Kontent qismiga oʻtish

Darveshxon

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Darveshxon (Darvesh sulton) (?—1578-yil dekabr) — Toshkent va Turkiston hokimi (1556—1578). Shayboniylar oʻzbek sulolasi vakili. Mirzo Ulugʻbek va Suyunchxoʻjaxonlarning avlodi. Baroqxonning (Navroʻz Ahmadxonning) toʻngʻich oʻgʻli. Ukasi Bobo sulton bilan birgalikda Movarounnahrda hukmron boʻlish uchun Buxoro xonligi hukmdorlari Iskandarxon va Abdullaxon IIlarga qarshi urushlar olib borgan. Xususan, 1557-yil Ilonoʻtti mavzeida Abdullaxon II qarshi jang qilgan. Unda Abdullaxon II Darveshxonga yordamga oshiqqan Bobo sulton qoʻshinini Darveshxon bilan birlashishiga yoʻl qoʻymay, ularni alohida-alohida yenggan. Darveshxon bu magʻlubiyatdan soʻng bir muncha vaqtgacha Abdullaxon II bilan ittifoqlikda boʻlgan, jumladan, Abdullaxon IIning Xurosonga qilgan yurishida (1567) Darveshxon oʻz birodari (ukasi) Tohir sultonni koʻp qoʻshin bilan yordamga yuborgan. Biroq Bobo sulton Abdullaxon IIga boʻyin egmay kurashni davom ettirgan, u 1578-yil qishida Toshkentda isyon koʻtarib Darveshxonni qatl etgan. Bundan xabar topgan Abdullaxon II Darveshxonning oʻchini olish bahonasida Toshkentga yurish qilib, Chirchiq jangida (1579-yil 18-aprel) Bobo sulton qoʻshinini tor-mor keltirgan. Bobo sulton Turkistonga qochib ketgan.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • Axmedov B.A., Istoriya Balxa, T., 1982; Istoriya Oʻzbekistana, t.Z, T., 1993; Materiali po istorii kazaxskix xanstv XV— XVIII vekov, Alma-Ata, 1969.
  • Hofiz Tanish Al-Buxoriy, Abdullanoma, 1- va 2-kitob, T., 1999—2000.