Kontent qismiga oʻtish

Chor karvonsaroy guzari

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Chor karvonsaroy guzari
Umumiy maʻlumotlar
Shahar Buxoro shahri
Tarixiy tuman Shayxs Rangrez jaribasi (mikrohududi)
Avvalgi nomlari Boboyi Ol

Chor karvonsaroyBuxoro shahrining Shayx Rangrez qismida joylashgan qadimiy guzar.

Chor karvonsaroy guzari XVIII asrning 80-yillarida tashkil topgan. Savdo rastalari o‘rtasida joylashgan ushbu guzarning eng katta karvonsaroyi — Rashidbek saroyi edi. Unda ko‘proq afg‘on savdogarlari istiqomat qilardi. Guzarda karvonsaroylar joylashganidan ma’lumki, aholisi ham savdogarlar edi. Guzarda uncha katta bo‘lmagan masjid mavjud bo‘lib, u Mirzo Ubayd nomida edi.

Dastlab bu guzarni Boboyi Ol deb atashgan. XIX asr oxiri va XX asr boshlarida esa bu guzarda qabriston ham bo‘lgan. 1927-yil va 1929-yilgi qayta ro‘yxatga olish hujjatlarida Chor karvonsaroy guzari qayd etilmagan. Ammo 1927-yili olingan hisobotda shu atrofda Abdusamat guzari bo‘lib, undagi 102 xo‘jalikda 918 kishi istiqomat qilganligi qayd qilingan[1].

Karvonsaroylardan eng kattasi saroyi No‘g‘ay bo‘lgan. Bu Toqi Sarrofondan o‘tgandan keyingi yo‘lda joylashgan. XX asrda ushbu saroy davlat ixtiyoridagi kommunal uy bo‘lib, unda bir necha aholi yashagan. Guzardagi masjid esa ta’mir qilinib, Sarrofon choyxonasi deb nom olgan. Toqi Sarrofon ikki ko‘cha — Xo‘ja Bahouddin Naqshband va Arabon ko‘chalari chorrahasida joylashgan. Toqi Sarrofon degan nom shundan olinganki, bu yerda sarroflar o‘tirib, chet el pullarini almashtirganlar va pul maydalaganlar[2]. Shuningdek, bu yerda ikkita passaj — biri pochta, telegraf, ikkinchisi Buxoroda ochilgan ilk banklardan biri Rus—Xitoy (Osiyo) banki bo‘lgan. U amirlik davrida ham mavjud bo‘lgan.

Passajdan pastda Toqi Sarrofonning pastki tomonida Sarrofon hammomi bo‘lgan. Uning yonida davlat va jamoat arbobi Fayzulla Xo‘jayevga tegishli saroy bo‘lgan. Sarrofon hammomi erkaklarniki bo‘lsa ham, u haftada ikki kun faqat xotin-qizlarga xizmat qilgan. Mustaqillik yillarida No‘g‘ay karvonsaroyi va Sarrofon hammomi ta’mirlangan.

  1. Раҳматова С., Қурбонов Ҳ. Бухоро гузарлари тарихидан лавҳалар. Бухоро: Бухоро, 1995 — 15-bet. 
  2. Boltayev A. Buxoro toponimikasi (birinchi qism). Buxoro: Durdona, 2022 — 37-bet.