Boʻr davri
Boʻr sistemasi (davri) — Yer tarixi mezozoy erasining uchinchi (oxirgi) davri; yuradan keyingi va kaynozoy gruppasining paleogen sistemasidan oldingi davrni oʻz ichiga oladi. Boʻr sistemasi (davr) yuqori boʻlimi yotqiziqlarida keng tarqalgan oqboʻr nomi bilan atalgan. Radiologik metodlar natijasiga koʻra 140 mln. yil avval boshlangan va 76 mln. yilcha, paleogen davrigacha davom etgan (qarang Geoxronologiya). 1822-yil belgiyalik geolog J. Omalius dʼAllua birinchi boʻlib Boʻr sistemasi (davr) ni mustaqil sistema sifatida ajratgan. Boʻr sistemasi (davr) ni xalqaro stratigrafik jadvalga kiritilgan boʻlinmalari birinchi marta Fransiya va unga qoʻshni Shveysariya va Niderlandiya hududlarida ajratilgan. Fransiya stratigraflari va paleontologlari A. dʼOrbini, E. Dezor, A. Kokan, E. Renevye, belgiyalik geolog A. Dyuman va boshqalar Boʻr sistemasi (davr) ni hozirgi davrgacha deyarli oʻzgarishsiz saqlanib kelayotgan yarusli boʻlinishini ishlab chiqdilar. 1885-yilgi Xalqaro geologik kongress qarori bilan yaruslar 2 boʻlimga (quyi va yuqori) guruhlangan (jadvalga q.). "Senon" va "Neokom" terminlari sobiq Ittifoq sxemalarida quyi va yuqori boʻlimlardagi bir necha yaruslarni birlashtirgan katta yaruslar uchun ishlatilgan. Janubiy Oʻzbekiston va Fargʻona vodiysidagi boʻr yotqiziqlarini O. S Vyalov, O. M. Akramxoʻjayev, S. N. Simonov va boshqa mukammal oʻrganib mahalliy svitalarga ajratdilar. Masalan, O. M. Akramxoʻjayev Fargʻona vodiysi boʻr yotqiziqlarining yuqori boʻlimida Changʻirtosh, Ustridali, Qamchi, Qizil Pilol svitalarini va quyi boʻr boʻlimidan Logʻon, Moʻyon svitalarini ajratdi. Boʻr sistemasi (davr) ning birinchi yarmida hamma platformalar quruqlik boʻlgan va kontinental jinslar, geosinklinallarda dengiz choʻkindi jinslari toʻplangan. Sezilarli choʻkishlar boʻlmagan. Boʻr sistemasi (davr) ikkinchi yarmidan boshlab oxirigacha juda katta va uzluksiz choʻkishlar sodir boʻddi. Natijada Yer tarixida eng katta dengiz transgressiyasi vujudga kelgan. Sharqiy Yevropa, Shim. Amerika, Afrika va Avstraliya platformalarining keng maydonlari suv ostida qoladi. Boʻr sistemasi (davr) oxiriga kelib tektonik harakatlarning faollashishi natijasida dengiz va suv havzalari maydoni qisqargan. Yer pustila burmalanishni keltirib chiqaruvchi harakatlar asosan Tinch okeanni oʻrab turuvchi geosinklinal mintaqada roʻy beradi. Boʻr sistemasi (davr) oʻrtalarida Sharqiy Osiyoda Verxoyan — Chukotka oʻlkasidan to Hindixitoygacha burmalanish jarayoni tugaydi. Boʻr sistemasi (davr) oxiriga kelib Amerikada boʻlib oʻtgan tektonik harakatlar And togʻlarining sharqiy yarmini va burmalangan Qoyali togʻlar oʻlkalarini hosil qilgan. B.yeda yirik yer yoriqlari hosil boʻldi. Boʻr sistemasi (davr) ning ikkinchi yarmida vulkan jarayonlarining faollashishi kuzatiladi. Hindiston ya. o.da juda koʻp lavalar oqib