Kontent qismiga oʻtish

Barik sistemalar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Barik sistemalar (meteorologiyada) – havo bosimining atmosferada pasaygan yoki balandlashgan sohasi (mas, siklon va antitsiklon). Havo bosimining, shu jumladan shamolning atmosferada muayyan taqsimlanishini ifodalaydi (rasmga q.). Barik sistemalar ga quyidagilar kiradi: yopiq izobarali soha – siklon va antitsiklonlar; ochiq izobarali soha – nov (lojbina, past bosimli polosa – siklon markazidan tarnovga oʻxshash choʻzilgan boʻlib, baland bosimli ikki soha orasida joylashgan); taroq (greben, baland bosimli polosa – antitsiklon markazidan ponasimon choʻzilgan va past bosimli ikki soha orasida joylashgan); egar (sedlovina, almashinuvchi ikki siklon va antitsiklonlar orasida joylashgan). Bunda topografik botiq yerni bosimi past soha bilan, balandlikni bosimi baland soha bilan, tekislikni izobaralar bilan solishtirish mumkin. Barik sistemalar uzluksiz bir joydan ikkinchi joyga siljiydi, bunda kattaligi, kuchi va yoʻnalishi oʻzgaradi, yemiriladi va qayta hosil boʻladi. Yopiq izobarali Barik sistemalar yuqorilashgan sari ochiq izobarali sistemaga aylanadi. Bu hodisa qaysi balandlikda roʻy berishiga qarab uchga boʻlinadi: yuqori, oʻrta va past. Barik sistemalar ning qaysi xidda boʻlishi unda temperaturaning taqsimlanish sharoitiga bogʻliq. Issiq siklon va sovuq antitsiklonlar hamda termik asimmetrik siklon va antitsiklonlar past sistemaga, termik asimmetrik hamda yaxshi rivojlangan siklon va antitsiklonlar oʻrta sistemaga va, nihoyat, issiq antitsiklonlar va sovuq siklonlar yuqori sistemaga kiradi. Barik sistemalar ning oʻrtacha tezligi 30 – 40 km/soat, „yashash davri“ bir necha kundan to haftagacha va undan ortiq boʻlishi mumkin. B. yeda shamol (asosan, Yerda) izobara boʻyicha past bosimli tomonga bir oz ogʻib esadi. 1000 – 1500 m dan balandda barcha Barik sistemalar yerda shamol izobara boʻyicha (past bosimni chapda va yuqori bosimni oʻngda qoldirgan holda) esadi.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil