Kontent qismiga oʻtish

Chingizxon yasosi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Buyuk yasadan yoʻnaltirildi)

Chingizxon yasosi, Buyuk yasoq, Buyuk yasa (moʻgʻulcha "jasoq" — qonun, qaror, jazolash soʻzining turkiy "yasoq" shakli) — Chingizxon tomonidan moʻgʻul qabilalarining Oʻnon daryosining boshlanish joyida chaqirilgan qurultoyi (1206)da qabul qilingan qonunlar majmui, oʻrta asrlar moʻgʻul hukuqi toʻgʻrisidagi asosiy yozma yodgorlik. Chingizxon amriga binoan yozilib, "Oltun daftar" (chingiziy xonlarning rasmiy tarixi) bilan birga xon xazinasida saqlangan. Moʻgʻullar davlatining tashkil topishi bilan Chingizxon yasosini takomillashtirish, yangi qonunlar bilan toʻldirish zarurati tugʻilgan. 1218-yilda unga muhim tuzatishlar kiritilgan. Chingizxon yasosining soʻnggi tahriri 1225-yildagi qurultoyda qabul qilingan.

Dastavval Chingizxon yasosi, asosan, davlat tomonidan amalga oshiriladigan turfa tadbirlar, muayyan gunohlar uchun beriladigan jazo choralarini oʻzida mujassam qilgan. Chingizxon yasosi toʻla shaklda saqlanib qolmagan, uning ayrim parchalari bizgacha yetib kelgan.

Juvayniy (13-asr)ning yozishicha, Chingizxon yasosi uygʻur yozuvida tumor shaklida bitilgan boʻlib, u "Yasa nomayi buzurg" ("Yasa buyuk kitobi") deb nomlangan. Chingizxon yasosining parchalari musulmon tarixchilari Juvayniy, Rashiduddin, Ibn Battuta, Taqyaddin Makriziy; yevropalik sayyohlar Plano Karpini, Billem Rubruk, Marko Polo (13—14-asrlar) asarlarida saqlanib qolgan. 1240-yilga oid — "Moʻg`ullarning maxfiy tarixi" va xitoy manbalarida ham yasoq haqida baʼzi maʼlumotlar mavjud.

  • Utemishxodji , Chingizname, AlmaAta, 1992; Sultonov T. I., Podnyatie na beloy koshme. Potomki Chingizxana, Almati, 2001.