Kontent qismiga oʻtish

Chorsu (Qarshi)

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Chorsu
Umumiy maʼlumot
Shahar Qarshi
Mamlakat O‘zbekiston
Buzilgan sana XX asrning 40-yillari

Chorsu — qal’a shahriston bosh maydoni, bekning qarorgohi Oʻrda (Ark)ga va Xiyobon, Qorluqxona darvozalariga oʻtish uchun xizmat qilgan. Qadimiy usti yopiq bu chorraha shu bilan birga oʻz zamonasining tijorat markazi-savdo timi sifatida foydalanilgan[1].

Chorsu oʻziga xos zamonaviy tilda „ochiq xususiy bank“ pul mablagʻlari „jamgʻarish“ va ayirboshlash bozori boʻlgan. Bundan tashqari, unda bazzozlik, zargarlik, attorlik, kulolchilik timlari, atrofida esa koʻplab kabobxona (oshxona)lar joylashgan. Uning sharqiy tomoni Tutak darvozaga, janubiy tomoni Registonga, shimoliy tomoni Hiyobon darbozasiga va gʻarbiy tomonidan—"Amir hammomi" oldidan oʻtib, Odina masjidining orqa tomonidan Oʻrda (Ark)ga boradigan yoʻl va Qorluqxona darvozasiga yoʻnalgan. Timlarga kirish joyi ochiq boʻlib, ularga eshik va darvozalar qurilmagan. Bu Qarshi Chorsusining boshqa shaharlar, masalan, Samarqand, Shahrisabzdagi Chorsulardan farq qiladigan asosiy xususiyatidir[1][2].

Meʼmorchiligi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Chorsuning markaziy gumbazi (chorrahasi) aylanasi diametri 18-20 metr(qadam), eni esa 10-12 metr (15-16 gaz) boʻlgan. Mixail Masson esa gumbazning diamerti 25 metr boʻlgan deb koʻrsatadi. Chorsuning koshinlar bilan bezatilgan devorlari juda enli boʻlib, har bir tim tepasida 2 tadan kichik gumbazlar boʻlgan va ular ham moviy koshin bilan qoplangan. Sarroflar katta gumbaz ostida, devor tagidan maxsus joylarda oʻtirib, pul almashtirganlar. Chorsuning kim tomonidan qurilganligi masalasida fikrlar turlicha boʻlib, baʼzilar — Chorsu Amir Temur tomonidan qurilgan, desa, boshqalar Abdullaxon tomonidan bunyod etilgan, deydilar. Chor mustamlakachilari 1869-yilda Qarshini bosqin qilib, toʻpga tutganlar va ana shu toʻpbozlik paytida Chorsu tamomila vayron boʻlgan, uning xarobalari esa, XX asrning 40-yillarida tekislab yuborilgan[1][2].

  1. 1,0 1,1 1,2 Poyon Ravshanov. Qarshi tarixi. Toshkent: Yangi asr avlodi nashriyoti, 2006 — 587—588-bet
  2. 2,0 2,1 Abdusattor Jumanazar. Nasaf. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi nashriyoti, 2007 — 9—10-bet