Bola baxshi
Bola baxshi (taxallusi; asl ismi Abdullayev Qurbonnazar) (1899 Xiva tumani Gullanbogʻ qishlogʻi—1994) — Oʻzbekiston xalq dostonchisi (1938). Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, Xorazm dostonchilik maktabining yirik vakili. Xorazmlik Jumanazar baxshi (?— 1929)ning shogirdi. Oʻn yoshlaridayoq katta yoshdagi baxshilar davrasida doston, qoʻshiq aytganligi uchun "Bola baxshi" nomini olgan. Uning repertuarida "Oshiq Gʻarib va Shohsanam", "Oshiq Mahmud", "Bozirgon", "Xirmondali", "Avazxon", "Kampir", "Qirqming", "Safar koʻsa" kabi 20 ga yaqin doston boʻlib, ulardan "Bozirgon" (1965), "Avazxon" (1967) dostonlari yozib olinib, nashr etilgan. U yoshlarga doston aytishni oʻrgatish maktabi tashkil qilgan (1970), koʻpgina shogirdlar yetishtirgan. Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati dekadasi (Moskva, 1937), Oʻzbekiston xalq ijodchilari olimpiadasi (Toshkent, 1938), Xalqaro Oltoyshunoslar (Toshkent, 1987) hamda boshqa folklor anjumanlari (1978, 1985)da qatnashgan.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
- Mirzayev T., Xalqbaxshilarining epik repertuari, T., 1979.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |