Butli o`rgimchak

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Butli oʻrgimchak oʻtlar va butalar orasiga qurgan toʻri ustida hayot kechiradi. tanasi kichik boshkoʻkrak va dumaloq shakldagi silliq qoringa boʻlinadi. Boshkoʻkrakning ustki tomonida toʻrt juft oddiy koʻzchasi, oldingi uchida boʻgʻimlarga boʻlingan ikki juft ogʻiz organlari joylashgan. Ogʻiz organlarining birinchi jufti ustki jagʻlar hisoblanadi. Ustki jagʻlarning birinchi boʻgʻimi harakatchan tirnoqsimon oʻsimtadan iborat boʻlib, oʻljasi tanasini teshish uchun xizmat qiladi. Jagʻlarning asosida zahar bezlari joylashgan. Jagʻlar sanchilganida zahar tirnoqlar ichidagi naycha orqali oʻljasi tanasiga tushadi va uni oʻldiradi. Oʻrgimchaklarning ikkinchi juft ogʻiz organlari oyoq paypaslagichlar deb ataladi. Ular mayda sezgir tukchalar bilan qoplangan boʻlib, tuygʻu organi hisoblanadi. Paypaslagichlarning asosiy boʻgʻimlari pastki jagʻlar vazifasini bajaradi. Butli oʻrgimchakning oyoq paypaslagichlari yurish oyoqlariga nisbatan birmuncha kalta. Boshkoʻkrakda uzun va ingichka 4 juft yurish oyoqlari ham joylashgan. Qorin boʻlimining hamma boʻgʻimlari qoʻshilib ketgan. Qornining orqa tomonida butsimon oqish dogʻi boʻladi. Shuning uchun unga butli oʻrgimchak nomi berilgan. Qorin boʻlimining keyingi uchida uch juft oʻrgimchak soʻgallari (bezlar) boʻlib, ularga oʻrgimchak bezlarining yoʻllari ochiladi. Oʻrgimchak bezlaridan ajralib chiqayotgan suyuqlik havoda qotib, iðga aylanish xususiyatiga ega. Orqa oyoqlaridagi taroqqa oʻxshash tirnoqlari yordamida bir necha bezdan hosil boʻlayotgan iðlarni oʻrgimchak bir-biriga yopishtirib, bitta yaxlit to`r hosil qiladi. Urgʻochisi bu iðlardan tutqich toʻr toʻqiydi. Butli oʻrgimchakning tutqich toʻri gʻildirak shaklida boʻlib, butalar va baland boʻyli oʻtlar orasiga tik tortilgan boʻladi.

Oziqlanishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻrgimchak zahari tarkibida hazm suyuqligi boʻladi. Bu suyuqlik ta’sirida oʻljaning ichki toʻqimalari parchalanib suyuq holga keladi. Oʻlja tanasini soʻrib oladi. Oʻljadan faqat xitin poʻsti qoladi. Butli oʻrgimchak zahari odam va umurtqali hayvonlarga ta’sir qilmaydi.

Nafas olishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qornining oldingi tomonida bir juft oʻpka xaltalari joylashgan. Har qaysi oʻpkada koʻplab varaqsimon oʻsimtalar boʻladi. Bu varaqlar orqali qon aylanadi. Oʻrgimchakning nafas olishida oʻpka bilan bir qatorda ikki tutam traxeyalar (ingichka naysimon nafas olish organlari) ham ishtirok etadi. Traxeyalar qorin boʻlimining keyingi qismida umumiy teshik orqali atmosfera havosi bilan bogʻlangan. Oʻrgimchak qon aylanish, ayirish va nerv sistemalarining tuzilishi daryo qisqichbaqasinikiga oʻxshash boʻladi.

Koʻpayishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Butli oʻrgimchakning urgʻochisi erkagiga nisbatan yirikroq boʻladi. Urgʻochisi kuzda urugʻlangandan keyin biror pana joy (toshlar va daraxtlar poʻstlogʻi osti)ga bekinib olib, iðdan toʻqilgan pillaga bir qancha tuxum qoʻyadi. Qishda oʻrgimchaklar nobud boʻladi, tuxumlari pilla ichida qishlab qoladi. Bahorda tuxumlardan yosh oʻrgimchaklar chiqadi.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]