chiqib trapp qoplamlari, Shim.Sharqiy Osiyoda nordon va oʻrta asosli lavalar, Janubiy Amerikada muttasil otilib turgan vulkanlar, Afrika yoriklari boʻylab juda koʻp dayka va shtoklar tarkib topadi. Boʻr yotqiziqlari Shim. va Janubiy yarim sharlarning hamma qitʼalarida tarqalgan. Burgʻilash orqali dengiz tubidagi yosh qoplamlar tagidan ham topilgan. Boʻr sistemasi (davr) jinslari Sharqiy Yevropa platformasida va Karpat, Qrim, Kavkaz togʻli viloyatlarida, Sibir platformasida va boshqa joylarda keng tarqalgan. Oʻrta Osiyoda Boʻr sistemasi (davr) yuqori boʻlimi jinslari juda koʻp uchraydi. Quyi B.yeda dengiz choʻkindilaridan qumalevritgilli qatlamlar koʻp boʻlib, ayrim joylarda qalin ohaktosh qatlamlari hosil boʻlgan. Yuqori Boʻr sistemasi (davr) ayrim regionlarda karbonatli choʻkindi uyumlari, ayniqsa yozuv boʻri, boʻrsimon ohaktoshlar va mergellar koʻp toʻplanadi. Arid iqlimli oʻlkalarda qizil rang gypeli, tuzli qatlamlar, nam gumid iqlimda chuchuk suv koʻldelta va koʻmirli qatlamlar toʻplangan. Boʻr sistemasi (davr) ning organik dunyosi xilmaxil. Umurtqasiz hayvonlardan ammonitlar va belemnitlar keng koʻlamda rivojlandi; shuningdek rudistlar, inotseramlar va boshqa yashagan. Foraminiferalar ichida pelagik va dengiz tubida yashaydigan yirik shakllari paydo boʻladi. Umurtqalilardan bahaybat reptiliyalar koʻpchilikni tashkil qiladi. Shuningdek, suyakdor baliqlar, tishli qushlar yashaydi. Ixtiozavrlar (quyi boʻr oxirigacha) va pleziozavrlar yashashni davom etadi. Yuqori Boʻr sistemasi (davr) dengiz kaltakesaklaridan uz. 12 m ga yetadigan mezozavrlar paydo boʻladi. Boʻr sistemasi (davr) oxiriga kelib koʻpchilik reptiliyalar, ammonitlar, belemnitlar, inotseramlar, rudistlar, dinozavrlar, pleziozavrlar va boshqa qirilib ketadi. Boʻr sistemasi (davr) oʻsimlik dunyosi yura davridagilar kabi boʻlib, asosan ochiq urugʻlilar va paporotniksimonlar oʻsgan. Neokomda birinchi marta yopiq urugʻlilar paydo boʻlib, alb vaqtiga kelib kupayib ketdi va davr oxiriga kelib katta maydonni egalladi; shuning bilan birga usimlik dunyosining rivojlanishida yangi kaynofit bosqichi boshlandi.
Boʻr sistemasi (davr) yotqiziqlari bilan toshkoʻmir, qUngʻir kumir, tuz, choʻkindi temir rudasi, ohaktosh, bur, neft, gaz, boksit, sement materiallari, oltin, kumush, qalay, qoʻrgʻoshin, simob va boshqalarning yirik konlari bogʻliq. Gips (Markaziy Osiyoda), fosforit, kumir (Sibir va Uzoq Sharqda), boksit (Ural, Qozogʻistonda), neft, gaz, trepell, fosforit, boksit (Ukrainada), neft va gaz konlari, mineral suvlar, ohaktosh, gips, fosforit, bezak toshlar, kizil rang tipli qumtoshlar va boshqa (Oʻzbekistonda) bor. Sharkiy Osiyo va burmalangan Kordilyera viloyatlarida Boʻr sistemasi (davr) yotqiziqlarida oltin, kumush, qalay, qoʻrgʻoshin, simob va boshqa konlar topilgan.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |