Bal raqsi
Bal raqsi – ommaviy koʻngil ochishga moʻljallangan raqs kechalari (bal) da ikki yoki undan ortiq juftliklar ijro etadigan raqs. Bal raqsi XIV asrda Italiyada yuzaga kelgan. Bal raqsining nazariy qonun-qoidalari shu yerda shakllangan, keyinchalik Fransiyada keng tarqalgan. XIV—XVI asrlarda Italiya va ayniqsa Fransiyada branl, volta Bal raqsilari mashhur boʻldi. XVII asrdan butun Yevropa boʻylab keng tarqaldi. Har bir mamlakatda oʻziga xos yoʻsinda shakllandi va turli koʻrinishlarda boyib bordi. Xalq orasida burre, gavot, allemanda, menuet chakonna, jiga, sarabanda turlari ommalashdi. XVIII asr ga kelib paspye, myuzet, rigodon, kontrdans, ekossez, lendler kabi erkin raqslar keng yoyildi. XIX asrda tampet, mazurka, polonez, matredur, kadril, lensye, landler, galop, kankan, polka, turli koʻrinishdagi valslar va boshqa ritmik tarzda rivojlandi. XIX asr oʻrtalaridan vals eng mashhur Bal raqsiga aylandi. XX asrdan Amerika va Yevropa Bal raqsi (boston, fokstrot, tango, charlston va boshqalar) urf boʻldi. Oʻzbekistonda Bal raqsi Rossiya taʼsirida XIX asr oxirlaridan ijro etila boshlagan. Hozirgi kunda Bal raqsi madaniyat saroylari (masalan, Aviasozlar madaniyat saroyi), havaskorlik toʻgaraklari va boshqa joylarda, shuningdek professional raqqos(a)lar tomonidan ijro etilib kelinmoqda.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |