Kontent qismiga oʻtish

Chastushka

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Chastushkarus xalq qoʻshiqlari, folklorining eng ommaviy janrlaridan biridir. U toʻrt misrali qoʻshiq boʻlib, aytuvchilar mustaqil toʻrtliklarni ulash asosida kompozitsiya yaratadilar. Chastushka tez aytilishi jihatidan oʻzbek xalq laparlariga oʻxshab ketadi. Bu janr XIX asrning oxirgi choragi, XX asrning birinchi yarmida keng tarqaldi.

Chastushka oʻz tabiatiga koʻra, kundalik voqelikka javob tariqasida improvizatsiya yoʻli bilan yaratiladi va shundan soʻng xalq oʻrtasida tarqalib, qayta-qayta aytilishi natijasida sayqal topadi. Chastushkalarning mavzu doirasi keng, hissiy ta’siri kuchli boʻladi.

Chastushkalar lirik, oʻtkir publisistik, doʻstona yumoristik va shafqatsiz hajviy ruhda boʻladi. Ular an’anaviy xalq qoʻshiqlari va qisman yozma poeziya uslubida, xorey vaznida yaratilib, uch xil shaklda (a-b-v-b; a-a-b-b; a-b-a-b) qofiyalanadi. Chastushkalarda parallelizm keng qoʻllanadi, ya’ni toʻrtlikning birinchi ikki misrasi ramziy obrazlar asosiga qurilsa, keyingi ikki misrada asosiy maqsad, hayotiy xulosa bayon qilinadi.

Keyinchalik folklor ta’sirida rus she’riyatida yozma chastushkalar ham yaratildi. Uning namunalari D.Bedniy, A.Prokofyevlar ijodida uchraydi.

  • JAHON ADABIYOTI TERMINLARINING QISQACHA IZOHLI LUGʻATI