Kontent qismiga oʻtish

Barmoq tizimi

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Barmoq tizimi, barmoq vazni — boʻgʻinlar sanogʻi, mutanosibligiga asoslangan sheʼr oʻlchovi turi. Barmoq tizimi oʻziga xos xususiyatlarga koʻra aruz tizimidan farq qiladi. Barmoq vazni anʼanaviy xalq atamasidir. Barmoq tizimi jahon sheʼriyatidagi toʻrtta: sillabik (boʻgʻin), sillabiktonik (boʻgʻin-urgʻu), tonik (urgʻu) va kvantitativ (yaʼni boʻgʻinlarning qisqa va choʻziqligiga asoslangan) sheʼr tizimlaridan biri. Tonik tizim soʻz urgʻusi erkin boʻlgan tillarga mansub (mas, rus tili va poeziyasida shunday, oʻzbek tilida soʻz urgʻusi oʻtroq, shu sababli erkin vazn yo sarbast janri mustaqil sheʼr tizimi emas, balki u Barmoq tizimi ga kiradi). Barmoq tizimi atamasi sodda vazn (4+4+3, yo 6+5), erkin vazn (vazn turi) maʼnolarida ham qoʻllanadi. Barmoq tizimi atamasi sheʼriy misralarning boʻgʻinlarini barmoq bilan sanashdan kelib chiqqan. Mac:443Bahor keldi tabiatning qoʻllari443Daraxtlarga ipak koʻylak kiygizdi443Yer ham soʻlgan koʻkatlarni tirgizdi443Yashillandi dalalarning yoʻllariI II IIIBu sheʼrning vazni 4+4+3 tartibida. Vaznlar izchil takrorlangan turoqlardan tashkil topadi. Turoq sakkiz boʻgʻinligacha boʻlib, misra va baytda tutgan oʻrniga koʻra ham farqlanadi. Mac:4 4 3Oʻlkamizga kulib keldi oltin yoz,4 4 3Choʻllarida chamanzorlar poyondozIIIIII — kichik turoq (u juda qisqa ritmik pauzali); II — bosh turoq (u bosh ritmik pauzaga ega, misralarni mazmun va intonatsiyaga koʻra ikkiga ajratadi); III — oxirgi turoq (u eng choʻziq ritmik pauzali, qofiyani ham oʻz ichiga oladi). Yuqoridagi toʻrtlikning "bahor keldi" soʻzlari oxiri bilan navbatdagi misraning shu oʻrinda kelgan "daraxtlarga" soʻzi oxiri bir-biriga mos. Bu moslik 4 boʻgʻinlidir. 1-boʻgʻin guruhi 4, 2-boʻgʻin guruhi 4, 3-boʻgʻin guruhi 3 boʻgʻinlidir. Bu turoqlar, ular oxiridagi ritmik pauzalar, mazkur sheʼrdagi 4+4+3 vaznining shakllanishi va takrorlanishi ritmni vujudga keltirishda muhim ahamiyatga ega. Turoq bir boʻgʻinli boʻlishi ham mumkin. Mac,112 112 8el bor boʻlsa, er xor boʻlmas112 112 8er bor boʻlsa, el xor boʻlmasBu maqolning vazni 1 + 1+2+1 + 1+2 dir, bu vazn sakkizlik turkumiga mansub. Vazn besh xil boʻladi (sodda, qoʻshma, murakkab, erkin va aralash).

Proza ham, sheʼr ham oʻziga xos musiqiylikka ega. Taʼsir etish muammosi sheʼriyatda yangi falsafiy fikr, hikmat ifodalanganligi bilangina emas, balki musiqiylik bilan ham bogʻliqdir. Musiqiylik uch unsurga ega (ritm, qofiya, band). Ifoda, gap, inversiya, intonatsiya, urgʻu, soʻz va tovush takrori kabi vositalar ham sheʼriyatda musiqiylikni yuzaga keltirishga xizmat qilsada ritm unsuri boʻla olmaydi. Ritm, qofiya va band musiqiylikni yuzaga keltiruvchi asosiy vositalar; soʻz, tovush takrori, urgʻu va boshqa esa yordamchi vositadir. Mac:Sevishganlar topishgusidir Jonlar jonga yopishgusidir.

(Hamid Olimjon)Bu baytda "sh", "o" tovushlari takrorlanyapti, bu hol misralarga alohida xushohang bagʻishlaydi. Biroq musiqiylik va ohangdorlik tabiiy boʻlishi lozim, mazmun shaklga qurbon qilinmasligi kerak. Barmoq tizimi dan oʻzbek mumtoz sheʼriyatida ham foydalanilgan, ammo aruz yetakchi oʻrin tutgan. 20-asr boshlariga kelib, oʻzbek adabiyoti poeziyasida Barmoq tizimi dan keng miqyosda foydalanishni Fitrat va Choʻlponlar boshlab bergan.

Barmoq tizimi va boshqa sheʼriyat tizimlarining tarixi, nazariyasi sheʼrshunoslikning tadqiqot manbai hisoblanadi.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • Sud ton I., Adabiyot nazariyasi, T., 1939; Oʻzbek sheʼr tuzilishi [Adabiyot nazariyasi. Ikki jil dli, 2-jild], T., 1979.

Ummat Toʻychiyev.