Kontent qismiga oʻtish

Chimboy qoʻzgʻolonlari

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Chimboy qoʻzgʻolonlari - Qoraqalpogʻistonda sovet hokimiyatiga qarshi 1919—20, 1929-yillarda koʻtarilgan xalq qoʻzgʻolonlari.

Birinchi Chimboy qoʻzgʻoloni (1919—20)ga Eshonzoda Xon Maxsum (Ubaydulla Otaullayevich Bohauatdinov; 1887—1956) va Qoʻngʻirotning sobiq begi Qutlimurot biy (u Bola biy nomi bilan mashhur boʻlgan) rahbarlik qilishgan. Qoʻzgʻolonchilar 40 ming kishi Chimboy va Moʻynoq tumanlarini bolsheviklardan ozod qilib (1919-yil 17 avgust), Nukusni ishgʻol qilishgan. Junaidxon 60 kishilik qurolli guruhni harbiy yordamga joʻnatgan. Amudaryo boʻlimining shim. tumanlarida ham bolsheviklar xukumati agʻdarilib, xalq hokimiyati oʻrnatilgan. M. Filchev (urallik kazak) boshchiligida Chimboyda tuzilgan xalq hukumati tarkibiga nufuzli qrraqalpoqlardan Xon Maxsum, Bola biy, I. Odilov, I. Niyozov, S. Pirnazarov va Ural kazaklari kiritilgan.

Keyinchalik Turkiston komissiyasi maxsus vakili G. Skalov bilan qoʻzgʻolon rahbarlari oʻrtasida sulh bitimi imzolanib, sovet hukumati qoʻzgʻolonchilarga amnistiya eʼlon qilgan (1920-yil 18-fevral). Biroq oradan koʻp oʻtmay bolsheviklar qoʻzgʻolon rahbarlari — Xon Maxsum va boshqa (jami 24 kishi) ni hibsga olishgan (1921-yil fevral) hamda Semipalatinsk va Tomsk viloyatlariga surgun qilishgan. Yirik yer egalari va savdogarlar (75 kishi)dan katta miqdorda tovon puli undirilgan. Sovet xrkimiyati qoʻzgʻolon qatnashchilarining koʻpchiligini qatagʻon qilgan.

Ikkinchi Chimboy qoʻzgʻoloni (Taxtakoʻpir voqealari; 1929) Qoraqalpogʻiston avtonom viloyati (bu paytda u Qozogʻiston ASSR tarkibida edi)da 1929-yil qishloq xoʻjaligini jamoalashtirish va aholidan katta miqdorda soliq va turli yigʻinlar undirishiga qarshi koʻtarilgan. Sovet hokimiyatidan norozi kuchlar 1929-yil iyul — sentabrda Chimboyda yashirin kengashlar oʻtkazib, qoʻzgʻolon rejasini tuzishgan. 1929-yil 26-sentabrdagi kengashda xalq hukumati tashkil etilib, Abdujalil Maxsum Ismatullayev (1879—1930; viloyat sudi raisining sobiq boshligʻi) — hukumat boshligʻi (xon), Karimberdi Oxun Nurullayev — adliya vaziri (qozikalon), Borliqboy Nurumov (sobiq boʻlis boshligʻi; urugʻ rahbari) — harbiy vazir lavozimiga saylanishgan. Qurolli guruh tuzilib, qoʻzgʻolonga puxta hozirlik koʻrilgan.

Qoʻzgʻolon 1929-yil 27-sentabrda Taxtakoʻpirda boshlangan. Karimberdi Oxun boshchiligidagi qoʻzgʻolonchilar (200 kishidan ortiq) Taxtakoʻpirda sovet hokimiyatini agʻdarib tashlashgan. 1929-yil 28-sentabrda VKP(b) Qoraqalpogʻiston viloyat komiteti Chimboy va Taxtakoʻpirdagi voqealar munosabati bilan poytaxt Toʻrtkoʻlda favqulodda holat eʼlon qilgan. Taxtakoʻpirga harbiy jazo otryadi yuborilgan. Viloyat rahbarlari P. Varlamov va K. Ollaberganov VKP(b) MK Oʻrta Osiyo byurosidan shoshilinch harbiy yordam soʻrashgan. Qoʻzgʻolonchilar Xorazm va Toshhovuz okruglarida bolsheviklarga qarshi kurashayotgan milliy kuchlar (Junaidxon va boshqalar) bilan aloqalar oʻrnatishgan. Qoʻzgʻolon Qoraqalpogʻistonning boshqa hududlariga ham keng tarqalgan. Unda hatto ayollar faol qatnashgan. Qoʻzgʻolon Toshkent, Qiziloʻrda, Moskvadagi sovet rejimi rahbarlarini jiddiy tashvishga solgan. VKP(b) MK Xorazm vohasiga Grichmanov boshchiligida maxsus harbiy otryad joʻnatgan. Oʻrta Osiyo harbiy okrugining 84otliq polki xam qoʻzgʻolonni bostirish uchun safarbar qilingan. OGPUning viloyat boʻlimi harbiy jazo operatsiyalari vaqtida qoʻzgʻolon rahbarlari va ishtirokchilaridan Xoʻjaylida (74 kishi), Qoʻngʻirotda (64 kishi), Taxtakoʻpirda (44 kishi) va boshqa hibsga olingan. Surgundan qaytgan Xon Maxsum ham qamoqqa tashlangan. 1929-yil dekabrda boʻlgan Qozogʻiston ASSR Oliy sudining sayyor sessiyasida 16 kishi otishga hukm qilingan, 26 kishi turli muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. Bundan tashqari "Chimboy aksilinqilobiy tashkiloti"ning 36 aʼzosi (K. Nurullayev, T. Saparov, A. Sodiqov va boshqalar) maxsus "uchlik" qarori bilan otishga, 13 kishi konslagerlarga yuborishga hukm qilingan. Qoʻzgʻolonchilarning oila aʼzolari ham qamoqqa olingan va surgun qilingan.

  • Allaniyozov T.K., "Kontrrevolyutsiya" v Kazaxstane: Chimbayskiy variant, Almati, 1999; Oʻzbekistonning yangi tarixi, 2kitob [Oʻzbekiston sovet mustamlakachiligi davrida], T., 2000; Istoriya Uzbekistana (19171991 gg.), T.,2002;Abdullayeva Ya., Qoraqalpogʻiston xotinqizlari: kecha va bugun. XIX asrning oxiri va XX asr, T., 2004. Qahramon Rajabov.