Buxoro ilmiy jamiyati
Buxoro ilmiy jamiyati — Buxoro Xalq Sovet Respublikasida tashkil etilgan jamiyat (1921).
Oʻlkadagi qad. obidalarni muhofaza qilish, xalq amaliy san’atini rivojlantirish, fan tarixiga oid qoʻlyozmalarni yigʻish, arxeologik ashyolar va xalq ogʻzaki ijodi namunalarini toʻplab tadqiq etish kabi ishlar bilan shugʻullangan. Olim, yozuvchi va ma’rifatparvarlardan Abdurauf Fitrat, Otajon Payrov Sulaymoniy, Abdulvohid Burhonov (Munzim), Sadriddin Ayniy, Mirza Salimbek, Sharifjon Maxdum (Ziyo), Ahmadjon Hamdiy (Abusaidov), Muso Saidjonov, Yoʻdsoshqori Poʻlatov, Siddiqxon (Xashmat) (1885—1910-yillarda Buxoro amiri boʻlgan Amir Abdulahadning ukasi) jamiyat a’zolari boʻlishgan. Buxoro ilmiy jamiyati ilmiy ekspeditsiyalar tashkil etgan. Buxorodagi 3 shaxsiy kutubxonada saqdangan sharqshunoslik, tarix, adabiyotga oid qo'lyozma kitoblarni to'plagan. Birgina Sharifjon Maxdum kutubxonasidan 300 jildga yaqin forstojik va turkiy tillardagi noyob qo'lyozma asarlar ro'yxatga olingan. Jamiyat to'plagan qo'lyozma asarlar orasida tarixchi Narshaxiyning «Taʼrixi Buxoro» («Buxoro tarixi»), Ahmad Donishning «Navodirulvaqoe» («Nodir voqealar») asarlari bor. Jamiyatning «Anjumani tarix» bo'limi «Buxoro arki tarixining qo'lyozmasi» kitobini tayyorlagan. Buxoro ilmiy jamiyati to'plagan materiallar Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik instituti qo'lyozmalar fondida saqlanadi.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Shodmon Hayitov. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |