Kontent qismiga oʻtish

Bekjon Toshmuhamedov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Bekjon Toshmuhamedov
Tavalludi 1935-yil 27-yanvar
Vafoti 25-iyun 2020-yil(2020-06-25)
(85 yoshda)
Fuqaroligi SSSR bayrogʻi SSSROʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Taʼlimi Moskva universiteti
Kasbi Biolog
Otasi Oybek
Onasi Zarifa Saidnosirova
Mukofotlari Beruniy nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti

Bekjon Oybekovich Toshmuhamedov (1935-yil 27-yanvar, Toshkent — 2020-yil 25-iyun) — biolog, biofizik olim. Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademigi (1987). Biologiya fanlari doktori (1971), professor (1973). Atoqli yozuvchi Oybekning oʻgʻli.

Moskva universitetining biologiya-tuproqshunoslik fakultetini tugatgan (1958), shu universitetda aspirant (1958—1961), ToshDUning biologiya-tuproqshunoslik fakultetida kichik ilmiy xodim (1962), biokimyo va biofizika kafedrasi dotsenti (1963—1965), Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi yadro fizikasi (1965—1967) va Biokimyo instituti (1967—1985) biofizika laboratoriya mudiri. 1979—1986-yillarda ToshDU biofizika va atrof muhit muhofazasi kafedrasi mudiri. Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Fiziologiya institutida direktor (1985—1992), boʻlim boshligʻi (1998-yildan). Oʻzbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi raisi (1992—1995). Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Prezidiumi aʼzosi (1995—1997).

Asosiy ilmiy ishlari biologik membranalarning hosil boʻlishi va ularning boshqaruvchanlik roli, toksinlar, gormonlar, pestitsidlar, feromonlar, defoliantlar va boshqa biologik faol moddalarning membranaga taʼsir qilish mexanizmini oʻrganishga oid. YuNESKO qoshidagi „Inson va biosfera“ milliy komiteti raisi (1998-yildan). „Oʻzbekiston biologiya jurnali“ bosh muharriri (1996-yildan). Beruniy nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti laureati (1989)[1][2].

  1. B.A. Tashmuxamedov (biobibliografiya)., T., 1995.
  2. Aktivniy transport ionov cherez biologicheskiye membrani, T., 1973; Sintez, membranoaktivnie svoystva i biologicheskiye effektoʻ kraunefirov, T., 1987; Neyrotoksini v issledovaniyax biologicheskix membran, M., 1991.