Chiyal
Chiyal — Qashqadaryo viloyatining Koʻkdala tumanidagi hudud. Shoʻrolar davrida „Payshami“ („Payshanba“) bozori va yaxna deb nomlanadigan taomi bilan mashhur boʻlgan.
Umumiy maʼlumotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Qorayevning „Oʻzbekiston toponimiyasi“ nomli asarida Chiyali nomi chiya — „yovvoyi olcha“dan olingan deb hisoblaydi.[1] Ammo tarixchi olim Shamsuddin Kamoliddinovning fikricha, Chiyal bu turkiy urugʻlardan birining nomi.[2] „Chiyal“ qadimgi turk urugʻi chigillar nomidan olingan boʻlishi mumkin. Xalq orasida tarqalgan rivoyatlarga koʻra ushbu qishloq joylashgan qir-adirlarda qadimda chiya boʻrilar juda koʻp boʻlgan va xalq shundan kelib chiqib qishloqni Chiyalisoy (chiyaboʻrilar yuradigan soy)deb atagan, keyinchalik soy qoʻshimchasi tushib, Chiyali tarzida aytilgan.
Xuddi shu nomda (toʻgʻrirogʻi Chiyali tarzida) Boshqirdistonda qishloq mavjud.
Chiyal jamoa xoʻjaligi iqtisodi asosan qishloq xoʻjaligiga asoslangan: paxta, gʻalla, kunjut yetishtiriladi. Chiyal jamoa xoʻjaligida parrandachilik fabrikasi ham mavjud. Undan tashqari aholi oʻrtasida oʻz juvozlariga ega boʻlganlar ham anchagina. Juvozdan olingan yogʻni chiyalliklar Samarqand viloyatiga olib borib sotishadi. Chiyali qishlogʻi 16-17 ta alohida-alohida kichik qishloq-ovullarga boʻlinadi(Qozoq, Toqchi, Toʻqmor, Chuvilloq, Annaroʻz, Dursun, Zum,Shov, Qilburun,Jinni va b.), oʻz navbatida ovullar ham yana bir qancha kichik-kichik hududlarga (Shevada „tupor“ deyiladi.)boʻlinadi. Bayramlar, xalq sayllarini tupor-tuporga boʻlinib nishonlashadi. Chiyali qishloqlarida navroʻz bayrami oʻziga xos tarzda nishonlanadi, aholi keng qir-adirlarga chiqib xalq saylini tashkil etadi. Navroʻzni bir yilda tugʻilgan, ishlab, uy-joy qilgan sinfdoshlar oʻzaro pul yigʻib nishonlaydilar, butun xalqqa tekin osh tarqatiladi, dorbozlar, poytaxtdan chaqirilgan xonandalar, kurash, koʻpkari musobaqalari bayramga oʻziga xos ruh bagʻishlaydi. Chiyal hududidan Qumdaryo oqib otadi. Bu daryoning oʻziga xos xususiyati — faqat bahorda suvga ega boʻlishidir. Boshqa fasllarda bu daryo qurib qoladi. Qurigan paytda tagidagi qumlarni koʻrish mumkinligi uchun shu nom berilgan boʻlsa kerak.
Chiyal bozori
[tahrir | manbasini tahrirlash]Chiroqchiliklar bu bozorni „Payshami bozor“ deb atashadi. „Payshami“ („Payshanba“) deb atalishiga qaramasdan, yakshanba kuni boʻladigan bu bozor shoʻrolar davrida kamyob tovarlarning moʻl-koʻlligi bilan mashhur edi. Magazinlarda topilmaydigan, „peshtaxta osti“dan sotiladigan sovet va import tovarlarni shu bozordan topish mumkin edi. Shuning uchun bu yerga viloyatning turli burchaklaridan oʻziga toʻq odamlar kelishgan.
Chiyalliklar savdogarliklari bilan mashhur boʻlishgan. Bozor haqida el orasida afsonalar yuradi. Shulardan bir nechtasi: bozorda qurol sotib olishingiz mumkin, oʻgʻrilik yoʻq, chunki oʻgʻri tutilib qolsa, uni toshboʻron qilishadi yoki doʻpposlashadi va hokazo.
Bu bozor nomi hatto adabiy asarga ham kirishga muvaffaq boʻlgan. Taniqli yozuvchi Oʻtkir Hoshimov oʻzining "Ikki karra ikki besh" nomli asarida Chiyali bozori haqida yozgan. Asar qahramoni Qoʻshoqvoy yoshligida Chiyali bozoriga boradi va bir qancha qiziq hangomalarga duch keladi.
Hozirda bu bozorning mavqei biroz pasaygan, shoʻrolar davridagi va mustaqillikning dastlabki yillaridagi ahamiyatini yoʻqotgan. Bunga sabab „peshtaxta osti“ degan tushunchaning yoʻqolgani va raqobatchi bozorlarning koʻpayib ketganligi boʻlishi mumkin.
Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Yana qarang
[tahrir | manbasini tahrirlash]Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Qorayev, „Oʻzbekiston toponimiyasi (ijtimoiy aspekt)“[sayt ishlamaydi], Toshkent, 1991
- ↑ „Soʻgʻd va Toharistonning tarixiy joʻgʻrofiyasi“, Toshkent, 1996