Kontent qismiga oʻtish

Biogeografiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Yevropaning asosiy biogeografik rayonlari

Biogeografiya (bio... va geografiya) — tirik organizmlar (oʻsimlik, hayvonlar, zamburugʻlar, mikroorganizmlar) jamoasi va ular komponentlari (tur, urug, oila va boshqalar)ning Yer yuzida tarkalishi qonuniyatlarini oʻrganuvchi fan. Biogeografiya biosfera haqidagi fanlardan boʻlib, unga zoogeografiya va botanik geografiya kiradi. Biogeografiyaning asosiy boʻlimlari 18-asr oxiri va 19-asrning 1-yarmida Ekvatorial Afrika, Jan. Amerika va Osiyoning flora hamda faunasini tadqiq qilgan koʻpdankoʻp ekspeditsiyalar, shuningdek oʻsha davrning naturalistlari, ayniqsa A. Gumboldt, A. Uolles va F. Skleter ishlari tufayli shakllana boshlagan. F. Skleter birinchilar katorida quruqlik yuzasini rayonlashtiradi.

Zamonaviy Biogeografiya organizmlar va biotsenozlar geografiyasi muammolarini ishlab chiqadi. Masalan, arealogik Biogeografiya har xil turlar tarqalgan hududlarni aniqlaydi, ularning areal chegarasida tarqalishini oʻrganadi, ana shular asosida maʼlumot va kadastr haritalarini tuzadi. Regional Biogeografiya floristik va faunistik rayonlashtirish bilan shugʻullanadi. Hayvonlar va oʻsimliklar areallarini solishtirish hamda biotalarni ajratish va asosiy biomlarning taqsimlanishini tavsiflash asosida kompleks biogeografik rayonlashtirish sxemalari yaratiladi. Ekologik Biogeografiya geografik oblastlardagi jamoalar biomassasi, biologik mahsuldorligi va ular hayotida organizmlarning ahamiyatini oʻrganadi. Tarixiy Biogeografiya Yerning oʻtmishini jamoalar va ularni tashkil etuvchi organizmlarning tarkalishiga taʼsirini tekshiradi.

Biogeografiya oʻsimlik qoplami va hayvonot dunyosi resurslarini muhofaza qilish hamda samarali foydalanish, madaniy fitotsenozlar yaratish, hayvonlar va oʻsimliklarni iqlimlashtirish ishlarini amalga oshirish, kasallik tugʻdiruvchilar va ularni tashuvchilarga karshi kurashning nazariy asosi hisoblanadi.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil