Dagʻal jun
Dagʻal jun — tarkibi har xil tipdagi dagʻal (tivit, oraliq tola) jun tolasi, quruq va ulik tolalardan tashkil topgan, kokilchasimon tuzilishdagi jun. D. j. tolasining ingichkaligi va uzunligi turlicha boʻlishi bilan ajralib turadi. D. j.ning sifati tola tiplarining oʻzaro nisbati, uzunligi va ingichkalik koʻrsatkichlariga bogʻliq. Tivit tola qiltiq tolaga nisbatan koʻproq boʻlsa, jun qoplamida quruq tolalar boʻlmasa, jun yumshoq va sifatli boʻladi hamda yuqori (1-nav)ga kiritiladi. D. j. mahalliy dagʻal jun beruvchi qoʻy (qarang Dagʻal junli qoʻylar) va echki (qarang Dagʻal junli echkilar) zotlaridan, tuyalardan va b. hayvonlardan olinadi. D. j. beruvchi qoʻylar juni yiliga ikki marta — bahor va kuzda qirqib olinadi. Bahorgi va kuzgi jun standartlar asosida baholanadi. Bahorgi jun chiqishi kuzgi junga nisbatan koʻp va sifati yaxshi boʻladi. Dagʻal junli qoʻylar qoʻzisi juni tugʻilgan yilning oʻzida kuz fasliga borib, 4—6 oyligida birinchi bor qirqimga keladi. Oʻzbekiston chorvachiligida qorakoʻlchilik va goʻsht-yogʻ beradigan dumbali, yaʼni dagʻal jun beruvchi qoʻychilik yetakchi soha. Respublikamizda asosan sifatli gilambop, namatbop va shinelbop D. j. yetishtiriladi (qarang Jun.).
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |