Kontent qismiga oʻtish

Dehli sultonligida ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Dehli sultonligida ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot. Musulmon istilochilari Hindistonni zabt etib, u yerda o'z hukmini o'rnatishdi. Dehqonlar bilan feodallar o'rtasidagi munosabatlar biroz o'zgarganini inobatga olmaganda ahvol eskiligicha qolaverdi. Birinchi navbatda davlatning yerga egaligi kuchaydi. Xalqqa hukm o'tkazishda ko'p sonli armiyadan foydalanildi. Davlat yerlari ikki turga bo'linardi - xolja va iqta. Bu yerlardan tushgan soliq daromadining asosiy qismini sultonning o'zi, qolgan qismi esa saroy ayonlari - zodagonlar, mansabdorlarga pul yoki natura holida berilardi, o'rmon va yaylovlarning ayrimlari ham davlat qaramog'ida edi. Dehli saltanatida (ayniqsa Feruz Tug'loq paytida) sultonga qarashli xo'jaliklarda qullardan ham foydalanilar edi. Iqta harbiy boshliqlarga xizmat burchini o'tash evaziga berilardi. Bunday yer egalari iqtador yoki muqta deb atalardi. Ammo vaqt o'tishi bilan iqta yerlari mulk yoki in'om nomi bilan feodal yer egaligiga aylanishi mumkin edi. Iqtadorlar yig'ilgan soliqlarning mo'maygina qismini davlat xazinasiga topshirardilar. Soliqlar natura yoki pul shaklida to'planardi. Yig'ilgan soliqlarning bir qismi iqtadorga va unga yollangan askarlarga tegardi Dehli saltanatida yana bir turdagi xususiy yer egaligi - vaqf ham mavjud edi. Bunga birinchi galda machit va madrasalar, muqaddas qadamjolar kirardi. Nihoyat, yerga egalikning yana bir shakli mulk deb atalib, ular shayxlar, musulmon ulamolari, din peshvolari, shoirlar, ayrim amaldorlar va savdogarlarga berilardi. Dehli saltanati davrida uning hududida hindu zamindorlari, jumladan rajrutlarning yerlari o'z egalarida qoldirildi. Vaqt o'tishi bilan xolisa yerlari keskin qisqardi, shartli ravishda berilgan yerlar, ya'ni iqta ustidan davlat nazorati asta- sekin susaydi. XV asrga kelib iqta in'omga, ya'ni xususiy yer egaligiga aylana boshladi. XVI asrda davlat boshqarish tizimidagi tanazzul va feodallarning o'zboshimchaligi oqibatida qishloq aholisining ahvoli battar bo'ldi. Dehqonlarning ekin maydonlarining ochilishi ochiq-oydin ko'rsatadi. O'lkada yangi- yangi qishloqlar paydo bo'ldi. Qunt bilan yerga ishlov berish davom etdi. Haydalgan yerlarning ko'pi sug'orilmaydigan bòlgani sababidan ulardan olinadigan hosil musson yomg'irga boģliq edi.Dehli hukmdorları sug'oriladigan yerlar maydonini kengaytirish choralarini ko'rardi. Masalan, Dehli atrofida katta suv omborlari Hovuzi Shamsi va Hovuzi Xos qurildi. Bu hovuzlar kattaligi bilan o'z vaqtida Amir Temurni lol qoldirgan edi: uning bir qirg'og'idan otilgan kamon o'qi ro'parasidagi qirg'oqqa yetib bormas edi. Feruzshoh Satlej va Jamna daryolari vohasida uzunligi 180–200 km keladigan kanallar qurib, yirik yer maydonlariga suv chiqardi. Bir qator viloyatlarda, jumladan Sind, Duobda ekinlardan. bir yilda 2 marta hosil ko'tarishgan. Kuzgi hosil (harif) yig'ib olingan va taxminan ikki oydan keyin bahorgi hosil (rabi)ni yig'ib olishardi. Asosiy don ekinlaridan bo'lgan gurunchdan bir yilda 3 marta hosil olish mumkin edi. Hindistonda gurunchning 21 navi mavjud bo'lgan. Shuningdek, bu o'lkada bug'doy, arpa, no'xat, 110 mosh kabi bahorda yetiladigan donlar keng tarqalgan edi. Poliz ekinlaridan qovoq, sabzi, piyoz, tarvuz, qovun, bodring, meva daraxtlaridan apelsinning bir necha navi, mango, anorning shirin va nordon xillari bo'lardi. Uzumning 7 turi yetishtirilardi. Bundan tashqari shaftoli, qizil va oq tut, limon, mandarin va boshqa mevalar ham keng tarqalgan edi. Shimoliy va Shimoliy-G'arbiy Hindistonda texnika ekinlaridan kunjut, tamaki, shakar qamishi yetishtirilardi. O'rta asrlarda hind hunarmandlarining mahsulotlaridan shoyi va ipak matolar, gilamlar tayyorlangan. Kasb-hunar iqtisodning asosiy ko'rinishi bo'lib, ishlab chiqarishga aloqador hamma jarayonlarni hunarmand mustaqil yoki oila a'zolarining yordamida bajarar edi. Tarixiy manbalarga qaraganda, Dehli saltanatida hunarmandlar soni ko'paygan, ko'proq tikuvchilar, qurol-aslaha ustalari, misgarlar va boshqalar mavjud edi. Shahar hunarmandlari o'zlari tayyorlagan buyumlarini o'z joyida yoki bozorga olib chiqib sotardilar. Shuningdek, tosh yonuvchi, g'isht teruvchi va quruvchilik sohalari keng tarqalgan edi.Dehli sultonlari saroy ayonlari ehtiyojlari uchun vaqti-vaqti bilan yirik hunarmandlar ustaxonalarini tashkil etib turishardi, ularni korxonalar deb atashardi. Chunonchi, Aloviddin korxonalarida 17 ming hunarmand va 7 ming quruvchi xazina hisobidan ta'minlangan holda ishlagan. Muhammad Tug' loq korxonalarida to'quvchilarning o'zi 4 ming kishini tashkil etardi. Boburiylar Hindistonni egallagach, mamlakatning musulmon Sharqi bilan savdo aloqalari kengaydi. Dehli sultonlariga tegishli tangalar nafaqat Eron yoki O'rta Osiyo, balki Volga bo'yida ham topilgan. Dehli davlati armiyasining asosi otliq askarlardan iborat bo'lgani bois otlarni Hindistonga olib kelib sotish hind importining muhim manbaiga aylandi. Hindistonda yaylovlarning kamligi sababidan u yerda umuman otlar boqib ko'paytirilmasdi. Biroq tez orada mo'g'ullarning Eron va O'rta Osiyoga kelishi va shaharlarni vayron qilishi hind karvon savdosining pasayishiga olib keldi. Dehli saltanatining qadimdan yirik dengiz savdo yo'lida joylashgani va Dekan portlariga chiqish imkoniyati katta aha miyatga ega edi. Hindiston ip-gazlama, shoyi, oliy sifatli matolar, qurol-aslahalar, zeb-ziynatlar, oltin, kumush va misdan yasalgan asbob-anjomlar, uy-ro'zg'or idishlarini chetga chiqarardi. Qul savdosi oddiy hol edi. O'rta Osiyo va Erondan asir olinganlarni Hindistonga haydab kelib sotishardi. Shuningdek, hind rojalari ham qo'l ostidagi bechorahol odamlarni qullarga aylantirib, ularni asosan uy xizmatkorlari sifatida ishlatishardi.

Manba[1].

  1. t.f.d., prof. Giyosov Temur G'iyosovich s.f.n. Abdullayev Nodir Abdulhayevich t.f.n. Abdullayev Ulug'bek Artikbayevich Qodirov Zikrilloxon Musaxonovich.