Chalish
Chalish — Xorazm viloyati Urganch tumanidatsh shaharcha. Amudaryo sohilida. Viloyat markazi Urganch shahridan 8 km. Yaqin temir yoʻl stansiyasi — Urganch (14 km). Aholisi 5,6 ming kishi (2004). Ch. oʻrni avval Amudaryoning chap sohilidagi toʻqaychakalakzorlardan iborat hudud boʻlgan. 1886-yilda Amudaryo flotiliyasi tashkil topgandan soʻng pristan barpo etilib, yuk tashuvchi qozoklar bu yerda makon tutganlar.
"Chalish" atamasi — qayiq, sollarni eshkaklar yordamida daryodan kechib oʻtkazish joyi (kechuv) maʼnosida. Aholi dare boʻylaridagi toʻqayzorlarda oʻsuvchi yovvoyi kandirdan ip yigirib paloye va poyandozlar toʻqishgan. Shu sababli bu joy Kandirkum, Qoʻpoliq (Qamishzor) deb ham atalgan. 1929-yilgacha bu yerda Qoʻpoliq pristani boʻlgan. 1929-yil bahorida Amudaryo toshib pristanni yuvib ketgan. Keyinchalik uning oʻrnida qurilgan pristan Chalish deb atalgan. Chalish yonida Amudaryo paroxodchiligi suv yoʻlini nazorat qiluvchi texnika uchastkasi va boshqa tashkilotlar ishlay boshladi. 1940-yilda shaharchada bogʻdorchiliktokchilik xoʻjaligi barpo etildi.
1952-yilgacha Chalish Xorazm viloyatining asosiy transportkema (port) darvozasi hisoblangan. Xoʻjalik yuklari Amudaryo orqali Chorjoʻy (hozirgi Turkmanobod) va Orol dengizidan kemalarda tashib keltirilgan. Urganch—Chalish orasida tor izli (motovoz) temir yoʻlda yuk tashilgan. Chalish 1957-yilgacha Qoraqalpogistonning Beruniy tumani tasarrufida boʻlgan, soʻngra Xorazm viloyati Urganch tumani tarkibiga kiritilgan. 1969-yil 13-martda Amudaryo toshib ovul suv ostida qolgan. Toshqin oqibatlari tugatilgach, Chalishda toshqinga qarshi kurashadigan qurilish tashkiloti tuzildi. 1992-yilda Amudaryo ustidan Ch.ni Qoraqalpogʻistonning Beruniy shahri bilan bogʻlovchi ponton koʻprigi qurildi. Shaharcha yonida vinobop uzum yetishtiriladigan shirkat xoʻjaligi bor.
Chalishda Amudaryo kemalar qatnovi xavfsizligini taʼminlovchi "Chalish texxizmati" idorasi, viloyat ot sporti maktabi, qurilish tashkiloti va "Jayxun" sanatoriysi joylashgan. 2 umumiy taʼlim maktabi (oʻzbek va qozoq tillarida oʻqitiladigan), madaniyat uyi, kutubxona, vrachlik punkti mavjud. Amudaryo sohilidagi xushmanzara joylarda shaharliklarning dam olish zonalari, dala hovlilari bor.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Nurjonov K., Koʻhna va Yangi Urganch, Urganch, 1993.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |