Betochar
Betochar —yuz ochar, yuz koʻrar — Oʻrta Osiyo xalqlarida, jumladan oʻzbek xalqida keng tarqalgan, nikoh toʻyi bilan bogʻliq marosimlardan biri. Betochar marosimini oʻtkazish tartibi har yerda har xil boʻlishi mumkin. Koʻp joylarda bu marosim kelin tushgan kunning ertasiga, kelin salomayan keyin, ayrim yerlarda (kuyov tomonning imkoniyatiga qarab) 2—3 kundan soʻng oʻtkazilgan. Betochar kuni kelinga sarpo kiydirib, taqinchoklarni taqib, yasanib, betiga oq matodan parda tutib, yanga uni eshik oldiga yoki hovli sahniga olib chiqadi. Kelinning betini odat boʻyicha kuyovga yaqin qarindosh, 5—6 yoshli oʻgʻil bola ochadi. Buning uchun mevali daraxtdan olingan paxta oʻralgan xivich (serfarzand boʻlishini niyat qilib) bilan. ayrim yerlarda paxta oʻralgan choʻmichning dastasi(baxtli boʻlsin, qoʻlidan choʻmich arimasin deb tilak qilib) bilan kelinning betidagi parda olinadi. Kelinning betini birinchi boʻlib kuyovning onasi koʻradi. Kelin bilan koʻrishganda qaynona kelinining boshiga ikkita non (rizqli boʻlsin deb) qoʻyib, soʻngra uni burdalab marosim ishtirokchilariga (sizlar ham toʻy koʻringlar degan maʼnoda) ulashadi. Kelinning betini ochganda qoʻllangan paxtani ham qizlar talashib oladilar, undan ip qilib, sochlarining uchiga (niyat qilib) ulab yuradilar. Kuyovning onasidan keyin kuyovning otasi, togʻasi, bulardan keyin boshqa qarindoshlar birinketin kelib koʻrishib koʻrmana topshiradilar. Oʻz navbatida kelin tomon ham ularga koʻrmana berganlar. Bolalarga kelin tomon yongʻoq, mayiz, turshak va turli shirinliklar ulashadilar.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |