Kontent qismiga oʻtish

Buxoro axbori

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Buxoro axbori gazetasidan yoʻnaltirildi)
Buxoro axbori
بخارا اخبارى
Formati Haftalik gazeta
Kimga tegishli BXSR Markaziy Ijroiya qoʻmitasi
Asos solingan 1920-yil 9-sentyabr
Bosh muharrir Mahmud Said Ahroriy
Tili oʻzbekcha, imlo arabcha
Nashrning toʻxtatilishi 1923-yil iyul

Buxoro axbori — (بخارا اخبارى) Buxoro Xalq Sovet Respublikasi hukumati gazetasi. 1920-yil 9-sentyabrdan 1923-yil iyulgacha oʻzbek tilida Buxoro shahrida chop etilgan[1].

1920-yil 9-sentyabrda, amirlik agʻdarilganidan soʻng, BXSRning markazi Eski Buxoro (hozirgi Buxoro) shahrida oʻzbek adabiy tilida, isloh qilingan arab imlosida „Buxoro axbori“ (بخارا اخبارى) nomi bilan gazeta chop etilgan. „Buxoro axbori“ gazetasi Butun Buxoro inqilobiy qoʻmitasi (revkom), 1921-yildan BXSR Markaziy Ijroiya qoʻmitasi (MIQ) organi sifatida nashr etilgan. „Buxoro axbori“ gazetasi 1920-yil 9-sentyabrda chop etilgan 1-sonidan boshlab 2 yil davomida, yaʼni 1922-yil 21-sentyabrga qadar haftada bir marta 1000-1500 nusxada bosmaxonadan chiqarilib turilgan. Buxoro axbori gazetaning dastlabki muharriri maʼrifatparvar, matbaachilik sohasida muayyan tajriba orttirgan Mahmud Said Ahroriy hisoblanadi[2]. 1923-yilning yozida Germaniyadan musulmoncha harf terish mashinasining Buxoroga keltirilishi noshirchilik sohasida burilish yasadi. Yuqoridagi omillar „Buxoro axbori“ gazetasini bundan buyon 4 sahifada emas, balki 8 sahifada chop etish imkonini berdi. Gazeta nafaqat hajman kengayibgina qolmay, balki mazmunan boyidi, oʻquvchiga koʻproq manzur boʻldi, undagi xabar va maqolalar dolzarbligi oshdi. Ayniqsa, tanqidiy, real hayotni tasviflovchi materiallarning gazeta sahifalarida chop etilishi, respublikaning turli viloyatlarida gazetxonlar soni koʻpayishiga olib keldi. 1920-yil 9-sentyabrdan 1923-yilning 16-oktabrgacha 214 soni chop etilgan. Gazeta dastlab 4 sahifada 1000-1500 nusxada chop etilgan boʻlsa, 1922-yil kuzidan boshlab, u 7-8 sahifada haftada 2-3 marta, oyida 8-10 marta, 2000-2500 nusxada nashr etildi. „Buxoro axbori“ gazetasi oddiy holatda chop etilishidan tortib, fotolavhalar va zamonaviy texnik vositalar bilan chiqarilishiga qadar boʻlgan bosqichni bosib oʻtdi. „Buxoro axbori“ gazetasi BXSRning ichki va tashqi siyosati, oʻz davrining ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, madaniy jarayonlari va muammolari masalalarini oʻnlab ruknlar ostida imkon qadar xolisona hamda tanqidiy ruh bilan yoritishdi[3].

Buxoro axbori roʻznomasi katta formatda 2 sahifada, oʻrta formatda 4 sahifada, yupqa va sifati yuqori darajada boʻmagan sargʻish rangli bosmaxona qogʻozida nashr etilgan. Buxoro axbori gazetasining 1-son 1-sahifasida BXSR Xalq Nozirlar shoʻrosi raisi Fayzulla Xoʻjayevning „Kuntugʻdi“ nomli maqola eʼlon qilingan. Maqolada 1920-yil sentyabr oyida amirlik qulashi bilan yuz bergan siyosiy oʻzgarishlar oʻz davri talablaridan kelib chiqib bayon qilingan. 1-son 2-sahifasida muharririyat aʼzolari vayrim mutasaddi hukumat rahbarlarining ichki muammolarga oid maqolalari va BXSR ijtimoiy hayotining turli yoʻnalishlariga oid xabarlar bosilgan. Gazetaning 3-sahifasida chegaradosh mamlakatlarning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy hayoti hamda Gʻarbning turli davlatlarida yuz berayotgan jarayonlar aks etgan. Bu sahifada chet el gazeta va jurnallaridan tarjima qilingan maqolalar „Chet ellarda“, „Bizdan tashqarida“, „Sharqda“, „Turkistonda“, „Shoʻrolar ittifoqida“ kabi ruknlar ostida chop etilgan. Buxoro axbori gazetasining soʻnggi 4-sahifasida BXSR hukumatining buyruq, farmon va qarorlari, hukumat muassasalarining eʼlonlaridan tashkil topgan boʻlib, bu xabarlar „Hukumat tadbirlari“, „Rasmiy qism“ ruknlari ostida chiqarilgan.

Gazetaga Said Ahroriy muharrirlik qilgan davrda bir oyda 4-5 marta, yaʼni haftasiga bir nashr toʻgʻri kelgan. Gazetaning aynan qaysi kuni chiqishi nomaʼlum boʻlgan. Baʼzi sonlari dushanba, baʼzilari chorshanba, ayrimlari esa juma kuni nashr etilgan. Said Ahroriy gazeta atrofiga muxbir va matbaachi mutaxassislardan iborat tarkibni toʻplagan. Shu bilan birga, BXSRning chekka viloyatlaridan xabar toʻplab roʻznomaga yuborib turadigan qishloq muxbirlar guruhini ham shakllantirgan.


  1. Inoyatov S, Rajabov Q. Buxoro tarixi. Toshkent: Tafakkur, 2015 — 460-bet. 
  2. „Bugun “Buxoro axbori” gazetasi yohud “Buxoronoma" gazetasi 100 yoshda“ (2020-yil 20-sentyabr). Qaraldi: 2023-yil 26-iyul.
  3. Rahmonov K. Buxoro Xalq Sovet Respublikasi tarixi matbuot sahifalarida. Toshkent: „ABU MATBUOT — KONSALT“, 2012 — 175-bet.