Kontent qismiga oʻtish

Basra

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Basra (arabcha: البصرة al-baṣra) — Iroqning janubi-sharqidagi shahar, Basra livi (viloyati)ning maʼmuriy markazi. Fors qoʻltigʻidan 90 km ichkarida, Iroqning Shatt ul-Arab daryosi sohilidagi eng katta porti, sohil boʻylab 27 km ga choʻzilgan. Aholisi 617 ming kishi (1985). Shahar 637 yoki 638 yilda xalifa Umar davrida (634 — 644) qurilgan. 8—9-asrlarda xalifalikning madaniy va iqtisodiy markazi boʻlgan. Shahar 10-asrda baridi feodallari, buvayhiylar (947), 11-asrdan saljuqiylar hukmronligida boʻlgan. 1258-yil moʻgʻullar qoʻliga oʻtdi, 1534-yilda Usmonlilar saltanatiga qoʻshib olindi. 1914-yil noyabrda Angliya qoʻshinlari Basrani bosib oldi. Birinchi jahon urushi davrida Britaniyaga qaram boʻlgan Iroq davlati tarkibida boʻldi.

Mamlakat tashqi savdo muomalasining deyarli hammasi Basra orqali boʻladi. Basra muhim temir yoʻl va avtomobil yoʻllari tuguni. Xalqaro aeroport va elektrostansiya bor. Mamlakatning neft qazib olish va qayta ishlash markazi. Kimyo, toʻqimachilik, sellyuloza-qogʻoz, oziq-ovqat sanoati korxonalari mavjud. Hunarmandchilik rivojlangan. Xurmo quritish va uni chetga chiqarish bilan mashhur. Kanal va koʻpriklari koʻpligidan Basrani "Sharq Venesiyasi" deb ham ataydilar. Universitet bor. Qad. Basra harobalari saqlangan[1].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil