydi, u Jorjga juda koʻp muammolar tugʻdira boshlaydi. Bu esa Jorjni yanada bezovta qiladi. Shu bilan birga Klotilda bilan munosabatlar ham silliq kechmaydi, lekin Klotilda har safar, hatto Dyuruaning Madlenaga uylangani, oʻziga boshqa maʼshuqa topganidan keyin ham uni kechiraveradi.
Keyinchalik, Valterning qiziga uylanish va bu orqali katta mahr olish haqida oʻylay boshlagan Jorj axloq politsiyasiga shikoyat qiladi va xotinini Larosh-Matye bilan xiyonat ustida qoʻlga tushiradi, buning natijasida u vazirni oʻz vazifasidan agʻdarib, xotini bilan ajralish imkoniyatini qoʻlga kiritadi. Shu bilan birga u Syuzanna bilan munosabatlar uchun oʻziga zamin yaratadi, qizni yaxshigina kuyovlikka nomzod kimsani tashlab ketishga va oʻzi bilan qochishga koʻndiradi. Ular birga qochib ketishadi. Qaytib kelgach, bu voqeadan gʻazablangan Valter qizini Dyuruaga turmushga berishga majbur boʻladi, aks holda Jorj qizning ham unga oshiq boʻlishiga qaramay, Syuzzannaning ota-onasi Jorjning uzoq oʻtmishi sabab, ularning bu munosabatlariga rasmiy maqom berishni istamayotganliklari haqida mish-mishlar tarqatishini aytadi. Jorj kabi yigit bilan nikohsiz munosabatlar yuqori tabaqaga ega odobli qizning obroʻsiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkinligini tushunib yetgan Syuzannaning ota-onasi Dyuruani oʻz oilasiga qabul qilishni istamasalar-da, bu shartga noiloj rozi boʻlishadi. Valterning rafiqasi ularning turmush qurishlariga mutlaqo qarshi boʻladi, u qizi va Jorjdan nafratlana boshlaydi, ammo vaziyatga dosh bera olmaydi va taslim boʻladi. Shunday qilib, Jorj katta boylikning merosxoʻri, Fransiyadagi birinchi raqamli badavlat kishining kuyoviga aylanadi. Jorj oʻz toʻyida sevgilisi Klotildaga koʻzi tushadi va u oradan shuncha voqealar boʻlib oʻtganiga qaramay, eski maʼshuqasi bilan birga boʻlish unga qanchalar yoqimli boʻlganini eslaydi va Klotildaning nigohidan ham xuddi shu maʼnoni uqadi.
Asar qahramonlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Jorj Dyurua – bosh qahramon, sobiq askar. U oʻzini jurnalistikada sinab koʻradi, roman davomida boy va nufuzli ayollarga uylanish orqali karyera qiladi. Hech qanday isteʼdodga ega boʻlmagan, axloqsiz yigit.
- Charlz Forestye – Dyuruaning armiyadagi safdoshi, unga ish bergan jurnalist.
- Madlena Forestye – Chalrz Forestyening, keyinchalik Dyuruaning rafiqasi, vazir Larosh-Matyening maʼshuqasi. U oʻzining isteʼdodsiz erlariga maqolalar yozishda yordam beradi, shuningdek, ularga oshiqlaridan oladigan eksklyuziv maʼlumotlarni taqdim etadi.
- Klotilda de Marel – Jorjning sevgilisi, u bilan doimiy ravishda ajrashib, yana qayta yarashib yuradi.
- Lorina de Marel – Klotildaning qizi, u Jorjga „Azizim“ laqabini bergan.
- Janob Valter – „Fransiya hayoti“ gazetasining egasi, boy va yirik tadbirkor.
- Virjiniya Valter – janob Valterning xotini, Jorjning maʼshuqasi.
- Syuzanna Valter – Jorjning ikkinchi xotini.
- Graf Vodrek – keksa boy zodagon.
- Janob Larosh-Matye – fransuz vaziri, Valterning oldida qarzdor shaxs, u bilan birgalikda moliyaviy firibgarliklarni amalga oshiradi. Madlenaning sevgilisi.
- Norber de Varen – „Fransuz hayoti“da ishlovchi pessimist shoir.
- Sen-Poten – „Fransiya hayoti“ gazetasining muxbiri. Jorjga intervyu olish sanʼatini oʻrgatgan.
- Jak Rival – „Fransiya hayoti“ gazetasining jurnalistlaridan biri.
- Reychel – fohisha, Jorj Dyurua deya aqldan ozgan qahramon.
Ekranlashtirilishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]- 1916-yilda rejissor Maksimilian Garri tomonidan „Chyorniy dom“ nomli ruscha film suratga olingan.
- 1939-yilda nemis tilida film suratga olingan, bosh rolni Villi Forst ijro etgan.
- 1955-yilda roman asosida bosh rolda Joxannes Heesters ishtirokida yana bir film suratga olingan.
- 1979-yilda Italiya televideniyesida 4 qismli mini-serial suratga olingan, rejissyor – Sandro Bolki, bosh rolda – Korrado Pani.
- 1983-yilda fransuz televideniyesida 3 qismli „Miliy drug“ mini-seriali suratga olingan. Rejissyor – Pyer Kardinal, bosh rollarni Jak Veber va Marisa Berenson ijro etgan.
- 2012-yilda oman asosida film ekranlashtirilgan, bosh rollarni Robert Pattinson, Uma Thurman va Kristina Ricci ijro etgan.
Teatr tomoshalari
[tahrir | manbasini tahrirlash]- 1997-yilda Mossovet teatri sahnasida „Miliy drug“ spektaklining premyerasi boʻlib oʻtgan. Postanovkachi rejissor – Andrey Jitinkin. Virjiniya Valter rolini Margarita Terexova, Jorj Dyurua rolini Aleksandr Domogarov ijro etgan.
- 2014-yilda N. M. Zagurskiy nomidagi Irkutsk musiqali teatri sahnasida „Azizim“ romani asosida ishlangan „Miliy drug“ baletining premyerasi boʻlib oʻtgan (kuy: Konstantin Artamonov, libretto: Lyudmila Svetkova).
- 2017-yilda rejissyor „Baltiyskiy dom“ festivallar teatri sahnasida „Miliy drug“ spektakli premyerasi boʻlib oʻtgan. Resissor – N.Indeykin.
Rus tiliga oʻgirgan tarjimonlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Anastasiya Chebotarevskaya-Sologub
- S. Barxardt
- Mariya Shishmaryova
- Y. G. Abramson
- M. V. Sosedova
- Nikolay Lyubimov