Kontent qismiga oʻtish

Chervetslar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Chervetslar — koksidlar kenja turkumiga mansub teng qanotli hasharotlar. 250 ga yaqin turi uchraydi. Tanasining uzunligi 0,5–35 mm. Urgʻochisi qanotsiz. Erkaklarida bitta oldingi juft qanotlari bor, ogʻiz apparata rivojlanmagan. Urgʻochisining ogʻiz apparati soʻruvchi tipda. Tanasining usti mumsimon yoki unsimon gubor bilan qoplangan. Koʻpchilik turlari mavsumda 1—2, ayrimlari esa 3—4 avlod beradi. Jinsiy yoʻl bilan yoki partenogenetik koʻpayadi. Urgʻochisi 3000 tagacha tuxum qoʻyadi, tirik tugʻadiganlari ham bor. Oʻrta Osiyoda komstok chervetsi, unsimon uzum chervetsi, dumaloq chervets, akatsiya va boshqa turlari zarar keltiradi. Chervets qishloq xoʻjalik va texnika ekinlari, manzarali hamda oʻrmon oʻsimliklari zararkunandasidir. Koʻpchilik turlari ihota daraxtlari (tut)ni shikastlaydi. Zararlangan daraxtlar oʻsishi yomonlashadi, barg, mevalari toʻkiladi, novdalari qurib qoladi. Boʻyoqchilik sanoatida ayrim chervestlar ajratgan moddalardan foydalaniladi.

Kurash choralari: qirqilgan novdalarni bogʻdan tashqariga olib chiqarib yoqib yuborish; daraxt kurtaklari rivojlanmasdan oldin unga mineralmoy emultsiyasi (bir tup daraxtga 10—15 l) purkash va boshqa ekiladigan koʻchatlarni metil bromid preparati (50—60 g/m3) bilan fumigatsiya qilish.