Kontent qismiga oʻtish

Bosh miya nervlari

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Bosh miya nervlaribosh miya asosi (pastki yuzasi)dan oldinmakeyin boshlanuvchi 12 juft nerv. Ular bosh miyani tashqi muhit va ichki aʼzolar bilan bogʻlab turadi. I. Hid bil u v nervi — burun boʻshligʻining tepa qismiga tarqalib, hidlarni qabul qiladi; II. Koʻruv nervlari — koʻz soqqasining nurlarni qabul qiluvchi toʻr pardasiga tarqalgan. Koʻzni harakatlantiruvch i (III), gʻaltak (IV) va uzoqlashtiruvchi (VI) nervlar koʻz soqqasining yordamchi muskullariga boradi. V. U ch shoxli nerv yuz, koʻz, burun va ogʻiz boʻshliqlarigatarqaladi. VII. Yuz nervi — yuzdagi mimika (imoishora), jagʻ osti muskullari, burun boʻshligʻi, tanglay va til shilliq pardasini taʼminlaydi. VIII. Vestibulyareshituv nervi ichki quloqda tarmoqlanadi. IX. Tilhalqum (yutqin) nervi — til va halqumda tarmoqlanadi. X.Adashgan (sayyor) nerv — yurakka, nafas va qorin boʻshligʻi aʼzolariga tarqaladi. XI. Qoʻshimcha nerv— yelka va boʻyin muskullariga boradi. XII. Til osti nervi — til va til osti muskullariga tarqaladi. Bosh miya nervlari n. sezuvchi, harakatlantiruvchi va aralash boʻladi. I, II, VIII nervlar sezuvchi, IV, VI, VII, XI, XII nervlar harakatlantiruvchi va III, V, IX, X nervlar aralash nervlardir.

V, VII, VIII nervlar

Uch shoxli nervning (n. trigeminus) tuzilishi va vazifasi Uch shoxli nerv faoliyatiga nisbatan aralash nerv bo‘lib, uning tarkibida sezuvchi va harakatlantiruvchi tolalari bor. Sezuvchi qismi uchta neyrondan iborat. Birinchi neyron chakka suyagi piramidasining uch shoxli nerv botiqligida miyaning qattiq pardasi hosil qilgan bo‘shliqda joylashgan yarim oy shaklidagi Gasser tuguni hujayralari. Bu hujayralarning aksonlari uch shoxli nervning sezuvchi ildizini hosil qilib, Varoliy ko‘prigi, o‘rta miya, uzunchoq miya va orqa miyadagi sezuvchi o‘zaklarga yo‘naladi. Ularning dendritlari esa nervning uchta shoxini: 1-shox, ko‘z nervi (n. ophtalmicus), 2-shox, yuqori jag‘ (n. maxillaris) va 3-shox, pastki jag‘ nervini (n. mandibularis) hosil qilib periferiyaga yo‘naladi. 1) Ko‘z nervi tugundan boshlanib, ko‘z kosasining yuqorigi tirqishi orqali ko‘z kosasiga kiradi va quyidagi shoxlarga bo‘linadi: a) Ko‘z yosh nervi (n. lacrimalis) bu nerv ko‘z shilliq pardasining tashqi tomonini, yuqorigi qovoqni va ko‘zning ichki burchagi terisini innervatsiya qiladi. b) Burun-kiprik nervi (n. nasociliaris) ko‘zning, burunning shilliq pardalarini, peshona, ponasimon bo‘shliqlarni, g‘alvirsimon suyakning orqa qismini, burun terisini va bosh miya qattiq pardasini innervatsiya qiladi. c) peshona nervi peshona terisini, ustki qovoq, ko‘zning medial burchagi terisini va kon’yunktivani innervatsiya qiladi. 2. Yuqori jag‘ nervi uch shoxli tugundan boshlanib oldinga yo‘naladi va yumaloq teshik orqali qanot-tanglay chuqurchasiga chiqib quyidagi shoxlarga bo‘linadi: a) yonoq nervi (n. zugomoticus), chakka va yonoq sohasining terisini innervatsiya qiladi. b) ponasimon – tanglay nervlari (n.sphenopalatini) g‘alvirsimon suyakning orqa qismini, ponasimon bo‘shliqni, burunni, hiqildoqni, yumshoq va qattiq tanglay va tanglay murtagi shilliq pardasini innervatsiya qiladi. c) ko‘z kosasining pastki nervi (m. infraorbitalis) o‘z nomidagi teshik chiqib pastki qovoq terisini va shilliq pardasini, ko‘z kosasi osti terisini, tishlarni hamda gaymor bo‘shlig‘i shilliq pardasini innervatsiya qiladi. d) yuqorigi milk nervlari (n. gingivalis superiores). Bu nervning shoxchalari tish chigalini hosil qiladi va yuqori jag‘ning milkini, tishlarini, gaymor bo‘shlig‘i va lunj shilliq pardasi retseptorlarini hosil qiladi.

53-rasm. Uch shoxli nerv. 1. Uch shoxli nerv 2. Ko‘z nervi 3. Burun kiprik nervi 4. Ko‘z yosh bezi nervi 5. Peshona nervi 6. Kiprik tuguni 7. Yuqori jag‘ nervi 8. Yuqorigi alveolyar shoxchasi 9. Lunj nervi 10. Dahan nervi 11. Til nervi 12. Pastki jag‘osti tuguni 13. Pastki alveolyar nerv 14. Quloq tuguni 3. Pastki jag‘ nervi (n. mandibularis) yuqorida ko‘rsatilgan ko‘z va yuqori jag‘ nervlaridan farqli ravishda aralash nervdir. Uning tarkibida sezuvchi va harakatlantiruvchi va ta’m biluvchi nerv tolalari bor. Bu nerv kalla suyagidan oval teshik (foramen ovalae) orqali chiqib, pastki jag‘ kanaliga kiradi (canalis mandibularis), uning oxirgi shoxi engak nervi (n. mentalis) nomi bilan, engak teshigidan (foramen mentale) chiqadi. Pastki jag‘ nervining sezuvchi tolalari tashqi eshituv yo‘li terisini, nog‘ora pardani, quloq suprasining oldidagi terini, pastki jag‘ni, engak, og‘iz burchagi terisini, pastki labni, og‘iz bo‘shlig‘ini va milk shilliq pardalarida retseptorlarini hosil qiladi. Pastki jag‘ nervining qattiq parda shoxchasi bosh miya qattiq pardasini innervatsiya qiladi. 4. Pastki jag‘ nervining tilning sezuvchi nervi shoxi tarkibidagi sezuvchi tolalar tilning oldingi 2/3 qismi, og‘iz bo‘shlig‘i shilliq pardasidan og‘riq va harorat sezgisini qabul qiladi. Uning tarkibiga yuz nervi shoxi nog‘ora toridan qo‘shilgan parasimpatik tolalar til osti va jag‘ osti bezlarini innervatsiya qiladi. Gasser tuguni hujayralari aksonlari qo‘shilib, uch shoxli nervning ildizini (corni n. trigemeni) hosil qiladi va Varoliy ko‘prigining oldingi – yon yuzasini o‘rta qismidan kiradi. So‘ng pastga va yuqoriga yo‘naluvchi tolalarga bo‘linadi. Pastki yo‘naluvchi tolalari uzunchoq miya orqali orqa miyaning IV-bo‘yin segmentigacha yetib boradi va sezuvchi o‘zakda (nucleus sensorius) tugaydi. Bu o‘zakda og‘riq va haroratni sezuvchi tolalari tugaydi. Yuqoriga ko‘tariluvchi tolalar Varoliy ko‘prigida joylashgan, sezuvchi o‘zakda – (nucl. terminalis) tugaydi. Bu o‘zakda asosan chuqur va taktil sezgi tolalari tugaydi. Uch shoxli nervning bu ikkala sezuvchi o‘zagida II neyronning hujayralari joylashgan bo‘lib, ularning aksonlari qarama-qarshi tomondan keluvchi aksonlar bilan kesishma hosil qilgach, yuqoriga ko‘tariladi va ichki qovuzloqqa (lemniscus medialis) qo‘shiladi. U miya oyoqchasidan o‘tib, ko‘ruv bo‘rtig‘ini tashqi o‘zagida (nucleus lateralis) tugaydi. Ko‘ruv bo‘rtig‘ining bu o‘zagida III neyron hujayralari joylashgan bo‘lib, ularning aksonlari ichki kapsula orqa oyoqchasini orqa tomonidan o‘tib, markaz orqa pushtaning pastki qismida tugallanadi. Uch shoxli nervning harakatlantiruvchi qismini I neyroni markaz oldi pushtaning pastki 1/3 qismidan boshlanib, ichki kapsulaning tizzasidan va miya oyoqchasidan o‘tadi. Bu neyron qisman kesishma hosil qiladi va harakatlantiruvchi o‘zakda (nucleus motorius) tugaydi. Bu o‘zakda harakatlantiruvchi qismning II neyroni hujayralari joylashgan bo‘lib, ularning aksonlari uch shoxli nervning harakatlantiruvchi ildizini (ramus motorius) hosil qilib, ko‘prikning o‘rta qismidan chiqadi. So‘ngra uch shoxli nervning III-shoxi – pastki jag‘ nervi bilan birgalikda kalladan chiqib, chaynov mushaklarini: chakka mushagi (m.temporalis), chaynov mushagi (m.masseter), lateral va medial qanotsimon mushaklar (m.pterugoidei lateralis et medialis), shuningdek tanglay chodirini taranglovchi, nog‘ora pardani taranglovchi, jag‘-til osti va ikki qorinli mushakni oldingi qorinchasini innervatsiya qiladi. BOLALAR VA KATTALARDA TEKSHIRISH USULLARI 1. Sezgi qismini tekshirish. Birinchi navbatda bemorning shikoyati so‘raladi. Bu nerv shikastlanganda jarohatlangan tarmoq sohasida qattiq chidab bo‘lmaydigan huruj bilan og‘riq paydo bo‘ladi. Bu uch shoxli nervning nevralgiyasida uchraydi. Bemorning shikoyatlari so‘rab bilingandan keyin obyektiv tekshirishga o‘tiladi: 1). Uch shoxli nerv tarmoqlarining tashqariga chiqish teshiklarini bosib tekshirish (Valle nuqtalari). Buning uchun foramen supraorbitale, infraorbitale et mentale sohalari bosib ko‘riladi. Uch shoxli nervning nevrit yoki nevralgiyasida zararlangan shoxning suyakdan chiqadigan sohalari bosilganda qattiq og‘riq paydo bo‘ladi. 2). Og‘riq, harorat va taktil sezgilarni tekshirish. Bular sezgi tizimida ko‘rsatilgan usullar yordamida yuz terisi va boshning sochli qismining oldingi uchdan bir sohada tekshiriladi. 3). Ta’m bilishni tekshirish. Ta’m bilish sezgisi tilni oldingi 2/3 qismida tekshiriladi. Buning uchun mazasi har xil bo‘lgan (shirin, sho‘r, nordon va achchiq) moddalardan foydalaniladi. Bu moddalarning biridan pipetka orqali tilning ustiga 1-2 tomchi tomiziladi. Tekshiriluvchi kishi tilini orqaga tortmasdan, oldindan shu moddalarni nomi yozilgan kog‘ozdan, sezgan ta’mini ko‘rsatib berishi lozim. Ta’m bilish tilni o‘ng va chap yarmida alohida-alohida tekshirib ko‘riladi. Yosh bolalarda ta’m bilishni tekshirilayotgan vaqtda bolaning yuzini burishtirishiga qarab bilish mumkin. 2. Harakat qismini tekshirish. 1). Tekshiriluvchidan og‘zini ketma-ket ochib-yopish so‘raladi. Bu paytda pastki jag‘ning harakatiga e’tibor berish kerak. Normal holatda og‘iz osonlik bilan ochiladi va bunda pastki jag‘ o‘ng yoki chap tomonga og‘may, o‘rtada turadi. 2). M. masseter, temporalis va pterigoideus medialis et lateralis ning tinch holatda va chaynash vaqtidagi tarangligini paypaslash yordamida tekshiriladi. 3). Chaynov mushaklarini quvvatini tekshirish uchun tekshiriluvchi og‘zini ochib turib, qarshilik qilgan holatda tekshiruvchi kuch bilan bemor og‘zini yopishga harakat qiladi. Odamda chaynov mushaklarining quvvati 5 ballik sistema yordamida aniqlanadi. ZARARLANISH BELGILARI Uch shoxli nervni shikastlanishida shu nervning nevriti, nevralgiyasi yoki nevralgo-nevriti uchrashi mumkin. Uch shoxli nervning zararlanishida og‘riq, temperatura va taktil anesteziyasi, gipesteziyasi yoki giperesteziyasi paydo bo‘lishi mumkin. Agar n.ophtalmicus zararlansa, yuqoridagi belgilar bilan bir qatorda konyuktival va korneal reflekslar susayadi yoki yo‘qoladi. Basharti n.mandibularis shikastlansa og‘riq bo‘lishi, sezgilarni pasayishi yoki yo‘qolishi bilan bir qatorda tilning oldingi 2/3 qismida ta’m bilish susayadi (gipoegeyziya) yoki yo‘qoladi (ageyziya). Shuningdek chaynov mushaklari falajlanadi. Chaynov mushaklarining atrofiyaga uchrash, chaynov vazifasini buzilishi, pastki jag‘ning o‘ng yoki chap tomonga og‘ishi (deviatsiya) chaynov mushaklarini quvvatini susayishi, ya’ni mushaklarning falaji bilan kechadi. Gasser tuguni yoki uch shoxli nervning ildizi Varoliy ko‘prigi oldida zararlangan taqdirda uchchala shox sohasida og‘riq, temperatura, taktil sezgilar yo‘qoladi yoki susayadi. Bundan tashqari chaynov mushaklari falajlanadi. Agar Gasser tuguni neyrovirus ta’sirida shikastlansa, bemorning burun va lab atrofida toshmalar toshadi (herpes zoster labialis et nasalis). Patologik jarayon uch shoxli nervning sezuvchi o‘zagini zararlantirgan bo‘lsa, yuzning shu tomondagi yarmida og‘riq va harorat sezgilari yo‘qolib, taktil sezgi biroz pasayadi (dissotsiyalashgan sezgi o‘zgarishi). Uch shoxli nerv o‘zagining tamoman zararlanishi kam uchraydi. Ko‘pincha u qisman zararlanadi. Agar sezgi o‘zagining pastki 1/3 qismi shikastlansa, yuzning tashqi qismida yarim halqa shaklida segmentar shakldagi dissotsiyalashgan sezgi o‘zgarishi yuz beradi. Uch shoxli nervning sezgi o‘zagini markazi shikastlansa yuzning o‘rta qismida yarim oy shaklida dissotsiyalashgan sezgi o‘zgarishi sodir bo‘ladi. Sezgi o‘zagining tepa 1/3 qismi zararlansa yuzning ichki qismida, og‘iz va burun atrofida dissotsiyalashgan sezgi o‘zgarishi yuz beradi. Bu sezgi sohalarini Zelder sohalari deyiladi. Uch shoxli nervning harakatlantiruvchi o‘zagi yoki uning tolalarining zararlanishi natijasida chaynov mushaklari zararlanadi. Agar uch shoxli nervning harakatlantiruvchi qismini I neyroni zararlansa chaynov mushaklarining shikastlanish belgilari ko‘rilmaydi, chunki yuqorida aytilgandek I neyronlar harakatlantiruvchi o‘zak yuqorisida qisman kesishma hosil qiladi. Ba’zi bir kasalliklarda (meningit, qoqshol) natijasida uch shoxli nervning harakatlantiruvchi qismi ta’sirlansa, chaynov mushaklarini tonik qisqarishi (trizm) ro‘y beradi.

VII JUFT YUZ NERVI–n. facialis. Tuzilishi, vazifasi, tekshirish usuli, zararlanishi. Yuz nervi parasimpatik va ta’m bilish tolalari bo‘lgan oraliq nerv bilan birga yo‘naladi. Shuning uchun yuz nervi aralash nervlar qatoriga kiradi. 54-rasm. Yuz nervi. 1. Katta tosh nervi 2. Chuqur tosh nervi 3. Qanotsimon kanal nervi 4. Quloq tuguni 5. Qanot-tanglay tuguni 6. Tizzasimon tugun 7. Yuz nervi 8. Yuz nervining harakat tolasi 9. Oraliq nerv 10. Yuz nervini harakat o‘zagi 11. Yuqori so‘lak o‘zagi 12. Ta’m bilish o‘zagi 13. Jag‘ osti tuguni 14. Nogo‘ra parda tori 15. Uyqu-nog‘ora nervi 16. Nog‘ora nervi 17. Orqa quloq suprasi nervi

Yuz nervining harakatlantiruvchi qismi 2 ta neyrondan iborat. Birinchi markaziy neyron markaz oldi pushtaning pastki qismidan boshlanib, uning aksonlari po‘stloq-o‘zak yo‘lini hosil qiladi. Bu po‘stloq-o‘zak yo‘li ichki kapsulaning tizzasidan, miya oyoqlarining asosidan o‘tib, qisman kesishma hosil qiladi va Varoliy ko‘prigining kamroq qismida joylashgan yuz nervining harakat o‘zagida tugaydi. Yuz nervining o‘zagi yuqori va pastki qismlaridan iborat. Kesishma hosil qilgan po‘stloq-o‘zak yo‘li qarama-qarshi tomondagi yuqori va pastki o‘zaklarda tugaydi, kesishma hosil qilmagan qismi esa o‘z tomonidagi yuqori o‘zakda tugaydi. Shunday qilib, yuz nervi o‘zagining yuqorigi qismi 2 tomondagi bosh miyaning markaz oldi pushtasi bilan pastki qismi esa faqat qarama-qarshi markaz oldi pushta bilan bog‘lanadi. Yuz nervining II periferik neyroni harakatlantiruvchi o‘zakning yuqori va pastki qismlaridan boshlanib, orqa tomonga yo‘naladi va uzoqlashtiruvchi nervning o‘zagini aylanib o‘tadi. Ana shu II neyronni aylanib o‘tgan qismini ichki tizza deyiladi. Keyin yuz nervi pastga tushib, ko‘prik-miyacha burchagidan tashqariga chiqadi va chakka suyagi piramidasining ichki eshituv yo‘li orqali yuz nervi kanaliga (canalis n.facialis) kiradi. Bu kanalning boshlanish joyida yuz nervi tashqi tizzani hosil qiladi. Kanalning ichida yuz nervidan nog‘ora pardani taranglovchi mushakka (m.stapedius) boradigan tola ajraladi. Yuz nervining asosiy qismi kanaldan o‘tib, foramen stylomastoideum orqali tashqariga chiqadi. So‘ngra quloq oldi bezi ichidan o‘tib, bir necha tarmoqlarga bo‘linib «katta g‘oz» panjasini hosil qiladi. «G‘oz panjasi» ning oxirgi tolalari yuqori va pastki qismlarga bo‘linadi va barcha mimika mushaklarini, shuningdek m.digastricus ning orqa qorinchasini m.stylohyoideus, m.stapedius, m.platisma innervatsiya qiladi. Yuqorigi o‘zakdan keluvchi tolalar yuqorigi, pastki o‘zakdan keluvchi tolalar esa pastki mimika mushaklarni innervatsiya qiladi. Shunday qilib yuqori mimika mushaklar 2 tomonlama, pastki mimika mushaklar bir, ya’ni qarama-qarshi bosh miya yarimshari bilan bog‘langandir. Yuz nervining ta’m biluvchi tolalarining hujayralari yuz nervi kanalining tashqi tizza qismida yotuvchi ganglion geniculi da joylashadi. Bu hujayraning periferik tolalari uch shoxli nervning uchinchi shoxi – n.mandibularis bilan qo‘shilib, tilning oldingi 2/3 qismini innervatsiya qiladi. Ganglion geniculi ning aksonlari esa oraliq nervni (n.intermedius) hosil qiladi va ko‘prik-miyacha burchagidan uzunchoq miyaga kirib, yakka tutam o‘zagida (nucl.tractus solitarii) tugaydi. Yuz nervining sekretor tolalarining hujayralari yuz nervi o‘zagining orqa tomonida joylashgan nucl. salivatorius superior da yotadi. Uning aksonlari oraliq nerv tarkibida yuz nervining kanaliga kiradi. Yuz nervining foramen stylomastoideum dan chiqish oldida undan sekretor tolalari ajraladi. Bu tolalar nog‘ora tori (chorda tympani) tarkibida til nerviga qo‘shiladi va so‘lak bezlarini innervatsiya qiladi. Yuz nervining tashqi tizzasi tarkibida sekretor tolalarini tutgan katta tosh nervi (n.petrosus major) yuz nervi kanalidan chiqib, ko‘z yoshi bezini innervatsiya qiladi. BOLALAR VA KATTALARDA TEKSHIRISH USULLARI Yuz nervini tekshirishga kirishishdan oldin yuz ajinlarini har ikki tomonda simmetrik va ko‘z yorig‘i kattaligi ikkala tomonda baravar ekanligi aniqlanadi. Keyin quyidagi imo-ishoraga oid ya’ni mimik tekshirishlar o‘tkaziladi: 1. Peshonani tirishtirish. 2. Qoshni chimirish. 3. Ko‘zni qattiq yumish. 4. Tishni ko‘rsatish. 5. Lunjga havo to‘ldirish. 6. Xushtak chalish. Normada hamma imo-ishora tekshirishlar yuzning ikkala tomonida simmetrik holda bajariladi. Yosh bolalar va chaqaloqlarda yuz nervini ovqatlanishi vaqtida, kulganida yoki yig‘laganida e’tibor bilan qarab tekshiriladi. ZARARLANISH BELGILARI Yuz nervining zararlanish sohasiga qarab markaziy va periferik falajlarni tafovut etiladi. Yuz nervining I neyroni qaysi sohada shikastlanmasin qarama qarshi tomondagi pastki mimika mushaklari markaziy falajga uchraydi. Yuz nervining II neyroni qaysi sohada shikastlanmasin, shikastlangan tomondagi yuqori va pastki mimika mushaklari periferik falajga uchraydi. Yuz nervining periferik falajida quyidagi belgilar bo‘ladi: yuz assimetrik holatda, kasallangan tomonda yuz ajinlari tekislanadi, ko‘z yorig‘i kattalashadi, lablar sog‘lom tomonga tortib ketadi, falajlangan tomonda og‘iz burchagi pastga qiyshayadi. Mimik tekshiruv o‘tkazilganda peshona terisida ajin paydo bo‘lmaydi, qosh tepaga ko‘tarilmaydi, qosh chimirilmaydi, ko‘z yumilmaydi (lagoftal’m quyon ko‘z), ko‘z yoshlanadi, og‘iz burchagi osilib qoladi, lunjga havo to‘ldirish, hushtak chalish mumkin bo‘lmaydi, ovqat chaynash qiyinlashadi. Shu bilan bir qatorda Bella, Negro, «kiprik», «tennis raketasi» belgilari ko‘riladi. Falajlangan mimika mushaklarida atrofiya kuzatiladi va elektr qo‘zg‘aluvchanlik buziladi. Yuz nervining falajlanganligi yoki parezi aniqlangandan keyin, patologik jarayon shu nervning qaysi sohada ekanligini bilishi kerak: 1). Agar yuz nervining o‘zagi shikastlansa Miyyar Gubler sinromi mavjud bo‘ladi. Bunda shikastlangan o‘zak tomonida mimika mushaklarini periferik falaji, qarama-qarshi tomonda esa gemisindrom yuz beradi. Falajlangan yuz mushaklarida fibrillyar tortish ko‘riladi. Ko‘p holda yuz nervining falajlangan tomonida uzoqlashtiruvchi nerv yoki uni o‘zagi zararlangan bo‘lishi mumkin. Bunda yuqorigidagi belgilarga, ichkariga qaragan g‘ilaylik, diplopiya belgilari qo‘shiladi. (Fovilni alterlanuvchi falaji). 2). Agar yuz nervi ko‘prik-miyacha burchagida shikastlangan bo‘lsa, yuz mushaklarini periferik falajiga eshituv va dahliz nervlarining zararlanish belgilari qo‘shiladi. Quloq yaxshi eshitmaydi, yoki kar bo‘lish, bosh aylanishi (vestibulyar ataksiya) mumkin. 3). Agar yuz nervi fallopiy kanalini yuqori qismida shikastlansa, mimika mushaklar falaji bilan bir qatorda ko‘z yoshini kamayishi yoki to‘xtashi, giperakuziya (qattiq eshitish), ta’mni pasayishi, og‘izni qurishi ko‘riladi. 4). Agar yuz nervi kanalda n.petrosus superfacialis major chiqqandan keyin shikastlansa, belgilar yuqorida qayd qilingandek bo‘ladi, faqat ko‘z yoshlanadi. 5). Agar yuz nervi kanalda chorda tympani ajralmasdan turib zararlansa, mimika mushaklari falaji, ko‘z yoshlanishi, ta’m bilishni susayishi kuzatiladi. 6). Agar yuz nervi fallopiyev kanalidan chiqish joyida zararlansa, faqat mimika mushaklari falajlanib, ko‘z yoshlanadi. Yuqoridagi boshqa belgilar bo‘lmaydi. VIII JUFT DAHLIZ-CHIG‘ANOQ NERVI (n.vestibulocohlearis). Tuzilishi, vazifasi, tekshirish usullari, zararlanishi. Bu nerv o‘ziga xos ikkita sezuvchi nervdan iborat. 1. Eshituv yoki chig‘anoq nervi – n. sochlearis et acusticus. 2. Vestibulyar yoki daxliz nervi – n. vestibularis n. cochlearis – to‘rt neyron zanjiridan tashkil topgan. Birinchi neyronning bipollyar hujayralari spiral tugunchada (ganglion spirale) joylashgan. Bu hujayralarning periferik tolalari spiral a’zoning macula acustici sidagi neu epithelium da tarmoqlanib tugallanadi. Aksonlari esa nervus cochlearis ni hosil qilib, n.vestibularis bilan birga ichki eshituv yo‘li orqali miya so‘g‘oni tomon yo‘naladi va ko‘prik-miyacha burchagidan miya ko‘prigiga kiradi. Dahliz chig‘anoq nervi. 1. Spiral tuguncha 2. Chig‘anoq nervi 3. Dahliz chig‘anoq nervi 4. Dahliz nervi o‘zagi 5. Chig‘anoq nervi o‘zagi 6. Katta tosh nervi 7. Yuz nervining tizzasimon tuguni 8. Nog‘ora parda tori 9. Bachadoncha 10. Orqa yarim aylana kanalning ampulasi 11. Qopcha 12. Vestibulyar tuguncha 13. Dahliz nervi Eshituv nervi ko‘prikka kirib, undagi ikkita o‘zakda, ya’ni oldingi va orqa o‘zakda nucl. ventralis et dorsalis tugaydi. Bu o‘zaklarda II neyron hujayralari joylashgan. Nucl. ventralis dagi II neyron hujayralarining aksonlari ko‘prik asosida trapesiyasimon tanani (corpus trapezoideum) hosil qilib, qarama-qarshi tomonga o‘tadi. Ikkinchi neyron aksonlarining bir qismi trapesiyasimon tanadan o‘tayotgan o‘z tomondagi yoki qarama-qarshi tomondagi trapesiyasimon tana va ustki olivalarning hujayralarida tugaydi. Dorzal o‘zak hujayralaridan boshlanuvchi II neyron hujayralarining aksonlari esa rombsimon chuqurcha yuzasiga chiqib, eshituv xoshiyalarini (striae acusticae) hosil qiladi. Striae acusticae rombsimon chuqurchani o‘rtasiga (raphe) keyin ko‘prik ichiga kirib, ko‘prikning asosi tomon yo‘naladi, so‘ngra trapesiyasimon tanada tugaydi va u yerdan III neyron boshlanib qarama-qarshi tomonga qarab davom etadi. III neyron trapesiyasimon tana o‘zagidan boshlanib, tashqi qovuzloq tarkibida yuqoriga ko‘tariladi. Qarama-qarshi tomondagi ventral va dorzal o‘zak hujayralari aksonlarining ham tashqi qovuzloqni hosil qilishda ishtirok etadi. Demak, bir tomondagi III neyron hujayralar aksonlari har ikkala tomondagi eshituv analizatorining o‘zagi tomon yo‘naladi. O‘rta miyaning pastki tepachalarida eshituv nervining reflektor tolalari tugallanadi, ular start refleksining afferent yo‘li hamdir. Shunday qilib, hosil bo‘lgan lemniscus lateralis (III neyron) yuqoriga ko‘tarilib, po‘stloq osti eshituv markazlari bo‘lgan ichki tizzasimon tana o‘zagida (corpus geniculatum medialis) va pastki tepachalarda tugaydi. Tashqi qovuzloq eshituv aksonlarining bir qismi nucl. lemniscus lateralis da tugaydi. To‘rt tepalikdan boshlangan tractus tectospinalis kesishma hosil qilgandan keyin miya so‘g‘onidan o‘tib, orqa miyani oldingi tizimchasi orqali yo‘naladi va orqa miya segmentlarining oldingi shox hujayralarida tugaydi. Bu yo‘l eshituv va ko‘ruv analizatorlarini orqa miya bilan bog‘laydigan reflektor yo‘l hisoblanadi. Corporae geniculatum mediale o‘zagida oxirgi–IV neyron hujayralari joylashgan bo‘lib, ularning aksonlari bosh miya po‘stlog‘ining chakka qismining yuqori pushtasidagi eshituv analizatorining o‘zagida tugaydi. N.vestibularis ning I neyron hujayralari ichki quloqdagi gang. Scarpae da joylashgan. Bu hujayralarning dendritlari yarim halqasimon kanallarida va otolitdagi retseptorlarda tugallanadi. Aksonlari esa radix n.vestibularis ni hosil qilib n.cochlearis bilan birgalikda ko‘prikni ichiga kiradi. Vestibulyar nerv ko‘prikdagi yuqori, pastki, ichki va tashqi o‘zaklarda (Bexterev, Roller, Shvalbe, Deyters) tugaydi. Bulardan II neyron boshlanadi. Yuqori va ichki o‘zaklardan boshlanuvchi aksonlar miyacha cho‘qqi o‘zagi – nucl.fastigli (tractus vestibulocerebellaris) hamda o‘rtadagi bo‘ylama tutam – fasciculus longitudinalis ga boradi. Fasciculis longitadinalis medialis vestibulyar apparatni n.oculomotorius, n.troshlearis, n.abducens va boshqa bosh miya nervlarning o‘zaklari bilan bog‘laydi. Tashqi o‘zak esa harakat hujayralaridan iborat bo‘lib, uning aksonlari tractus vestibulo-spinalis ni hosil qiladi (Levental yo‘li). Bu yo‘l yordamida vestibulyar apparat orqa miyaning oldingi shoxiga impulslar yuborib turadi hamda harakat muvozanatini saqlashda ishtirok etadi. Shunday qilib, biz vestibulyar apparatning periferiya bilan aloqalarini ko‘rib chiqdik. Vestibulyar nervning pastki o‘zagida joylashgan II neyron hujayralarining aksonlari qarama-qarshi tomondagi thalamus opticus da tugaydi. Undan boshlangan III neyron hujayra aksonlari miya po‘stlog‘iga tomon yo‘nalib, tepa bo‘lagini pastki va chakka bo‘lagining yuqorisida tugaydi. BOLALAR VA KATTALARDA TEKSHIRISH USULLARI Eshituv nervi – n.cochlearis ni tekshirish: Eshituv o‘tkirligini bemorga shivirlab gapirib tekshiriladi. Normal holatda shivirlab aytilgan so‘zlarni tekshiriluvchi 5-6 m masofadan aniq eshita oladi. Tekshirish o‘ng va chap quloqda alohida-alohida o‘tkaziladi. Bir quloq tekshirilayotganda, ikkinchi quloq mahkam berkitilgan bo‘lishi va bemor tekshiruvchi tomonga qulog‘ini tutib, o‘zi esa qarab turmasligi kerak. Kamerton yordamida Veber, Rinne va Shvabax tajribalari o‘tkaziladi. Veber tajribasi yordamida quloqning suyaklar orqali tovush qabul qilish qobiliyati aniqlanadi. Buning uchun tebrantirilgan kamerton oyoqchasini bosh suyagining tepa qismiga qo‘yiladi. Normal holatda har ikki tomondagi suyaklarning tovush o‘tkazish qobiliyati bir xil bo‘lganligi sababli, kamerton tovushi har ikki tomonda ham baravar eshitiladi. Bunga Veber tajribasining lateralizatsiya qilinmasligi deyiladi. Agarda eshituv nervi bir tomonda zararlangan bo‘lsa, Veber tajribasida kamerton tovushi sog‘lom quloqda aniqroq eshitiladi, ya’ni ikkinchi quloqqa lateralizatsiya qilinadi. Rinne tajribasi tovushning havo va suyaklar orqali o‘tishini solishtirib tekshirishga asosolangandir. Buning uchun tebratilgan kamertonni processus mastoideus ga qo‘yiladi. Tovushning suyak orqali eshitilishi tugagandan keyin, shu kamertonni quloqqa yaqinlashtiradi. Normal holatda tekshiriluvchi tovushni suyak orqali eshitmay qolgandan keyin havo orqali eshitaveradi. Bu Rinnening ijobiy tajribasi deyiladi. Agar o‘rta quloq zararlangan bo‘lsa, bemor tovushni havo orqali eshita olmaydi. Buni esa Rinnening salbiy tajribasi deyiladi. Shvabax tajribasi yordamida tovushning suyak orqali o‘tish darajasi aniqlanadi. Buning uchun tebratilgan kamertonni avval bemorning processus mastoideus ga qo‘yiladi. Kamertonning vibratsiyasi eshitmay qolishi bilanoq tekshiruvchi vrach kamertonni o‘zining processus mastoideus ga qo‘yadi. Agar vrach kamerton vibratsiyasini bemordan keyin ham eshitaversa, bu ham tekshiriluvchidan suyak orqali tovush o‘tkazish qisqarganligini ko‘rsatadi. Bunday holda suyak orqali tovush o‘tkazishning necha sekundga qisqarganini aniqlash kerak. Tovush o‘tkazishning qisqarishiga ko‘pincha nervus cochlearis ning zararlanishi sabab bo‘ladi. VIII juft nervning chaqaloq va yosh bolalarda tekshirish vaqtida har xil shiqillaydigan o‘yinchoqlarni tovushiga bergan reaksiyasiga qarab xulosa qilinadi. Bolalar tovush kelgan tomonga qarab boshini buradilar. Eshituv nervi zararlansa, quloq og‘irroq bo‘lishi yoki kar bo‘lib qolishi mumkin. Yaxshi eshitmaslikka gipoakuziya, kar bo‘lib qolishga anakuziya yoki surditlas deyiladi. Patologik jarayon ta’sirida eshituv markazi zararlansa, quloqda har xil tovushlar, g‘uvillash, chiyillash va boshqa shu kabi subyektiv sezgilar paydo bo‘ladi. Vestibulyar nervini tekshirish uchun avval bemor shikoyatlari so‘raladi. (Bosh aylanishi, ko‘ngil aynashi va qusish hollari). So‘ng Romberg holatida va Barani kreslosida va kalorimetrik sinovlar orqali tekshirib ko‘riladi. Vestibulyar nervning zararlanishi bemorda bosh aylanishi, ko‘ngil aynash, qusish, nistagm va ataksiya singari holatlarning vujudga kelishi bilan harakterlanadi. Ichki quloq labirint qismining zararlanishi ham yuqoridagi kabi hurujlarni keltirib chiqaradi. Bunday paytda labirint huruji yoki Mener sindromi yuz beradi, kasallik alomatlari og‘irroq o‘tadi va har xil vegetativ o‘zgarishlar bilan kechadi. Nistagm – ko‘z olmalarining ritmik ravishda qimirlab turishidir. Ko‘pincha, yon tomonlarga qaraganda gorizontal nistagm paydo bo‘ladi. Agar nistagm yuqoriga qaraganda paydo bo‘lsa, vertikal nistagm deyiladi. Patologik jarayon natijasida vestibulyar nerv ta’sirlansa, shu kasallangan tomonga qaraganda nistagm sodir bo‘ladi. Basharti vestibulyar nervning faoliyati pasaygan bo‘lsa, qarama qarshi tomonga qaraganda nistagm paydo bo‘ladi. Vestibulyar ataksiya. Vestibulyar nerv muvozanatni saqlab turishda ishtirok etadi. U ta’sirlansa yoki faoliyati pasaysa kishining muvozanat saqlashi qiyinlashadi, natijada ataksiya paydo bo‘ladi. Bemor zararlangan vestibulyar apparat tomonga gandiraklab yuradi va ijobiy Romberg belgisi kelib chiqadi. IX juft – til-yutqin nervi (n.glossopharyngeus) X juft adashgan nerv (n.vagus) XI juft qo‘shimcha nerv (n.accessorius), til osti (n.hypoglossus), tuzilishi, vazifasi, tekshirish usullari, zararlanishi. Til-yutqin va adashgan nervlari aralash nervlar qatoriga kiradi, chunki bu nervlar tarkibida harakatlantiruvchi, sezuvchi va sekretor tolalar bo‘ladi. Bu ikkala nervlarning tuzilishi, vazifasi, tekshirish usuli va zararlanish belgilari o‘xshash bo‘lganligi uchun, ularni birgalikda ko‘rib chiqiladi. HARAKATLANTIRUVCHI QISMI Til-yutqin va adashgan nervlarning harakat qismi 2 ta: markaziy va periferik neyrondan iborat. I neyron markaz oldi pushtadan boshlanib, uning aksonlari po‘stloq-o‘zak yo‘lini hosil qiladi. Po‘stloq-o‘zak yo‘li ichki kapsulaning tizzasidan, miya oyoqlaridan, Varoliy ko‘prigidan o‘tib, qisman kesishma hosil qiladi va uzunchoq miyada joylashgan ikki yoqlama o‘zakda (nucl.ambigius) tugaydi. Bu o‘zak IX va X neyronlar uchun umumiydir. Ikki yoqlama o‘zakning aksonlari til-yutqin va adashgan nervlarni harakatlantiruvchi qismini hosil qilib, uzunchoq miyaning olivasi bilan arqonsimon tana o‘rtasidan chiqadi va o‘z yo‘nalishida bo‘yintiriq teshigi (foramen jugularae) orqali kalladan chiqadi. Adashgan nervning harakatlantiruvchi tolalari halqum, yumshoq tanglay, hiqildoq, ovoz mushaklarini innervatsiya qiladi. Til-yutqin nervining harakatlantiruvchi tolalari alohida m.stylopharyngeus ni innervatsiya qiladi va shu nervlar orqali inervatsiya qilinadi.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil