Kontent qismiga oʻtish

Baraban (cholgʻu asbobi)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Baraban — urma cholgʻu asbob. Sadolari muayyan baland-pastlikka ega emas. Gardishi metall yoki yogʻochdan yasaladi. Bir yoki har ikki tomoniga teri qoplanadi. Baraban ikki xil boʻladi: 1) kichik Baraban, tirillama-rez tovush hosil qilish uchun bir tomonidagi teri tagidan 2-3 (konsert Barabanda — 4-10) tor tortiladi. Yumaloq uchli ikkita choʻp bilan chalinadi; 2) katta Baraban, tovushi gumburlaydi, yoʻgʻon, ya’ni past boʻladi. Uchiga yumaloq kigiz qoplangan choʻptayoqcha bilan chalinadi. Barabanlardan simfonik va puflama sozlar orkestrlarida, shuningdek jaz va estrada ansambllarida foydalaniladi. Oʻzbekistonda, ayniqsa, Fargʻona vodiysida dor oʻyinlari, turli tomoshalar hamda tantanali marosimlarda qatnashadigan surnay, karnay va nogʻoradan iborat an’anaviy ansambl tarkibidagi koʻs hamda qoʻsh nogʻora oʻrniga koʻproq 20- asr boshidan katta va kichik Barabanlar ishlatiladi.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil