Kontent qismiga oʻtish

Buyruq tartibida ish yuritish

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Buyruq tartibida ish yuritish — fuqarolik va xoʻjalik sud ishlarini yuritishning bir turi. Sud buyrugʻini chiqarish uchun sudga murojaat etilgan talab nizosiz boʻlishi lozim. Sudya bunday tartibda ish yuritishda fuqarolik va xoʻjalik protsessual huquqida belgilangan ish koʻrish bilan bogʻliq boʻlgan qoidalar tatbiq etilmaydi, ish qoʻzgʻatilmaydi, guvohlarning koʻrsatmalaridan foydalanilmaydi. Sud buyrugʻiga oid qoidalarda undiruvchining pul mablagʻlarini undirish, shuningdek koʻchar mol-mulkni qarzdordan talab qilish toʻgʻrisidagi talablar koʻriladi. Nizosiz tartibda degan soʻzni, alohida tartibda koʻriladigan ishlardan farqlay olish lozim. Sud buyrugʻi tartibida koʻriladigan talablar qonunda belgilangan. Fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarga quyidagi hollarda sud buyrugʻini chiqarish haqidagi talab bilan murojaat qilish mumkin:

  • agar talab notarial tasdiqlangan bitimga asoslangan boʻlsa;
  • agar talab yozma bitimga asoslangan va qarzdor tomonidan tan olingan boʻlsa, shu jumladan, agar kommunal xizmatlar toʻlovi boʻyicha qarzni undirish haqidagi talab arz qilingan boʻlsa;
  • agar voyaga etmagan bolalar uchun alimentlar undirish haqidagi, otalikni belgilash bilan yoki uchinchi shaxslarni jalb etish zarurati bilan bogʻliq boʻlmagan talab arz qilingan boʻlsa;
  • agar hisoblangan, lekin xodimga toʻlanmagan ish haqini va unga tenglashtirilgan toʻlovlarni undirish haqidagi talab arz qilingan boʻlsa (OʻzR FPKning 238²-m.si).

Xoʻjalik sudlariga quyidagi hollarda sud buyrugʻini chiqarish haqidagi talab bilan murojaat qilish mumkin:

  • soliqlar va b. majburiy toʻlovlar boʻyicha boqimandalarni undirishni tashkilotlar va fuqarolarning mol-mulkini qaratish toʻgʻrisida talab qoʻyilsa;
  • xujjatlar asosida tan olingan debitorlik qarzini undirish toʻgʻrisida talab quyilsa;
  • talab toʻlanmagan, akseptlanmagan va akseptga sana quyilmagan veksel notarius tomonidan protest qilinishiga asoslansa;
  • lizing beruvchi tomonidan lizing oluvchidan oʻz mol-mulkini talab qilib olish toʻgʻrisida talab quyilsa (OʻzR XPKning 103-m.si)[1].
  1. Oʻzbekiston Yuridik ensiklopediyasi