Kontent qismiga oʻtish

Mahmud Said Ahroriy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Mahmud Said Ahroriy
Mahmud Said Ahroriy
Buxoro axbori gazetasining dastlabki muharriri
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi 1895-yil
Arabiston
Vafoti 1931-yil

Mahmud Said Ahroriy — Buxoro Xalq Sovet Respublikasi hukumati Buxoro axbori gazetasining dastlabki muharriri.

Tarjimayi holi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Mahmud Said Ahroriy 1895-yilda Arabistonning Madina shahrida tugʻilgan.

Ahroriyning otasi Abdurashidxoʻjaning kelib chiqishi xoʻjandlik boʻlgan, haj ziyoratini amalga oshirish maqsadida borib, Madina shahrida qolib ketgan. Professor Naim Karimovning maʼlumot berishiga qaraganda, otasi Abdurashidxoʻja 1903—1905-yillarda Madina shahridan Turkiyaga koʻchib oʻtadi, Istanbulda yashay boshlaydi. Oʻgʻli Muhammad Saidning zamonaviy taʼlim olishini oʻylab Abdurashidxoʻja uni Istanbuldagi gimnaziyada oʻqitgan. Muhammad Said olti oylik harbiy kurslarda ham tahsil olgan. Bu paytda Birinchi jahon urushi boshlanib, Muhammad Said ham Usmonli armiyasida Dardanel uchun olib borilgan janglarda ishtirok etgan. Jang vaqtida turkiyalik boshqa askarlar bilan ruslarga asirga tushgan. Bir necha yillar Sibir oʻrmonlarida mehnat qilgan. Muhammad Said 1917-yilda yuz bergan Fevral inqilobidan keyin Toshkentga kelgan. Muhammad Said Ahroriy Toshkentga kelishi bilan publitsist sifatida zamonning dolzarb mavzularini qalamga oladi. U Madinada tugʻilib, Istanbuldagi maktab va kurslarda turk tilida oʻqigan boʻlsa-da, birinchi maqolalarini sof oʻzbek tilida yozgan[1]. Unga oʻzbek tilini otasi Abdurashidxoʻja oʻrgatgan.

Said Ahroriy 1918—1920-yillarda yozgan maqolalarini „Turk soʻzi“, „Ishtirokiyun“ kabi gazetalarda chiqargan. 1920-yilga kelib uning faoliyati Buxoro bilan bogʻlandi. Oʻsha paytda Yosh buxoroliklar tashkilotining Toshkent byurosi 1920-yilda gazeta va jurnal nashr etishni yoʻlga qoʻygan edi. Jumladan, „Uchqun“, „Qutulish“ gazetalari va „Tong“ jurnali xuddi shu yili nashr etilgan. Said Ahroriy ushbu nashrlarda faol ishtirok etgan. „Uchqun“ning 1-sonida „Zolimlarga qarshi isyon“ rukni ostida Said Ahroriyning „Buxoro askarlariga“ maqolasi chop etilgan. Unda muallif Buxoro ahlini zolim amirga qarshi qoʻzgʻolishga chorlagan[2].

1920-yilning kuzida Buxoroga keladi va Yosh buxoroliklar partiyasiga aʼzo boʻlib kiradi. Shu vaqtdan boshlab, BXSRning yagona matbuot organi „Buxoro axbori“ gazetasida muharrir vazifasida xizmat qiladi. 1921-yil iyunidan BXSRning Ozarbayjondagi konsuli boʻlib ishladi. Buxoroga kaytgach, 1923—1924-yillar davomida „Ozod Buxoro“ gazetasida muxarrir oʻrinbosari va davlat nashriyoti rahbari lavozimlarida faoliyat yuritdi. 1925-yildan Said Ahroriy Samarqandda moliya-iqtisod texnikumida oʻqituvchilik qilgan. 1930-yil 12-noyabrida aynan shu yerda xibsga olingan. 1931-yil 23-mayda Moskva shahrida RSFSR jinoyat majmuasining 58-moddasi 4-bandi bilan otuvga hukm etilgan. Oʻlimidan soʻng oqlangan[3].

Tarixchi olim Kamol Rahmonov „Buxoro axbori“ gazetasining 1-soni 4-sahifasi oxiridagi maʼlumotdan aniqlashicha gazetaning dastlabki muharriri maʼrifatparvar, matbaachilik sohasida muayyan tajriba orttirgan Mahmud Said Ahroriy hisoblanadi. Said Ahroriy muharrirlik qilgan davrda (1920-yil 9-sentyabr—1921-yil 30-iyun) „Buxoro axbori“ bir oyda 4-5 marta, yaʼni hafta davomida bir marta chop etib turilgan. Gazeta chop etiladigan haftaning aniq, qatʼiy belgilangan kuni mavjud boʻlmay, baʼzi haftada dushanba, baʼzan chorshanba, baʼzi haftalarda esa juma kunlariga toʻgʻri kelgan. Said Ahroriy muharrirlik qilgan davrdagi gazetalarning oʻnlab sonlarida bu holatni koʻrish mumkin. Bosh muharrirning tashkilotchilik salohiyati va xizmati shundaki, u gazeta atrofida muxbir hamda matbaachi mutaxassislarni toʻpladi, ular tarkibini shakllantirdi. BXSRning chekka viloyatlaridan xabar toʻplab gazetaga yuborib turadigan qishloq muxbirlari guruhini ham vujudga keltirdi. „Buxoro axbori“ gazetasining ommaviyligi va oʻqimishligini taʼminlashda bosh muharrir Said Ahroriyning dolzarb muammolarga bagʻishlangan oʻnlab maqola va badiiy ijod namunalari muhim rol oʻynadi. U tahririyatni boshqarish bilan birga gazetada bosh muharrirlik qilgan keyingi vakillardan oʻzining maqolanavisligi hamda yuksak jurnalistik mahorati bilan ajralib turgan. Said Ahroriy keyinchalik boshqa masʼul vazifalarda faoliyat yuritganiga qaramay, „Ozod Buxoro“ gazetasi sahifalarida ham uning bir qator taʼsirchan, davrning dolzarb muammolariga bagʻishlangan salmoqli maqolalari chop etildi. Uning maqolalarida BXSRdagi ijtimoiy muammolarning muhim boʻgʻini boʻlgan xotin-qizlar masalasi, xalq salomatligi muammolari, maorif va madaniyatga tegishli boʻlgan vazifalar hamda hukumat organlari ishini takomillashtirish bilan bogʻliq jihatlar qamrab olingan. Said Ahroriyning „Qish keldi, tovushsizlar qotmasin“ nomli maqolasida BXSRdagi kishilarning turmush tarzi, ijtimoiy ahvoli bayon qilinadi. Mamlakatda 1923-yil qishi qattiq kelganligi, badavlat xonadonlarda, korxonalarda yashayotgan uy-joysiz, iqtisodiy nochor ahvolda boʻlgan yetim-yesir oʻgʻil va qizlar ancha foizni tashkil qilishini yozar ekan, Said Ahroriy bu masalaga hukumat idoralarining diqqatini jalb etadi. „Tovushsizlar (yaʼni xoʻjayin tomonidan quvgʻinga uchramaslik uchun tovush chiqarishga jurʼat qilolmaydiganlar) Sharqdagi mamlakatlarda faqat ovqat uchungina xizmat qilib turmaydilar, balki ularga ayrim moyana berilmogʻi bilan barobar yiliga ikki marotaba yozlik va qishlik kiyim beriladi, oʻqitiladi, uylantiriladur“, — deb yozgan muallif[4].

  1. BOYBO‘TA DO‘STQORAYEV. „CHO‘LPON: GAZETA YETTINCHI DAVLAT (2004)“ (2013-yil 25-oktyabr). Qaraldi: 2023-yil 26-iyul.
  2. „Abdulla Qodiriy she’riyati“ 2. 2023-yil 25-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 26-iyul.
  3. Inoyatov S, Rajabov Q. Buxoro tarixi. Toshkent: Tafakkur, 2015 — 460-bet. 
  4. Rahmonov K. Buxoro Xalq Sovet Respublikasi tarixi matbuot sahifalarida. Toshkent: „ABU MATBUOT — KONSALT“, 2012 — 175-bet.