Kontent qismiga oʻtish

Daruma qoʻgʻirchogʻi

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Daruma qoʻgʻirchogʻi

Daruma qoʻgʻirchogʻi (yaponcha: 達磨 daruma?) – buddizmning Zen anʼanasi asoschisi Bodhidharma sharafiga ishlangan, ichi boʻsh, yumaloq shakldagi yapon anʼanaviy qoʻgʻirchoqlarining bir turi. Bu qoʻgʻirchoqlar, odatda qizil rangda va soqolli odam (Bodhidxarma) tasviri tushirilgan koʻrinishda boʻladi. Shuningdek, qoʻgʻirchoq yasalayotgan mintaqa va rassomga qarab rang va dizayn bir-biridan farqlanishi mumkin. Baʼzilar tomonidan oʻyinchoq hisoblansa-da, Daruma ramziy maʼnoga va oʻziga xos dizaynga ega, qoʻgʻirchoq koʻproq yaponiyaliklar uchun omad timsoli sifatida qaraladi. Daruma qoʻgʻirchoqlari qatʼiyatlilik ramzi sifatida koʻriladi va omad tilash maʼnosida sovgʻa qilinadi. Qoʻgʻirchoq koʻplab buddist ibodatxonalari tomonidan turli maqsadlar jumladan tijorat maqsadida ham ishlab chiqarilgan.

Foydalanilishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Sotib olinganda, figuraning koʻzlari oq rangda boʻyalmagan holatda boʻladi. Keyin foydalanuvchi oʻzi erishmoqchi boʻlgan tilakni tilaydi va figuraning chap koʻzini xitoy yoki yapon siyohi bilan boʻyaydi. Istalgan maqsadga erishilgach, oʻng koʻz ham chiziladi[1]. Bu anʼana odatda yangi yil oldi oʻtkaziladi.

Bodhidharma, Yoshitoshi tomonidan yogʻochdan yasalgan bosma, 1887-yil

Bodhidharma – milodiy V-VI asrlarida yashagan buddist rohib. U anʼanaviy ravishda Chan (Zen) yoʻnalishining Xitoydagi davomchisi sifatida tavsiflanadi. Bodhidharma biografiyasi haqida juda kam maʼlumot saqlangan va koʻplab maʼlumotlar afsonalarga asoslanadi. Bir anʼanaga koʻra, Bodhidharma meditatsiya bilan shugʻullanishligi bilan ham shuhrat qozonganligi aytiladi. Afsonaga koʻra, u toʻqqiz yil davomida qimirlamay meditatsiya qilgan va bu paytda devorga qarab oʻtirgan, uning oyoqlari va qoʻllari atrofiyaga duchor boʻlgan[2]. Yana bir mashhur afsonaga koʻra, toʻqqiz yillik meditatsiya paytida uxlab qolgach, u oʻzidan gʻazablanib, yana uxlab qolmaslik uchun qovoqlarini kesib tashlagan. Uning qovoqlaridan esa choy daraxti paydo boʻlgan.

Xitoyning asosiy manbalariga koʻra, Bodhidharma Gʻarbiy mintaqalardan kelib chiqqan boʻlib, u asli Oʻrta Osiyolik, ammo Hindiston yarimorolidan kelgan boʻlishi ham mumkin. U haqida „fors oʻrta osiyolik“ yoki „janubiy hindistonlik … buyuk zot Hindiston qirolining uchinchi oʻgʻli“ boʻlgan degan taxminlar ham mavjud[3][4]. Butun buddizm sanʼatida Bodhidharma xitoylik boʻlmagan, gʻazabnok, soqolli, keng koʻzli odam sifatida tasvirlangan. Bodhidharma Chan matnlarida „Moviy koʻzli vahshiy“ (xitoycha: 碧眼胡) deb tilga olinadi.

Bir koʻzi tilak uchun boʻyalgan daruma qoʻgʻirchoq

Bolalar oʻyinlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Daruma Otoshi.

Koʻpgina bolalar oʻyinlarida Daruma haqida eslatib oʻtiladi, jumladan, qor odamlari Yukidaruma (yaponcha: 雪だるま) deb ataladi, tom maʼnoda bu qor daruma degan maʼnoni bildiradi. Ehtimol, shakli Daruma bilan oʻxshash boʻlgani sababli shunday deb atalishi ham mumkin. Yaponiyada qorbolalar odatda uchta emas, ikkita yumaloq qortoʻpidan yasaladi[5]. Darumasan ga Koronda oʻyini Amerikaning Qizil chiroq/Yashil chiroq oʻyiniga juda oʻxshash oʻyin turi hisoblanadi. Daruma Otoshi (yaponcha: だるま落とし?) – anʼanaviy oʻyin turi boʻlib, unda daruma qoʻgʻirchogʻi bilan besh qismga boʻlingan, odatda kamalak ranglaridagi (yuqoridan pastgacha: bosh – erkak yuzi, koʻk, yashil, sariq, qizil qismlardan iborat) oʻyinchoq boʻlaklari boʻladi. Oʻyin rangli boʻlaklarning har biriga kichik bolgʻacha yordamida zarba berib, ularni tushirishga asoslanadi. Oʻyin davomida uning qismlarini toʻliq buzib yubormaslik asosiy qoida hisoblanadi.

Ommaviy madaniyatda

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Pokemon oʻyinida Darumaka va Darmanitan obrazlari Daruma qoʻgʻirchogʻi asosida yaratilgan.

As the Gods Will filmi va uning davomiy qismlari boʻlmish mangada Daruma qoʻgʻirchogʻi oʻrta maktab sinfini Darumasan ga Koronda oʻyinini oʻynashga majbur qiladi, unda talabalar gʻalaba qozonish uchun qoʻgʻirchoqning orqa tomonidagi qizil tugmani bosishlari kerak boʻladi. Qoʻgʻirchoqning qoʻliga tushgan talabalar muqarar oʻlimga uchraydilar.

  1. „WE LOVE DARUMA – About Daruma Dolls“. www.welovedaruma.com. 2018-yil 28-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 28-avgust.
  2. Chapin, Helen B. „Three Early Portraits of Bodhidharma“. p. 93
  3. Emmanuel Francis (2011), The Genealogy of the Pallavas: From Brahmins to Kings (Wayback Machine saytida 2018-06-03 sanasida arxivlangan), Religions of South Asia, Vol. 5, No. 1/5.2 (2011)
  4. Jorgensen 2000.
  5. „Netsuke in the form of a boy rolling a yuki daruma, or snowman“. collections.ashmolean.org. Qaraldi: 2021-yil 15-fevral.