Kontent qismiga oʻtish

Chanqash

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
William-Adolphe Bouguereau (1886)

Chanqash, tashnalik – organizmda suv tanqisligi oldidan yuzaga keladigan fiziologik holat. Organizmning suvsiz qolish muddatiga, ter, siydik bilan suv yoʻqotishiga, yeyilgan ovqatdagi osh tuzi miqdoriga qarab, odam har xil darajada chanqaydi. Odam chanqaganda ogʻzi va tomogʻi quriydi. Bu holat ogʻiz va tomoqni suv bilan chayganda, miriqib suv ichganda butunlay yoʻqoladi. Chanqashning paydo boʻlishi organizmdagi suv tuz muvozanatini saqlashga qaratilgan. Chanqash natijasida organizmda jiddiy oʻzgarishlar roʻy berishi mumkin. Bu jarayonning kelib chiqishi markaziy nerv sistemasining turli qismlari (gipotalamus, retikulyar formatsiya, katta yarim sharlar poʻstlogʻi) dagi bir qancha nerv hujayralarining reflektor faoliyatiga bogʻliq.

Chanqash organizmda suv miqdorining kamayishiga boʻlgan normal reaksiyagina emas, balki ayrim kasalliklar (masalan, diabet, buyrak kasalliklari va hokazo) belgisi boʻlishi ham mumkin.

Bosh miya faoliyatining buzilishiga aloqador kasalliklarda kishi tashnalikni umuman sezmaydi. Juda kuchli chanqash yuqori temperatura (issiq iqlim va hokazo) sharoitida ishlovchi kishilarda kuzatiladi. Bunda yuz beruvchi kuchli terlash organizmning faqat suvni emas, balki tuzlarni ham yoʻqotishiga olib keladi. Natijada organizmning suvni ushlab qolish qobiliyati pasayadi, kishi koʻp terlaganidan tashnalik uni holdan toydirib qoʻyadi. Bunday oʻzgarishlarni maxsus suv ichish rejimi yordamida sezilarli darajada kamaytirish mumkin.