Chimyon zilzilasi
Chimyon zilzilasi - 1982-yil 6-may kuni Fargʻona vodiysining Chimyon shaharchasi atrofida roʻy bergan. Avvaliga portlashga oʻxshash tovush eshitilgan va bir zumda yer qattiq silkinib, hamma joyda changtoʻzon koʻtarilgan. Togʻlarda oʻprilish, koʻchki va tosh koʻchish jarayonlari boshlangan. Zilzila markazi Langar qishlogʻida (Oxunboboyev tumani) boʻlib, kuchi 7—8 ballga yetib, magnitudasi 5,8 boʻlgan. Zilzila oʻchogʻining chuq. 20 km. Langardagi koʻplab uylar shikastlangan, ayniqsa, guvala va paxsadan qurilganlari buzilgan. Hamza va Vodildagi 2 qavatli gʻishtli imoratlarda kattakichik yoriqlar paydo boʻlgan, eshik va romlar oʻrnidan qoʻzgʻalgan, tomlardagi pechka moʻrilari buzilib ketgan. Bu joylarda tebranishlar kuchi 7 ballga yetgan, shuningdek, Fargʻonada 6 ball, Andijonda 5—6 ball, Namanganda 5 ball, Toshkentda 4 ball bilan sezilgan. Zilzila izoseystlari Janubiy Fargʻona seysmogen zonasining yoʻnalishiga moye kelgan. Yer qimirlash epitsentri avvaldan kuchli zilzilalar boʻlishi ehtimoli bor joy deb belgilab qoʻyilgan seysmogen zonada sodir boʻlganligi, oʻzbek seysmologlarining bashoratini tasdiqladi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |