Chalpak madrasasi
Chalpak madrasasi — Fargʻona viloyati Qo‘qon shahrida joylashgan madrasa. Chalpak madrasasini Qo‘qon xoni Madalixon (Muhammad Alixon) ning onasi Nodira (1792—1842) qurdirgan[1]. Boshqa bir oʻrinda Chalpak madrasasi Xudoyorxonning onasi Yorqinoyim tomonidan qurdirilgan deyiladi[2]. Madrasa vaqfnomasida (Oʻzbekiston Respublikasi davlat arxivida saqlanmoqda) 27 ta muhr bor. Jumladan, Qoʻqon xoni Madalixon muhri, hijriy 1227 yil belgilangan, Soʻfi Alam muhri, hijriy 1230-yil yozilgan, Muhammad Sharif qozi muhri va boshqalar. Vaqfnomadan tashqari madrasaning vaqf mulklarini xiroj va tanob soliqlaridan ozod qilinganligi toʻgʻrisidagi Xudoyorxonning inoyatnomasi ham boʻlgan.
Vaqfnomada mutavalli tayinlash va vaqf mulki daromadini taqsimlash tartibi quyidagicha belgilangan: Vaqfnomada mutavalli lavozimiga mudarris tayinlansin. Mutavalli har yili tushgan daromadni oldin madrasa binosini taʼmirlashga, boshqa ehtiyojlarga sarflab, qolgan qismini 24 boʻlakka boʻlgan. Boʻlakning 12 qismi mudarrisga, 10 qismi talabalarga, qolgan 2 qismini 9 boʻlakka boʻlib, ulardan 3 qismini madrasa masjidining imomiga, 2 qismini muazzinga, 1 qismini targʻibotchiga, yaʼni xatabga, 1 qismini qorovulga, 2 qismini sartaroshga berish vaqfnomada belgilab qoʻyilgan[3].
Chalpak madrasasi 29 hujra, bir necha darsxona, masjid, tahoratxona va yordamchi binolardan iborat boʻlgan. Masjid, darvozaxona kabi qismlari saqlangan. Inshoot Usta Bozor Muxandis nomli meʼmor boshchiligidagi ustalar tomonidan qurilgan. Bino oʻtgan asrning 20 yillarida kommunal xoʻjalik ixtiyoriga berilgan va u yerda bir necha xoʻjalik istiqomat qilgan. Oʻsha davrdan beri taʼmirlanmagan. Madrasaning „Chalpak“ deb nomlanishiga sabab shuki, bu yerda dastlab Xokim Oyim, keyinchalik shahar boylari hisobidan koʻp miqdorda chalpak pishirilib, muhtojlarga ulashib turilgan.
Chalpak madrasasi 2021 — 2030-yillarda O‘zbekiston Respublikasi tomonidan YUNESKOning Umumjahon madaniy merosi ro‘yxati, Insoniyat nomoddiy madaniy merosining reprezentativ ro‘yxati, Jahon xotirasi ro‘yxatiga madaniy va tabiiy meroslarni kiritishga ilgari surish bo‘yicha MILLIY REJA dasturiga kiritilgan[4].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „Dahma va Shohon shohlarining maqbarasi“. Uzbekistantravel. 2023-yil 5-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 5-iyun 2023-yil.
- ↑ Абдуллаев Равшанжон Иномжон ўғли „ЎТОВДА ЯШАШНИ АФЗАЛ БИЛГАН МАЛИКА“. kh-davron.uz (2019-yil 11-avgust). Qaraldi: 5-iyun 2023-yil.
- ↑ Ibrohimjon Alimov. Qo'qon xonligi madrasa va maktablari tarixi. Toshkent "Fan" nashriyoti, 2017-yil — 303 bet-bet. ISBN 978-9943-19-405-2.
- ↑ „MODDIY MADANIY MEROS OBYEKTLARI VA YUNESKONING UMUMJAHON MEROSI RO‘YXATIGA KIRITILGAN HUDUDLAR MUHOFAZASINI KUCHAYTIRISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING QARORI“. lexuz (2021-yil 3-mart). Qaraldi: 5-iyun 2023-yil.