Kontent qismiga oʻtish

Bobur hujrasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Bobur hujrasi

Bobur hujrasi. 2015-yil
Eski nomlari „Masjid“
"Taxti Sulaymon masjidi"
"Bobur uyi"
"Oq uy"
Umumiy maʼlumot
Turi Hujra
Tasnifi 1989-yilda avvalgi koʻrinishi boʻyicha qayta tiklangan
Joylashuvi Sulaymon togʻi
Manzili Oʻsh hududida joylashgan Sulaymon togʻi
Mamlakat Qirgʻiziston
Qurilishi boshlangan 1-marta 1496-yil;
2-marta 1989-yil
Qurilishi tugagan 1-marta 1497-yil;
2-marta 1989-yil
Buzilgan sana 1963-yil
Balandligi
Balandligi Dengiz sathida 1148 metr yuqorida
Texnik holati
Material Gʻisht
Ohak
Qavatlar soni 1
Map
Bobur hujrasi manzili xaritada

Bobur hujrasi“ (shuningdek, xalq orasida „Masjid“, „Taxti Sulaymon masjidi“, „Bobur uyi“ va „Oq uy“ kabi nomlar bilan mashhur) – Qirgʻizistonning Oʻsh shahrining qoq oʻrtasidagi Sulaymon togʻining choʻqqisida bunyod etilgan bir hujrali va peshtoq-ayvonli meʼmoriy obida. Temuriy hukmdor Zahiriddin Muhammad Bobur tomonidan Turkistonda bunyod ettirilgan yagona imorat. 14961497-yillar mobaynida Andijon shahridan 40 km uzoqlikda qurdirilgan. Mahalliy aholi tomonidan hujraga uzoq vaqt masjid sifatida qarab kelingan. „Masjid“ 1963-yili Sovet davlati tomonidan olib borilgan dinga qarshi tashviqotning bir parchasi oʻlaroq yoʻqotib (portlatib) yuborilgan[1]. 1986-yili Oʻsh shahrining ijroiya qoʻmitasi hamda shahar faollari tashabbusi ortidan hujraning qayta tiklanishi borasidagi Qirgʻiziston SSR hukumatining maxsus qarori tasdiqlangan. Hujra uzoq davom etgan bahs va tortishuvlardan soʻng „Kirgizrestavratsiya“ ilmiy-konstruktorlik byurosi tomonidan buxorolik va xivalik hunarmandlar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan loyiha va umumiy hashar yoʻli bilan 1989-yil avvalgi holatiga monand ravishda qayta tiklangan[2]. Meʼmoriy inshoot UNESCO muhofazasiga olingan (2009) va Qirgʻizistonda muqaddas joy sifatida eʼzozlanadigan Oʻsh birlashgan tarixiy-madaniy muzey-qoʻriqxonasi tarkibiga kiradi.

Qirgʻizistonlik olimlarga koʻra, inshootning avvalgi hamda hozirgi rasmiy nomi „Taxti Sulaymon“ masjididir. Masjidning nomi keyinchalik togʻ nomiga koʻchgan. Xalq orasida esa u „Bobur uyi“ nomini olgan[3].

Oʻzbekistonlik taniqli boburshunos olim Sayfiddin Jalilov meʼmoriy yodgorlikka nisbatan „Bobur hujrasi“ nomini ishlatadi[4].

Qurilish tarixi va tavsifi

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Sulaymon togʻi

Qirgʻizistonda muqaddas joy sifatida eʼzozlanadigan Sulaymon togʻi mamlakatning mashhur tarixiy yodgorligi boʻlib, Oʻsh birlashgan tarixiy-madaniy muzey-qoʻriqxonasi sifatida 2009-yilda UNESCOning jahon merosi durdonalari roʻyxatiga kiritilgan[5][3].

Togʻ turli davrlarda „Barokoʻh“ hamda „Buratogʻ“[5] (XVI asrgacha) va „Taxti Sulaymon“ („Sulaymon taxti“; XX asrdan)[5] nomlari bilan atalgan. Hozirda unga nisbatan „Sulaymon togʻi“ (qirgʻizcha: Сулайман-Тоо) nomi qoʻllanadi[3].

Rivoyatga koʻra, temuriy shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur goʻzal Sulaymon togʻini yoqtirib qoladi. U xarsangtoshlardan birida Sulaymon paygʻambar tizzasi va peshonasidan qolgan ezilgan joylarni koʻrib, keyinchalik oʻsha yerga katta boʻlmagan hujra qurdiradi[6].

Boburnomada yozilishicha, hujra hijriy 902-yilda (1496–1497-yillarda) bunyod etilgan[7][8]. Bobur hujrasi asosan ohak va gʻisht aralashmasidan qurilgan. Shu sababli keyinchalik aholi tomonidan hujraga „Oq uy“ deb nom berilgan[1][9]. Sulaymon togʻida olib borilgan bu kabi bunyodkorlik faoliyati eng dastlabkisi boʻlmagani manbalarda qayd etilgan. Xususan, T. Aydashevning 1968-yilda nashr etilgan „Gorod Osh“ („Oʻsh shahri“) asarida Bobur hujrasidan tashqari Sulaymon togʻining yonbagʻirlarida XV asrning ikkinchi yarmiga oid Sulton Mahmudxon tomonidan qurdirilgan hujra mavjudligi aytiladi. XVI asr oxirlarida Sulaymon togʻining shimoliy yonbagʻri yaqinida Abdulloxon II (15831598) tomonidan qurdirilgan tarixiy „Rabot masjid“ yodgorligi ham boʻlgan. Masjid 1963-yilga kelib, qishloqda istiqomat qiluvchi mahalliy dindorlardan tortib olingan[1].

Bobur Sulton Mahmudxon va oʻzi qurdirgan hujrani solishtirar ekan, shahar va mahallalarning yaqqol koʻrinib turish jihati bilan oʻzi qurdirgan hujraning ustunroq ekanini taʼkidlab oʻtgan. Zahriddin Muhammad bu borada Boburnoma asari orqali shunday fikrlarni yozib qoldirgan:

Qoʻrgʻonning sharqi janubiy bir mavzun togʻ tushubtur, Barokoʻhgʻa mavsum. Bu togʻning qullasida Sulton Mahmudxon bir hujra solibtur, ul hujradin quyiroq ushbu togʻning tumshugʻida tarix toʻqquz yuz ikkida men bir ayvonlik hujra soldim. Agarchi ul hujra mundin murtafe’dur, vale bu hujra bisyor yaxshiroq voqe boʻlubtur: tamom shahr va mahallot oyogʻ ostidadur. Andijon rudi Oʻshning mahallotining ichi bila oʻtub, Andijongʻa borur[7][8].

Hujra 1930 va 1953-yillarda bir necha bor restavratsiya qilingan, biroq keyinchalik Bobur hujrasi dinga qarshi olib borilgan tashviqotlarning bir parchasi oʻlaroq 1963-yili portlatib yuborilgan. 1989-yil yanvar oyida Pravda gazetasi tomonidan 500 yil avval qurilgan hamda vayron qilingan Bobur Mirzo yodgorligi haqida maqola eʼlon qilingan[10]. Natijada hujrani qayta qurish masalasi koʻtarilgan va saqlanib qolgan eski suratlar asosida Bobur hujrasi qurilgan davridagi holati boʻyicha qayta tiklangan[1]. Sulaymon togʻining yuqori qismida joylashgan Bobur hujrasiga yetib borish uchun 1000 dan ortiq zinapoyadan chiqib borish kerak boʻladi.

Meʼmorchiligi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Madaniy yodgorlik Sulaymon togʻi choʻqqisida, ochiq osmon ostida boʻlib, bir xonadan iborat. Pishiq gʻishtdan qurilgan. Kirish peshtoqining ravoqli ayvoni, binoning ichki qismi va mehrob ganchli naqshlar bilan bezatilgan. Ichki maydoni 2 metr kvadrat, balandligi esa 4 metrni tashkil qiladi[11].

Bobur hujrasi sifatida bilingan imoratning aslida Bobur tomonidan qurdirilmaganini aytib keluvchi tadqiqotchilar ham bor. Xususan, navoiyshunos olim Zuhriddin Isomiddinovning „Ona yurtim-Qirgʻiziston, Oʻsh…“ deb nomlangan asarida bu boradagi baʼzi qarashlarini keltirib oʻtgan. Olim oʻz asarida shunday yozadi:

„Boburnoma“ o‘zbek tilida 19481949-yillarda ilk bor nashr etilgach, xalq ichida juda mashhur bo‘lib ketdi. O‘shanga qadar kim tomonidan bino qilingani mavhum bo‘lib kelgan tog‘ ustidagi “Oq uy” degan bir xonadan iborat bino Boburnomada berilgan maʼlumotni to‘g‘ri tushunmaslik natijasida, XX asrning ikkinchi yarimlaridan boshlab, „Bobur qurdirgan uy“ nomi bilan el ichida yangicha eʼzoz topdi. Yaʼni, hozirda el olam, Mirzo Bobur qurdirgan uy deb ko‘nib qolgan bu imoratni aslida Bobur qurdirgan emas. Bu bino Boburning o‘zi eslatib o‘tganidek, uning amakivachchasi, Toshkent hokimi bo‘lgan Sulton Maxmudxon solgan „hujra“dir.

Buning dalili shuki, mazkur uydan balandroqda boshqa hujra solish mumkin bo‘lgan biron tekis joy, umuman, yo‘q – tog‘ning eng qir uchi, xolos. Ikkinchidan, Bobur o‘z imoratini „ayvonlik hujra“ deb aytadi. Oq uyning butun arxitektonikasida esa ayvon bilan payvasta bo‘larli o‘rin yo‘q – to‘rtala tomoni ham tashqi devor sifatida shakllantirilgan. Buzib tashlangan asl „Oq uy“ ham aynan shunday edi: keyin qurilgan hozirgi imoratning tarhi avvalgi hujraning fotorasmlariga qarab tayyorlangan.

Bobur esa o‘zi yozganidek, undan ancha quyida – „tog‘ning tumshug‘ida“ bir „ayvonlik hujra“ solgan. Xo‘sh, Bobur qurdirgan „ayvonli hujra“ qayerda? Afsuski, Markaziy Osiyoda Bobur bino etgan birdan-bir bu imorat keyin buzilib ketgan, undan nom-nishon ham qolmagan va hatto uning aynan tog‘ning qayerida bo‘lganini ham hozir birov bilmaydi[12].

Bu boradagi qarashlar yakdil boʻlmasdan, boshqa tadqiqotchi olimlar hujraning aynan Boburga oid ekanini taʼkidlab kelishadi. Masalan, tarixchi va etnograf olim Shavkat Otaxonov hujrani Bobur tomonidan qurdirilgan, degan fikrda sobit turgan tatqiqodchilardan biridir. Uning soʻzlariga koʻra, Bobur „togʻning sharqiy tumshugʻiga bir hujra soldirdik“ deb aytadi. Sulton Maxmudxon tomonidan qurdirigan hujra esa „togʻning choʻqqisida“ deb aytilgan. Otaxonov oʻz qarashlarining isboti sifatida fikrini shu tarzda ifodalaydi:

Sulaymon tog‘i xuddi cho‘kib turgan tuyaga o‘xshaydi. Aynan Bobur taʼriflagan hujra ham uning „tumshug‘iga“ qurilgan va pastda butun mahallot kaftdek ko‘rinib turadi[12].

Yozuvchi Pirimqul Qodirov oʻzining „Yulduzli tunlar“ nomli mashhur tarixiy romanida hujraning badiiy toʻqima qahramon – meʼmor Mulla Fazliddin tomonidan qurilganini tasvirlab oʻtgan[13].

Oʻshlik rassom Odiljon Vosilov asosan Sulaymon togʻi tasviri bilan bogʻliq mavzularni chizib keladi. Rassom bolalik xotiralariga asoslanib bergan intervyusida Bobur hujrasining buzib tashlanishi bilan bogʻliq holatni eslab oʻtgan:

67-yilmikan, 66-yilmikan aniq yodimda yoʻq, meni toqqa olib chiqishgan. Mana bu yerga (chizgan suratini koʻsatib). Unda Boburning uyi buzilib ketgan edi. Shu yerda oʻtirganimda menga hikoyani aytib berishgan...

Rassom, shuningdek, Sulaymon togʻining yuqori qismida Bobur hujrasi tasvirini ham chizgan[14].

  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 „Сулейман-гора: про «домики» султана Махмуда и Бабура“ (ru). Incredibleosh.kg (10-oktyabr 2019-yil). Qaraldi: 11-dekabr 2023-yil.
  2. „Boburni hayratga solgan Oʻsh“. Zarnews.uz (23-yanvar 2020-yil). Qaraldi: 11-dekabr 2023-yil.
  3. 3,0 3,1 3,2 Алымкулова–Турдуева 2020, s. 65–67.
  4. Jalilov 2006, s. 46.
  5. 5,0 5,1 5,2 „Oʻshga safar: Sulaymon togʻi.“. Amerikaovozi.com (21-aprel 2021-yil). Qaraldi: 11-dekabr 2023-yil.
  6. „Колорит юга: Дом Бабура на вершине горы Сулайман-Тоо.“ (ru). For.kg (19-avgust 2013-yil). 2023-yil 10-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 11-dekabr 2023-yil.
  7. 7,0 7,1 Boburnoma 2019, s. 13.
  8. 8,0 8,1 Бабур-наме 1992, s. 20.
  9. „Oʻshdagi Sulaymon togʻiga ziyorat“. Bbc.com (3-iyun 2010-yil). Qaraldi: 11-dekabr 2023-yil.
  10. „Pirimqul Qodirov: „Tilidan ayrilgan xalq maʼnaviy Vatanidan judo boʻladi““. Uchildiz.uz (20-iyul 2015-yil). Qaraldi: 11-dekabr 2023-yil.
  11. YouTube logotipi КYНДYК ТВ / Meʼros. Bobur hujrasi YouTubeda
  12. 12,0 12,1 „Oʻshdagi Sulaymon togʻi ustida qurilgan hujra kimga tegishli?“. Oqbura.org (15-fevral 2022-yil). Qaraldi: 11-dekabr 2023-yil.
  13. „Yulduzli Tunlar“. 2023-yil 14-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 11-may.
  14. „Ўшлик Одилжон Восилов оддий сомондан санъат асари ярата олган камёб ижодкорлардан бири. Рассом ўз асарларида Ўшнинг узоқ ва яқин тарихи билан боғлиқ биноларни кўпроқ акс эттиради.“. 2023-yil 10-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 11-may.