Boʻy oʻsishi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Boʻy oʻsishi — hujayralar, shuningdek, hujayra boʻlmagan tuzilmalar soni va massasining ortishi hisobiga organizm yoki tana aʼzolari hajmi va massasining oʻsib borishi. U asosan odam bosh miyasining pastki ortigʻi, qalqonsimon, jinsiy bezlarning gormonlari taʼsirida amalga oshadi.

Odamda boʻy oʻsishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Odamning oʻsishi muhit va irsiy omillarga bogʻliq. Boʻy oʻsishining uch davri farq qilinadi: 1) tugʻilgandan voyaga yetguncha boʻlgan davrda oʻsish — ancha sust; 2) voyaga yetgan davrda oʻsish — jadal va barqaror; 3) bundan keyingi davrda oʻsish — juda sust yoki deyarli toʻxtaydi. Oʻsish asosan erkaklarda 18-20, ayollarda esa 16-18 yoshda toʻxtaydi. Ichki serketsiya bezlari faoliyatining buzilishi tufayli oʻsishning toʻxtash hollari uchraydi. Bolalar boʻyi tabiiy ravishda oʻsib boradi, ammo ayrim hollarda ushbu oʻsish sekinlashadi yoki umuman toʻxtab qoladi.[1]

Tabobat tavsiyalari[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Bola har kuni asal yeyishi kerak.
  • Har kuni qirgʻichdan oʻtkazilgan 200g sabzi qaymoq bilan qoʻshib isteʼmol qilinadi.
  • Jiyda tarkibi B, PP, E darmondorilarga boy boʻlib, damlamasi koʻpgina kasalliklarni davolashi bilan birga boʻy oʻstirishda ham foydalaniladi. Buning uchun 50g jiyda mevasi ustiga yarim litr suv quyib, biroz qaynatiladi. Dokadan suzib, kuniga ovqatdan soʻng ikki osh qoshiqdan ichib turiladi. Bu ayniqsa, qish va bahor davrlarida zarur (tabib Sh. Irgashev tavsiyasi).
  • Bolalar boʻyini oʻstirish uchun kuniga 3 mahal iliq sut ichish ham tavsiya etiladi. Bunda 2 stakan iliq sutga bir dona xom tuxum yaxshilab aralashtiriladi va kun boʻyi ichiladi.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. O'ljaboyeva, Nortosh. Bolalarda bo'y o'sishining orqada qolishi, Ilmiy-ommabop nashr, Toshkent: Yangi asr avlodi, 2009-yil — 112-bet bet.