Dahriylik
Dahriylik (arab, dahr — vaqt, taqdir, falak) — islom paydo boʻlmasdan ilgari arab jamiyatida keng tarqalgan aqida. "Oʻlim", "taqdir", "ajalning yetishi" maʼnolarini anglatgan bu aqidaga koʻra, insonning taqdiri oldindan belgilab qoʻyilgan, u erkin iroda yoki ixtiyor egasi emas, peshonasiga "yozilgan" narsa, albatta, sodir boʻladi va undan qutulishning iloji yoʻq. Johiliya arablarida narigi dunyo borligiga, bu dunyoda zahmat chekkanga u Doʻnyoda ajr, gunoh ishlar qilganlarga azob berilishiga ishonch yoʻq edi. Borliq egasi, oliy hokimi sifatida muayyan bir xudo emas, qandaydir "dahr", taqdiri falak, inson irodasi bilan hisoblashmaydigan va undan yuqori turadigan tasodifiy oʻzgarishlar jarayoni tasavvur qilinardi. Ularning eʼtiqodicha, oʻlimdan soʻng hamma narsa tugaydi, shuning uchun bugungi kun bilan yashab qolish kerak. Bunday hissiyot Qurʼonda quyidagi soʻzlar bilan ifodalangan: "Ular deydilar: faqat bitta — bu dunyodagi hayotimiz bor — yashaymiz va oʻlamiz; bizni dahr (vaqt, takdir) xalok qiladi" (Josiya surasi, 24-oyat). Keyinchalik, islom adabiyotida "dahriy" soʻzi "moʻʼmin" soʻzining aksi sifatida ishlatila boshlandi. Oʻrta asrlarda bir qancha olim, mutafakkir va shoirlar (mas, Mansur Halloj) D.da ayblanib, shafqatsiz jazolangan. Hozir ham musulmon dunyosida D. qoralanadi. D. va ateizm atamalari bir maʼnoni anglatmasada, shoʻrolar davrida ularni sinonim soʻz sifatida ishlatish rasm boʻlib qolgan edi.
Ahadjon Hasanov.
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |