Kontent qismiga oʻtish

Chilangarlik

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Chilangarlik — mayda buyumlar (ustara, qaychi, bigiz, arra, iskana kabi ish asboblari)ni yasash kasbi, zamonaviy ishlab chiqarish sharoitida turli mexanik amallarni bajarish. Chilangarlik buyumlari avval xonaki hunarmandchilik usullarida ishlab chiqarilgan. Chilangarlar, asosan, oʻchoq, dam, bozgʻon, bolgʻa, ombur vab. asboblardan foydalangan. Ular sartaroshlik, etikdoʻzlik, kavushmahsidoʻzlik, tikuvchilik va duradgorlik kasblariga kerakli, shuningdek, binokorlik uchun ish qurollari yasashgan. Hozir chilangarlik mahsulotlari asosan korxonalarning maxsus sexlarida koʻplab ishlab chiqariladi. Korxonalardagi chilangarlik (slesarlik) rejalash, kesish yoki qirqish, tekislash yoki toʻgʻrilash, egish, parmalash, oʻyish, egovlash, parchinlash, kavsharlash, qalaylash va boshqa amallarni oʻz ichiga oladi. Biror mahsulotni tayyorlashda bu amallarning baʼzilari birin ketin muayyan tartibda bajariladi. Bu tartib texnologik jarayon deb ataladi. Texnologik jarayondagi amallar maxsus asbob uskunalar, dastgohlar, stanoklar, kavsharlash va payvandlash jihozlari yordamida bajariladi.