Davlat tasarrufidan chiqarish
Davlat tasarrufidan chiqarish — davlat korxonalarini jamoa, ijara korxonalariga, aksiyali jamiyatlarga, masʼuliyati cheklangan jamiyatlarga, davlatga qarashli mulk boʻlmagan boshqa korxonalarga aylantirish. Mulkni D.t.ch. (yoki xususiylashtirish) davlat korxonasi asosida xususiy va aralash mulk shakllarini vujudga keltirishda namoyon boʻladi.
SSSR parchalanganidan keyin Sharqiy Yevropa va MDH davlatlarida bozor iqtisodiyotiga oʻtishda D.t.ch. iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda bosh yoʻnalish sifatida tanlandi. Oʻzbekistonda mulkni D.t.ch. iqtisodiy islohotlar borasidagi dastlabki qadamlardan biri boʻldi. Samarali, ijtimoiy yoʻnalishga ega boʻlgan bozor iqtisodiyotini vujudga keltirish maqsadida davlat mulkini D.t.ch.ning tashkiliy-huquqiy asoslari belgilab berildi va ular OʻzRning "Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish toʻgʻrisida" (1991-yil 19 noyabr.), "Oʻzbekiston Respublikasidagi korxonalar toʻgʻrisida"gi (1991-yil 15 fevral) qonunlarida va ular asosida chiqarilgan boshqa qonun hujjatlarida oʻz aksini topdi. Mamlakatdagi mavjud davlat mulki obʼyektlari toʻliq yoki qisman davlat tasarrufidan chiqarilishi (yoki xususiylashtirilishi) mumkin. Oʻzbekistonda yer, yer osti boyliklari, suv, oʻsimlik va hayvonot dunyosi, boshqa tabiiy resurslar, madaniyat boyliklari, tarixiy yodgorliklar davlat tasarrufidan chiqarilmaydi. Davlat oʻz tasarrufidan chiqargan xoʻjalik subʼyektlari faoliyatiga aralashmaydi va mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar ularga xoʻjalik faoliyati olib borish uchun teng ququqiy va iqtisodiy shart-sharoitlar yaratib beradi (qarang Davlat mulkini xususiylashtirish). Korxonalar oʻz faoliyatini va istiqbol rejalarini mustaqil rejalashtiradi, davlat ehtiyojlari uchun shartnoma asosida mahsulot yetkazib beradi.
Abdulla Abduqodirov.
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |