Kontent qismiga oʻtish

Buick

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Buick
Fayl:Buick logo 2023.svg
Sobiq nomi
  • Buick Auto-Vim and Power Company (1899–1903)
  • Buick Motor Company (1903–1908)
Turi Boʻlinma
Tarmogʻi Avtomobil sanoati
Egasi General Motors
Qachon asos solingan dekabr1899 (125 yil avval) (1899-12)[1]
Hududiy xizmati
  • Shimoliy Amerika
  • Xitoy
Asoschi(lari) David Dunbar Buick
Brendlari Electra (EV)[2]
Vebsayti buick.com

Buick (/ˈbjuːɪk/) – bu Amerikaning avtomobil ishlab chiqaruvchisi General Motors (GM) ning boʻlimidir. 1899-yilda avtomobilsozlik kashshofi David Dunbar Buick tomonidan asos solingan boʻlib, u Amerikaning ilk avtomobil brendlaridan biri hisoblanadi. Buick General Motors kompaniyasining 1908-yilda tashkil etgan kompaniyadir[3]. General Motors tashkil etilishidan oldin, GM asoschisi William C. Durant Buickning boshqaruvchisi va asosiy sarmoyadori boʻlib ishlagan. 2004-yilda Oldsmobile brendining tugatilganidan soʻng Buick Amerikadagi eng eski avtomobil ishlab chiqaruvchisiga aylandi.

Buick oʻzini premium avtomobil brendi sifatida koʻrsatadi. Brend hashamatli avtomobillarni Chevrolet qimmatroq, lekin flagman hashamatli Cadillacnikidan pastroq narxlarda sotadi. Shimoliy Amerikada Buick avtomobillari deyarli har doim GMC (yana bir premium brend) avtomobillari bilan birgalikda koʻp brendli dilerliklarda sotiladi. 2022-yilda Buickning AQSh bozoridagi ulushi 1,2% ni tashkil etdi. Bu 2000-yildagi ulushidan deyarli ikki baravar kamdir[4].

Ammo, shu davr mobaynida Buickning global savdosi 1,4 milliontani tashkil etdi. Bu brend uchun rekord koʻrsatkichdir. Oʻsish asosan Xitoydagi savdolarga bogʻliq boʻlgan[5]. Buick sotuvlarining 80%i Xitoy hissasiga toʻgʻri keladi[6].

Dastlabki yillar

[tahrir | manbasini tahrirlash]
David Buick, Buick Motor Company asoschisi

Buick dunyodagi eng qadimgi avtomobil brendlaridan biri hisoblanadi. Hozirgi kunda brend hali ham AQShda faoliyat yuritayotgan eng qadimgi brenddir. 1897-yilda tashkil etilgan Autocar gʻarbiy yarimsharning eng qadimgi motor transport vositalari ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi. Kompaniya dastlab avtomobil ishlab chiqaruvchi boʻlgan boʻlsa-da, Autocar hozirda ogʻir yuk mashinalarini ishlab chiqaradi. Oldsmobile ham 1897-yilda tashkil etilgan avtomobil ishlab chiqaruvchilardan biri edi. Lekin Oldsmobile hozir faoliyatini toʻxtatgan. Studebaker 1852-yilda tashkil etilgan, ammo avtomobil ishlab chiqarishni 1902-yilda boshlagan. Genri Ford oʻzining birinchi mashinasini 1896-yilda yaratgan, ammo Ford Motor Company ni faqat 1903-yilda tashkil etgan. Shu davr oraligʻida esa Cadillac kabi boshqa avtomobil ishlab chiqaruvchilar bilan ishlagan. Cadillac kompaniyasi 1902-yilda tashkil etilgan edi.

Birinchi ikki Buick avtomobili 1899 va 1900-yillarda „Buick Auto-Vim and Power Company“ da bosh muhandis Valter Marr tomonidan ishlab chiqarilgan[3]. Ammo kompaniya egasi David Dunbar Buick avtomobillar ishlab chiqarishni boshlashga xohish bildirmagan. Chunki u oʻsha vaqtda stasionar va dengiz dvigatellari ishlab chiqarishdan mamnun edi. Shuning uchun Marr 1901-yilda oʻz nomi ostida avtomobil kompaniyasini tashkil etish uchun Buickni tark etdi. Uning oʻrniga Evgeniy Richard keldi va u 1902-yilda Marrning ustki klapanli dvigateli (valve-in-head) uchun patentga ariza topshirdi. Patent raqami 771,095 edi. Patent 1904-yilda Richardga Buick nomidan berilgan[3]. 1903-yilda Richard uchinchi Buick avtomobilini ishlab chiqard. Ammo 1904-yilda Buick kompaniyasi „Buick Motor Company“ deb nomlandi. Kompaniya Detroitdan Michigan shtatining Flint shahriga koʻchib oʻtdi. Richard esa Detroitda qoldi. Marr Flintga bosh muhandis sifatida qayta ishga qabul qilindi va avtomobillarni ommaviy ishlab chiqarishga kirishdi. Oʻsha yili 37 dona Buick avtomobili ishlab chiqarildi, 1905-yilda ishlab chiqarish hajmi 750 taga, 1906-yilda 1,400 taga, 1907-yilda 4,641 taga, va 1908-yilda 8,820 taga yetdi. Bu koʻrsatkich bilan Buick yaqin raqobatchilari Ford, Maxwell va Olds Motor Works dan oʻzib ketdi[3]. Buick shu yil oʻzini dunyodagi eng yirik avtomobil ishlab chiqaruvchisi deb eʼlon qildi[7].

David Buick oʻz kompaniyasini 1903-yil 19-mayda Michigan shtatining Detroit shahrida „Buick Motor Company“ sifatida roʻyxatdan oʻtkazdi. Kompaniya Buickning doʻsti va avtomobil ishqibozi Benjamin Brisko tomonidan moliyalashtirilgan. U 1903-yil sentabr oyida Michigan shtatining Flint shahridagi Flint Wagon Works ning boshqaruv ulushini James H. Whitingga sotdi[8]. Whitingda Buickni oʻz fabrikasi qarshisidagi joyga koʻchirish va Buick dvigatellarini oʻzining vagonlariga qoʻshish gʻoyasi bor edi[3]. David Buick menejer sifatida ishda qoldi va Walter Marrni bosh muhandis sifatida qayta ishga oldi. Buick va Marr tomonidan ushbu avtomobil uchun ishlab chiqilgan dvigatel 159 kub dyumli ikki silindrli ustki klapanli dvigatel boʻlgan. Har bir silindr gorizontal joylashgan va bir-biriga 180 daraja qarama-qarshi oʻrnatilgan edi.

Whiting 1904-yilda bir nechta Model B avtomobilini ishlab chiqardi xolos. Ammo operatsion kapital tugagach, u oʻsha yili William C. Durantni nazoratchi investor sifatida jalb qildi. Durant 1904-yilda yana bir necha Model B avtomobilini ishlab chiqardi. Kompaniya 1905-yilda Model C avtomobili uchun ishlab chiqarishni kuchaytirdi va keyingi toʻrt yil davomida Buickni AQShdagi eng koʻp sotiladigan avtomobil brendiga aylantirdi.

XIX asrda Durant Flint shahrida hamkasbi Josiah Dallas Dort bilan birgalikda Durant-Dort Carriage Company kompaniyasining hammuallifi sifatida oʻz boyligini toʻplagan. Kompaniya 1904-yilda mamlakatdagi eng yirik va dunyodagi eng yirik avto-transport ishlab chiqaruvchi kompaniyalardan biri edi[3]. Durant 1905-yilda Buick ishlab chiqarish quvvatining aksariyat qismini Michigan shtatining Jackson shahridagi Durant-Dort Imperial Wheel zavodiga koʻchirdi. Buick avtomobil ishlab chiqarishni Jacksonda 1907-yilgacha davom ettirdi. Oʻsha vaqtda Flintda 1-zavod qurib bitkazildi. Jackson zavodi 1912-yilgacha Buick yuk mashinalarini ishlab chiqarishda davom etdi[9]. David Buick 1906-yilda oʻz ulushini sotdi va juda katta boylikka ega boʻldi. Ammo 25 yil oʻtgach oʻrtamiyona holatda vafot etdi. 1907-yilda Durant Kanadadagi avtomobil ishlab chiqaruvchisi R. S. McLaughlenga motorlar yetkazib berishga rozi boʻldi va 1908-yilda General Motorsni tashkil etdi.

  1. "David Buick." Encyclopedia of World Biography. Encyclopedia.com. (July 25, 2023). https://www.encyclopedia.com/history/encyclopedias-almanacs-transcripts-and-maps/david-buick
  2. „Buick Electra“. Qaraldi: 2023-yil 23-noyabr.
  3. 3,0 3,1 3,2 3,3 3,4 3,5 Dunham, Terry B.; Gustin, Lawrence R.. The Buick: a complete history, Third, Kutztown, PA.: Automobile Quarterly, 1987. ISBN 9780915038640. 
  4. Stoll, John D.. „GM Weighs More Layoffs, Sale of Brands“. online.wsj.com (2008-yil 7-iyul). Qaraldi: 2010-yil 16-oktyabr.
  5. General Motors (2018-yil 12-yanvar). „Two Straight Years of 1.4 Million Sales for Buick“. Press-reliz.
  6. Frankel, Todd C.. „"That's a Buick?" In China, unlike the U.S., there's no doubt“ (2016-yil 20-yanvar).
  7. Johansson, George (1991-07-18). „Buick - mannen och bilen“ [Buick - the man and the car]. Teknikens Värld (shved). 43-jild, № 14. Stockholm, Sweden: Specialtidningsförlaget AB. 40-bet.
  8. „James H. Whiting 1842-1919“. Flint Timeline Project. 2009-yil 7-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 18-aprel.
  9. „All Things Buick“. buickcity.blogspot.com. Qaraldi: 2018-yil 9-iyul.