Barxan
Barxan (turkiycha) — qumli choʻl va chala choʻllardagi relyefning koʻchma qum shakllari. Shamol yoʻnalishiga koʻndalang boʻladi. B. yiliga oʻrta hisobda bir necha sm dan yuzlab m gacha koʻchadi. Qizilqum va Qoraqum choʻllarining baʼzi joylarida qattiq shamol vaqtida yangi B.lar paydo boʻladi yoki eskilari joyini oʻzgartiradi. B.lar tepadan qaraganda koʻpincha yoy, yarim oy shaklida boʻladi. Shamolga roʻpara yon bagʻirlari qiya (5° — 14°), shamolga teskari yon bagʻirlari tik (30° gacha) boʻlishi mumkin. B. uchlari shamol kuchiga, qumning namligi, tarkibiga qarab uzun yoki qisqa boʻladi. B. balandligi 0,7 m dan 20 m gacha, hatto murakkab shakllari 200–300 m va undan ham baland boʻladi. Shamol harakatiga qarab B.ning toʻplanishi turli shakllar oladi: barxan tepalari, barxan zanjirlari, barxan piramidalari va hokazo. Qum kam boʻlgan qattiq yerlarda, koʻpincha taqirlarda yakka-yakka B.lar uchraydi. Tutash qumlarda murakkab B. tizmalari vujudga keladi. B. tizmalari Amudaryo sohillarida, Sandiqli, Kanpirak, Qoraqum choʻllarida, shuningdek Markaziy Fargʻonadagi Yozyovon choʻlida uchraydi. B.lar nisbatan yaxshi nam toʻplaydi va ihota qilinadigan boʻlsa, daraxtzor boʻlib qolishi mumkin. Avvallari Buxoro, Qorakoʻl vohalarining shim. qismidagi bir qancha unumdor yerlar, qishloqlar koʻchma qum ostida qolib ketar edi, endilikda saksovul va boshqa oʻsimliklar ekilib, uz. 125 km, eni 3 – 4 km daraxt-zorlar barpo qilindi va qum koʻchishi toʻxtatildi. Yana q. Eol relyef shakllari.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |