Barakatxon ibn Davlat Malik
Barakatxon ibn Davlat Malik (? - 1246) — Jaloliddin xorazmshohning nufuzli amirlaridan biri va qarindoshi. Qipchoq qabilasidan boʻlgan sarkarda. Otasi — Davlat Malik Xorazmshoh Alouddin muhammad II ning oʻgʻli Gʻiyosiddin Pirshohning amiri boʻlgan. Davlat Malik Eron Ozarbayjonidagi Zanjon yaqinidagi jangda halok boʻlgach (1224), Barakatxon Ozarbayjondagi ildegiziylar hukmdori Ogʻabek Oʻzbek qoʻlida tarbiya topgan. Jaloliddin Hindistondan qaytib Tabrizni olgandan soʻng (1225), Barakatxon uning xizmatiga kirgan va tez orada yirik lashkarboshilaridan biriga aylangan. Jaloliddin halok boʻlganidan soʻng (1231-yil avgust), Barakatxon uning boshqa amirlari Qirxon, Ilon Bugʻo, Saruxon, Berdixon (Xonberdi) qatorida Alouddin Kayqubod qoʻshiniga kirgan. Ammo Kayqubodning vafotidan soʻng uning vorisi Kayxusrav xorazmiylar qoʻmondoni Barakatxonni oʻziga qarshi fitnada ishtirok etganlikda ayblab hibsga oladi. Shunda xorazmlik boshqa amirlar isyon koʻtarib, Barakatxonni ozod qiladilar va mamlakatni talon-toroj qilib ketadilar. 1237–1246-yillarda Barakatxon boshchiligidagi xorazmiylar Yaqin Sharq hukmdorlarining oʻzaro nizolarida ishtirok etganlar. 1246-yil Barakatxon Shom viloyatlari birlashgan qoʻshini tomonidan magʻlub etilib, jangda halok boʻlgan, qoʻshini tarqab ketgan. Bir qism qoʻshin Barakatxonning oʻgʻli qoʻmondonligida xalifa xizmatiga oʻtgan.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |