Biologik progress
Biologik progress — muayyan guruhga mansub organizmlarning yashash uchun kurashdagi muvaffaqiyati. Biologik progress muayyan taksonga mansub organizmlar sonining ortishi, uning areali kengayishi, takson individlarining bir-biridan farq qiladigan yangi kichik sistematik guruhlarga boʻlinib ketishi bilan belgilanadi (qarang Biologik regress). Biologik progress ga olib boradigan yoʻllar (omillar)ni A. N. Seversov aniklab bergan. Birinchisi—morfofiziologik progress, yaʼni aromorfozdir. Aromorfoz natijasida hayvon organizmining tuzilishi va organlari funksiyalari murakkablashadi, voyaga yetgan avlodlarning umumiy hayot faoliyati ajdodlar xayot faoliyatiga nisbatan yuqori darajaga koʻtariladi. Ikkinchisi — idioadaptatsiya, yaʼni muayyan cheklangan muhit sharoitiga moslanishdan iborat boʻlib, voyaga yetgan avlodlarning hayot faoliyati va tuzilishi ajdodlarga nisbatan yuqoriga koʻtarilmaydi, lekin tur individlari yashash sharoitlariga yaxshi moslashgan boʻladi. Uchinchisi — senogenezlar, yaʼni hayvonlarning embrion va lichinka davrida moslanishi, bunday senogenezlar natijasida voyaga yetgan avlodlarning tuzilishi va hayot faoliyatida oʻzgarish boʻlmaydi, lekin kelgusi boʻgʻinlarda organizmlar soni oshadi. Toʻrtinchisi—umumiy degeneratsiya, yaʼni voyaga yetgan avlodlarning tuzilishi soddalashuvi orqali sodir boʻladigan moslashuvdan iborat (qarang Progress).
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |