Kontent qismiga oʻtish

Biolokatsiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Biolokatsiya (bio..., yun. locusjoy)—hayvonlarning koʻrish, eshitish, hid bilish va boshqa sezgi aʼzolari yordamida atrof muhitni yoki begona individlar (oʻlja, dushman)ni, ular turgan joy yoki ulargacha boʻlgan masofani aniklash xususiyatlari. B. agar atrofdagi jismlar yoki tovush, hid, issiqlik, yorugʻlik (biror narsadan aks etadigan) lokator hayvon tomonidan qabul qilinishi evaziga sodir boʻlsa, passiv B.; lokator hayvon tomonidan tarqatiladigan signallarni obyektdan aks etib qaytishi (akssado) orqali sodir boʻlsa, faol B.—exolokatsiya deyiladi. Passiv B. hamma tirik organizmlarga xos boʻlib, hasharotlar va yapaloq qushlarda ayniqsa kuchli rivojlangan. Masalan, yapaloq qushlar (boyoʻgʻli va boshqalar) gorizontal hamda vertikal tekislikda lokatsiya qilganidan qorongʻida hatto harakatsiz sichqonni ham bemalol sezadi. Bu hol koʻr boʻlib qolgan yapaloqqushlarning ham yashashiga imkon beradi. Passiv B. populyatsiya ichidagi (juftlashish, bir jinsni ikkinchisi qidirib topishi), populyatsiyalararo biotsenologik aloqalarda (dushmandan qochib qutilish, oʻljani tutish) katta ahamiyatga ega. Passiv B. tufayli tabiiy sharoitda sezgi aʼzolaridan biri ikkinchisi oʻrnini bosishi yoki toʻldirishi mumkin (mas, gʻirashira qorongʻilik, tuman, qalin oʻtlar orasida). Passiv lokatsiyaning haroratni sezish orqali amalga oshadigan xili (termolokatsiya) qalqontumshuq va boʻgʻma ilonlarda rivojlangan. Ilonning koʻzlari bilan burun teshigi oraligida joylashgan chuqurchadagi termoreseptor haroratning hatto 0,00G darajada oʻzgarishini ham sezadi va shu orqali qorongʻuda ham oʻljasini bemalol tutadi. Faol lokatsiya qilish qobiliyatiga ega boʻlgan hayvonlar hayoti pana joylar (gʻorlar) yoki suv havzalari bilan bogʻliq (jarqaldirgʻochlar, guaxoro, koʻrshapalaklar, delfinlar, kitlar). Ayrim hayvonlar, baliqlar exolokatsiyaning elektromagnit turidan foydalanadi. Elektr skatining exolokatsiyasi prinsip jihatdan texnikada qoʻllaniladigan radarlarga oʻxshaydi. B.ning akustik xossalaridan foydalaniladigan turi sonarlarni eslatadi. Akustik signallar yordamida exolokatsiya ayrim qushlar (jarqaldirgʻochlar) va sut emizuvchilar (koʻrshapalaklar) uchun xos boʻlib, ular muhitga ultratovush tarqatib, ularning akssadosini kabul qiladi. Koʻrshapalaklar tarqatadigan tovush impulyelarining davomiyligi 1—100 kGs va undan ham ortiq boʻladi. Odam qulogʻining eshitish chegarasi esa 16—2144 Gs ni tashkil etadi. Delfinlar va kitlar odatda qisqa davom etadigan akustik signallar tarqatadi.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil