Kontent qismiga oʻtish

Bazalt

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Bazalt (lotincha basaltes, yun. basanos — sinov toshi) — magmatik togʻ jinsi. Rangi boʻz va qoramtir. Sof ogʻirligi 2,5-3 g. Tarkibi asosan plagioklaz (labrador)dan iborat; shuningdek piroksenlar, olivin hamda magnetit, titanit, apatit va hokazo ham boʻladi. Kimyoviy tarkibi uning chuqurlikdagi analogi boʻlgan gabbroga yaqin. Vulkan shishasi donador kristallar oraliqlarini toʻldirib turadi. Toʻla kristallangan Bazaltlar dolerit deyiladi. Bazaltning okean tubida paydo boʻlgan, temir va magniyga boy turi okeanit, tektonik yoriqlardan quruklikka oqib chiqib qotib qolgan turi esa platobazalt deyiladi. B. okean tubi va quruqlikda juda katta maydonni egallagan. Hozirgi vulkanlardan ham bazaltli lavalar oqib chiqadi. Tarkibida qaysi mineral borligiga qarab analsimli Bazalt, leysitli Bazalt, nefelinli Bazalt, magnetitli Bazalt, gayuinli Bazalt, apatitli Bazalt va hokazo deb ataladi. Bazalt kislotaga chidamli kimyoviy asboblar, quvurlar, elektroizolyatorlar yasashda, toshdan quyma buyumlar ishlab chiqarishda hamda qurilishda qoplama bezak materiallari sifatida ishlatiladi. Yaxshi silliqlanishi tufayli juda qadimdan haykaltaroshlikda Misr, Assuriya, Rim, Vizantiya, Armaniston va boshqa joylarda qoʻllanilib kelingan. Kamchatka, Zabaykalye, Armaniston, Ukrainada va Oʻzbekistonning Qurama, Turkiston, Tomdi togʻlari (paleozoy qatlamlari)da bor (yana qarang:Magmatik togʻ jinslari)

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil