Biznesfond
Biznesfond, Xususiy tadbirkorlik va kichik biznesni qoʻllab-quvvatlash fondi — OʻzRda xususiy tadbirkorlik va kichik biznesni rivojlantirishga koʻmaklashuvchi maxsus nodavlat tuzilmasi, ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyati. 1993 i. 21-iyulda "Kichik va oʻrta biznesni rivojlantirishga koʻmaklashuvchi fond" nomi bilan tashkil etildi (1995-yil 26-iyulda hozirgi nomda qayta tuzildi). Biznesfond Qoraqalpogʻiston, viloyatlar va Toshkent shahrida 14 boshqarma, 174 axborotkonsalting markazlariga ega. Biznesfond "Aksiyador jamiyatlar va aksiyadorlarning huquqdarini himoya qilish toʻgʻrisida"gi qonun (25.4.1996)ga muvofiq ish yuritib, dehqon (fermer) xoʻjaliklarini rivojlantirish; qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash; mahalliy sanoatni rivojlantirish; qurilish va qurilish industriyasi; xizmat koʻrsatish sohalarini rivojlantirish; turizm kabi sohalardagi ishbilarmonlik faoliyatini imtiyozli kredit bilan taʼminlaydi. Kreditlash muddati 3 — 10 yil, toʻlovlar muddatini 2 — 5 yilgacha uzaytirish mumkin. Kredit foiz qoʻyilmasi 10 — 25%. Biznesfond kapitali Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulk qoʻmitasining davlat mulkini sotishdan tushgan tushumlaridan (30%), Bandlikka koʻmaklashuvchi fond tushumlaridan (10%), Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari boʻlgan yuridik shaxslar va xalqaro moliya tashkilotlarining mablagʻlari va boshqa mablagʻlardan shakllanadi.
Anvar Yusupov.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |