Bakovul
Bakovul, bukovul – 1) Chingizxon davrida va temuriylar saroyida taom va ichimliklar tayyorlovchi oshpazlar boshligʻi; 2) Oltin Oʻrda xonligida qoʻshinga maosh-ulufa ulashish, oʻljalarni taqsimlash singari vazifalarni bajaruvchi yuqori mansabdor. Bakovulning hurmat-eʼtibori juda yuqori boʻlgan, unga tumanbegi va mingbegilar ham boʻysungan; 3) Buxoro amirligida saroy dasturxonchisi, hukmdorga taom tortishdan oldin uni avval oʻzi totib koʻruvchi bosh oshpaz.
Lugʻaviy maʼnosi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Bakovul, bukovul – podshoh, xon, va lashkarlarga ovqat tayyorlash ustidan nazorat olib boruvchi, hukmdorga taom tortishdan oldin uni avval o‘zi tatib ko‘ruvchi mansabdor, bosh oshpaz (XV asr va undan keying davr)[1].
Etimologiyasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Eski oʻzbek tilida bakovul (xon dasturxonchisi yoki bosh oshpaz), soʻzovul (qochoq askarlarni oʻz toʻdasiga qaytaruvchi amaldor), tamogʻchi (tamgʻa bosuvchi, boj oluvchi amaldor), tunqotar (tungi qorovul, amal nomi), chovush (xudoychi, eshik ogʻasi), eshikogʻasi (darvoza soqchisi), yasovul (intizom uchun mas’ul), ayogʻchi // ayoqchi (soqiy, may quyuvchi), bitikchi (xat yozuvchi, kotib), bovurchi (oshpaz), borschi (yoʻlbars oʻynatuvchi), olgʻinchi (toʻplovchi), oʻzanlar (cholgʻu chalib, yalla, ashula qiluvchi shaxslar), oʻtmakchi(novvoy) kabi unvon, mansab nomlarini bildiruvchi quyidagi kasb-hunar nomlari ham bugungi kunga kelib tarixiy soʻzga aylandi[2].
Bovurchi – Chingizxon davrida ta’sis qilingan saroy amallaridan biri, aniqrog‘i oziq-ovqat va ichimlik mutasaddisi. Keyinchalik u (oziq-ovqat tayyorlash, tatib ko‘rish va tortish uchun mas’ul amaldor) bakovul deb atalgan. Qarshi tumanida Bovurchi qishlog‘i qayd qilingan. Bu so‘z etnonimga ham aylangan.
Vazifasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Bakovul – tarixda podshoh, xon va lashkarlarga ovqat tayyorlash ustidan nazorat olib boruvchi, hukmdorga taom tortishdan oldin uni avval o‘zi totib ko‘ruvchi mansabdor, to‘ylarda taom tayyorlovchi oshpaz, pazanda. To‘y va bayram munosabati bilan o‘tkaziladigan kurash, poyga, uloq kabi musobaqalarini boshqaruvchi[3].
Yana qarang
[tahrir | manbasini tahrirlash]Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |